"Hududgazta'minot" AJ xonadonlardagi uy ichi gaz jihozlarini monitoring qilish va ularga servis xizmat ko‘rsatish dasturini ishga tushirmoqda

"Hududgazta'minot" AJ xonadonlardagi uy ichi gaz jihozlarini monitoring qilish va ularga servis xizmat ko‘rsatish dasturini ishga tushirmoqda

“Hududgazta’mingot” AJ matbuot xizmati

“Hududgaz Raqamlashtirish” filiali xodimlari “HGT Service” dasturiy ta'minotni - gaz uskunalarining holati to‘g‘risida batafsil ma'lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishni nazorat qilish texnologiyasini ishlab chiqdilar.

Ushbu dastur gaz uskunalarini kundalik hayotda ishlatishda iste'molchilar xavfsizligini ta'minlashga, gaz ta'minoti tizimi xodimlari tomonidan gaz jihozlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiy xizmatlar sifatini baholash va o‘zaro hisob-kitoblarni naqd pulsiz amalga oshirishga qaratilgan.

Iste'molchilarga qulaylik yaratish uchun ishga tushirilayotgan yangi dasturiy ta'minot abonentning shaxsiy ma'lumotlari, xonadon geolokatsiyasi va telefon raqami kabi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, dasturga iste'molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risida ma'lumotlar kiritilgan. Dasturning yana bir xususiyati shundaki, u xizmat sifatini baholash yoki shaxsiy kabinet orqali iste'molchining shikoyatini uzatish imkoniyatiga ega.

“HGT Service” dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste'molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi va buning to‘g‘risidagi xabar xizmat tugagandan so‘ng darhol iste'molchining telefoniga keladi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda sohaning 2,5 ming nafardan ortiq xodimlari o‘z malakasini oshirib, gaz uskunalariga yuqori sifatli texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish, gaz tarmoqlarining germetikligini tekshirish, ularni sozlash, tozalash hamda gazni tartibga solish punktlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish, gaz plitalari va qozonlarni o‘rnatish va ta'mirlash, ularni mavsumga mos ravishda sozlash, ishga tushirish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, iste'molchilarning gaz tarmoqlarini loyihalash va gaz ta'minoti sohasidagi boshqa turdagi texnik ishlarni amalga oshirishga qodir.

Fursatdan foydalanib, “Hududgazta'minot” AJ iste'molchilarga gaz ta'minoti yuqori xavfga ega bo‘lgan soha ekanligini, gazdan foydalanish alohida e'tibor talab qilishini hamda gaz jihozlari doimiy profilaktika va texnik xizmatga muhtoj ekanligini eslatib o‘tadi. Ushbu xizmatlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi iste'molchilarga gaz jihozlari to‘g‘ri ishlayotganligiga amin bo‘lish, ularni to‘g‘ri ishlatish yuzasidan yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalarini olish, gaz sizib chiqishi holatlarini aniqlash va bartaraf etish orqali ortiqcha gaz hisobi yuritilayotganligini tekshirish, dudburonlar diagnostikasi va tekshiruvini amalga oshirish, gaz uskunalarini tasdiqlangan texnik normalarga muvofiq o‘rnatishga imkon beradi. 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda hovli uylarda gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish davriyligi yiliga kamida bir marta, ko‘p qavatli uylarda – ikki yilda bir marta etib belgilangan. Iste'molchining xohishiga ko‘ra, gaz ta'minoti tashkilotlari xodimlari gaz ta'minoti sohasida qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga tayyor. Bu bo‘yicha tegishli arizani 1104 qisqa raqami orqali yagona Koll-markazga qo‘ng‘iroq qilish yoki iste'molchining shaxsiy kabineti orqali qoldirish mumkin.



Report Page