Xoja (1480-1547)
9-sinf adabiyot. Islom Bo‘riyev. T/me/@onatilirgnXojaning to‘liq ismi Poshshoxoja ibn Abdulvahhobxoja bo‘lib, millatimiz tarixida davlat va din arbobi, lirik va epik janrlarda birdek barakali ijod qilgan betakror adib sifatida alohida o‘rin tutadi. Toshkentlik mashhur avliyo Zangi Ota avlodlaridan. 1480- yilda Ashxobod yaqinidagi qadim Niso shahrida shayxulislom Abdulvahhobxoja oilasida tug‘ilgan. Dastlab otasidan, so‘ng e’tiborli murabbiylardan tahsil olgan Poshshoxoja yigitlik bo‘sag‘asidayoq davlat xizmatiga kirishadi, ya’ni 16 yoshida temuriylar saroyida ishlay boshlaydi. Keyinchalik shayboniylar hukmronligi davrida Nisoga tegishli Darun viloyatiga hokim, Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida saroy mulozimi vazifalarida ishlaydi.1529- yilning kuzidan Navoiyning kindik qoni to‘kilgan Hirotning, 1534- yildan esa Balx shahrining shayxulislomi vazifasiga tayin etiladi. Umrining so‘nggi yillarida davlat ishlaridan iste’fo bergan adib Buxoroga qaytadi va butun borlig‘ini badiiy ijodga, xalqning ma’naviy tarbiyasiga bag‘ishlaydi. Xoja 1547- yilda Buxoroda vafot etadi va Bahouddin Naqshband qabri yonida dafn qilinadi.
Xoja XII asrda Buxoroda Abduxoliq G‘ijduvoniy asos solgan mashhur “xojagon” silsilasining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan edi. Bu silsila dunyoga Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Abdurahmon Jomiy kabi ko‘plab dovruqli murshidlarni yetkazib bergan. Xojaning o‘g‘li Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob” asarida otasining qilgan ishlari, hayot tarzi, axloq-sajiyasi haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Darhaqiqat, Xojaning mavqeyi zamonasida baland bo‘lgan. Bu birgina uning nasl-nasabi sababidan emas, ilmi, fe’li, adolati tufayli ham edi. XVI asrning mashhur shaxslaridan “Maxdumi a’zam” nomi bilan shuhrat qozongan Xojagi Kosoniy Xoja haqida fikr yuritib, “shahbozi balandparvoz” (baland uchuvchi lochin) deb baholagan ediki, bu bejiz emas. “Muzakkiri ahbob” muallifi Xojaning fazilatlari haqida so‘z yuritib, she’r ilmini, insho (yozishma san’ati)ni mukammal bilganini xabar qiladi. Jumladan, podsholikning chet ellarga jo‘natiladigan xatlarini ham ko‘pincha shu kishi yozgan ekan. Adabiy merosi. Nisoriy uning turkcha va forscha devon tartib qilganini xabar beradi. Biroq bu devonlar bizgacha yetib kelgan emas. Taqdiri noma’lum. Nisoriy keltirgan turkiy va forsiy baytlar, haqiqatan ham, Xojaning iste’dodli shoirlardan bo‘lganini ko‘rsatadi.
Xususan, bir g‘azalini Zahiriddin Boburga yuborganini va she’r unga ma’qul bo‘lib, maqtaganini qayd etib o‘tadi. Mana o‘sha she’r:
Kunduz avqotim sening hajringda nolon kechadur,
Kecha ham zulfung kabi holim parishon kechadur.
Anbarin zulfung xayolidin ko‘zumga, ey pari, Yil-u oy-u soat-u kun bori yakson kechadur.
Ulki, jondin kechadur, sham’i visolingni ko‘rub. Vah, na xush vaqt-u na xush soat na oson kechadur.
Ravshan o‘lg‘ay davlati vaslida hijron oqshomi, Gar gunohimdin bilib, ul mohi tobon kechadur.
Xoja yanglig‘ nola qil, zulfi g‘amidin kechalar Kim, mahali nola-vu faryod-u afg‘on kechadur.
