Xon atlas — milliyligimiz timsoli

Xon atlas — milliyligimiz timsoli


Atlas, adras, beqasam, shoyi kabi koʻzni quvnatadigan, yorqin ranglari, takrorlanmas naqshlari bilan kishiga xush kayfiyat bagʻishlaydigan milliy matolarimiz butun dunyoga mashhur. Xon atlas-u adraslar haqida soʻz ketar ekan, albatta, bu borada Margʻilon maktabini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. 

Maʼlumki, har yili sentabr oyining oxirida mamlakatimiz boʻylab “Xon atlas” festivali oʻtkaziladi. 28-sentabr esa “Xon atlas kuni” sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ham ushbu kun munosabati bilan “Xon Atlas — milliyligimiz timsoli” mavzusida festival tashkil etildi.

Festivalni vazir oʻrinbosari Gulnora Raximova kirish soʻzi bilan ochib berdi. “Milliy madaniyatimizning koʻzgusi boʻlgan atlas-u adras matolarimizdan tayyorlangan liboslar oʻzbek ayollari chiroyiga chiroy, husniga husn qoʻshishi tabiiy”, — deya taʼkidladi G. Raximova.

Shundan soʻng vazirlikning Xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi Gulnora Meliboyeva soʻzga chiqib, yurtimizda ayollarga boʻlgan eʼtibor, milliy qadriyatlar oʻchogʻi boʻlgan oila va mahalla institutlarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Moʻminova ishtirok etdi.

Zulfiya Moʻminova yigʻilganlar eʼtiboriga atlas va adras matolari haqida qiziqarli maʼlumotlarni ulashdi. Shuningdek, shoiraning oʻz ijodiy xazinasidan oʻqilgan sheʼrlar bayramga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. 

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2017-yilda oʻzbek ipak matolarini toʻqish texnologiyasi UNESCO’ning insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani milliy matolarimizning jahon miqyosidagi yuksak oʻringa ega ekanini anglatadi. Bugungi kunda yoʻqolib borayotgan anʼanalarni asrab-avaylash, jumladan, tarixiy matolarni qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

Milliy maʼnaviyatimizni tarannum etgan bu yilgi festival vazirlikda oʻzgacha shukuhda tashkil etilib, ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi 

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi



Report Page