Xorijdagi tumandoshlarimiz bilan onlayn muloqot o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rahbarligida Toshkent viloyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda mehnat migratsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilishda chet elda mavsumiy ishlarda ishlab qaytgan va yana ketish niyatida bo‘lgan fuqarolar hamda bu yil ish topa olmagan yoshlar uchun yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish va xorijiy tillar o‘qitish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida Zangiota tumani hokimi Erkin Rustamov boshchiligida sektor rahbarlari va tegishli hokim o‘rinbosarlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali xorijdagi fuqarolar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda 30 nafardan ziyod fuqaro ishtirok etib, mutasaddilar mehnat migratsiyasida faoliyat yuritayotgan tumandoshlarimizning takliflari, murojaatlari va muammolarini tingladilar.
Suhbat davomida xorijdagi fuqarolarni Vatanga qaytarish, ularni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish va daromadli bo‘lishlariga yordam berish bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Ushbu tashabbuslar orqali hokimiyat xorijdagi fuqarolar bilan aloqalarni mustahkamlash va ularning iqtisodiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlar qo‘ymoqda.