Xususiy maktablar kerakmi?
SUPER MATEMATIKA
HA. Agar yoshlarning bilimli bo'lishini, bu yo'lda barcha imkoniyatlarni ishga solishni istar ekanmiz, xususiy maktablar albatta kerak.
Ko'pchilik bunga ta'lim biznesga aylanib qolmasmikan, degan xavotir bilan qaraydi. To'g'ri, xususiy maktab faoliyatini tadbirkor odam yo'lga qo'yadi va bu maktabga ko'proq o'quvchi jalb etishni istaydi. Buning uchun esa uning maktabi boshqa maktablarga qaraganda har tomonlama zamon talablariga javob berishi kerak bo'ladi. Dars o'qitishda esa mahoratli o'qituvchilar, lozim bo'lsa, fan nomzodlari, doktorlarni ham jalb etadi. Negaki, bunday maktablarni ota-onalar farzandlari yaxshi o'qishi, kelajakda oliy ta'lim muassasalariga qiynalmay kirishi uchun tanlaydi. To'g'rirog'i, bunday maktab o'quvchilari boshqa maktab o'quvchilariga qaraganda bilimliroq bo'lishi lozim.
Bekorga repetitorlarga to'xtalganimiz yo'q. Gap shundaki, xususiy maktablar buning o'rnini to'liq bosa oladi. Qolaversa, hammasi qonuniy. Bunga nima yetsin. Bugungi kunda ko'pgina ota-onalar farzandlarini 5-6 sinfdan boshlab repetitorga yuborishlarini hisobga olsak, xususiy maktablar endilikda har qachongidan ham ko'proq kerak. Tasavvur qiling. Har kuni farzandingiz maktabdan kelib, ingliz tili repetitorining oldiga — Sartepaga, o'zbek tilidan tayyorlanish uchun universitet xiyoboniga va tarix fani repetitorini yo'qlab Dahbed ko'chasiga borgani ma'qulmi yoki o'sha o'qiydigan maktabining o'zida puxta bilim olib, uyga qaytganimi?
Yana bir masala. Byudjetdan ta'lim uchun katta mablag' sarflanadi. Bitta maktab sarf-xarajatlari ham ozmunchani tashkil etmaydi. Tabiiyki, xususiy maktab boshqaruvchisi barcha xarajatlarni o'z gardaniga oladi. U ham o'quvchilarni zamonaviy jihozlar bilan, darsliklar va qo'llanmalar bilan ta'minlashga harakat qiladi. O'quvchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratishni, yaxshi o'qitishni, shu y´l bilan biznesi gullab-yashnashini istaydi. Buni sog'lom raqobatning vujudga kelishidan boshqa narsa emas. Xullas, xususiy maktablar ochish vaqti allaqachon keldi.
Aytgancha, eng muhimi – xususiyaktab o'qituvchilarini majburimy mehnatga hech kim jalb etolmaydi.
Anvar MUSTAFOQULOV.
YO'Q. Xususiy maktablar haqida gap ketganda, bir narsani unutmasligimiz zarur. Ya'ni, ba'zi bir ota-onalar daromad ortidan quvib, farzandini savdoga yuborish uchun maktabdan olib qolishning ming bitta yo'lini izlab turgan bir sharoitda xususiy maktablar maydonga kelsa-ya! Bunday ota-onalarning xususiy maktab direktori bilan “kelishib” attestatni “naqd” qilgan holda bolasini umuman maktabga yubormay qo'yishi kerakmi bizga?
Istaymizmi yo'qmi, tartib, natija va yutuqlar nazorat bor joyda bo'ladi. Xususiy maktablar esa tabiiyki, nisbatan davlat nazoratidan xoli. Aytaylik, xususiy maktab rahbari o'quvchilarning yuqori bilim olishini istaydi, ma'qul. Ammo biznesmen o'zining maktabida o'qiyotgan o'g'il-qizlarning vatanparvarlik g'oyalari asosida voyaga yetishidan manfaatdormi? Yoki u o'quvchilarning turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishini judayam istaydi, deb kim ayta oladi? Bizga nafaqat bilimdon, balki yuksak ma'naviyatli yoshlar kerak.
Davlat maktablarida o'quvchining har tomonlama barkamol bo'lishi maqsad qilingan. Xususiy maktablar uchun esa ularning oliygohga qabul qilinishi muhim.
To'g'ri, ba'zilar “Mana, Yevropa, Amerikada xususiy maktablar ko'p, ularda o'qitish samaraliroq-ku”, degan fikrga boradi. Birinchidan, yurtimizdagi 8-sinf o'quvchisining bilimi Amerikadagi 8-sinf o'quvchisinikidan kam emas. Bu gapni soha xodimlari ham ko'p ta'kidlashdi. Qolaversa, bizda ¢arbning o'sha xususiy maktablaridagi kabi giyohvand o'quvchilar yo'q. Voyaga yetmaganlar o'rtasida sodir etilgan jinoyatchilik holatlari bizda sezilarli darajada kam. Ma'naviyatsizlik ham.
Demak, xususiy maktabdan ko'ra, davlat tasarrufidagi maktablar biz uchun foydaliroq.
I.SULTONMAHMUDOV.
Manba: upost.uz
@SUPER_MATEMATIKA - Obuna bo'ling!