Darhaqiqat, she’r yuksak san’atkorlik bilan yozilgan. Shoir so‘zlarning ma’no va ohang tovlanishlaridan juda ustalik bilan foydalangan. Masalan, g‘azalda radif bo‘lib kelayotgan “kechadur” ko‘p o‘rinlarda ikki ma’noda kelyapti. Uchinchi-to‘rtinchi baytlarda bular yoniga “voz kechmoq”, “gunohini kechmoq” ma’nolari ham qo‘shilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, butun she’rni birgina so‘z — “kechadur” har maqomga solib o‘ynatmoqda. Bu juda nozik, yuksak mahorat talab qiladigan ishdir. Dastlabki baytlariga ko‘z tashlaylik. She’rning har bir misrasi bir necha xil ma’no ifodalaydi. Jumladan, matladagi ilk misraning birinchi ma’nosi: kunduzi vaqtim sening hajringda nola bilan o‘ta (kecha)di. Ikkinchi ma’nosi: kunduz kunim sening hajring tufayli nolalarga to‘la qora tun (kecha)dir. Birinchi misrada oshiqning kunduzgi holati ifodalangan bo‘lsa, keyingi misrada tun (kecha)dagi to‘lg‘onishlari aks etgan. Misraning birinchi ma’nosi: Bu kecha zulfing kabi holimni parishon qilgan kecha (tun)dir. Ot so‘z turkumiga mansub “kecha” so‘zi misraning boshi va oxirida ega va ot kesim munosabatida takror qo‘llanyapti. Shu misraning ikkinchi ma’nosi: kechasi mening holim zulfing kabi parishonlikda o‘ta (kecha)di. Misra boshidagi “kecha” – ot so‘z turkumi, misra oxiridagi so‘z esa – fe’l, ega va fe’l kesim munosabatida. Misrani boshqacharoq, ya’ni kechasi holim zulfing kabi parishonlikda o‘tadi ma’nosida talqin qilsak, bu so‘zlar orqali hol va fe’l kesim munosabati yuzaga keladi. Bu yerda zulf so‘zi o‘ziga salmoqli badiiy yukni olmoqda: qora zulf kabi kecha qorong‘u, yoyilgan zulf kabi oshiq holi parishon. Radif bo‘lib kelayotgan “kechadur” so‘zlari orqali yuzaga keltirilayotgan badiiy san’atlarga e’tibor bering: bu so‘z ifodalayotgan ikkala misradagi birinchi ma’nolar ham, ikkinchi ma’nolar ham o‘zaro shakldosh bo‘lib, tajnis san’atini yuzaga keltirmoqda. Aynan bir so‘zni ifodalagan birinchi va ikkinchi ma’nolarda esa takrir san’ati hosil qilingan. Ikkinchi baytning birinchi ma’nosi: ey pari, anbar hidli qop-qora sochlaring xayolida yil, oy, soat, kunning bari ko‘zim oldida bir xil (yakson), ya’ni qop-qora kecha (tun)dir. Ikkinchi ma’nosi: ey pari, anbar hidli qop-qora sochlaring xayolida yil, oy, soat, kunning hammasi ko‘zimga bir xil (yakson), ya’ni vayrona kabi kechadir (o‘tadi). Shu baytning uchinchi ma’nosi: “yakson” (bir xil) so‘ziga “yil, oy, kun, soat birdek o‘tadi”, degan ma’no ham berish mumkin. Shunda birinchi aniqlovchi so‘z “yil” bo‘lganligi uchun hammasi birdek, ya’ni yildek o‘tadi degan mazmun kelib chiqadi. Shu tariqa g‘azalning har bir baytidan ko‘pdan ko‘p ma’nolarni uqish mumkin.
Xojaning “Maqsad ul-atvor” nomli bir dostoni ham yetib kelgan. Doston 1514–1520- yillarda Jonibek Sulton nomiga bitilgan bo‘lib, Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining birinchi dostoni “Maxzan ul-asror”ga nazira shaklida (ergashib) yozilgan. Xoja adabiyot tarixida ko‘proq hikoyalar muallifi sifatida qoldi. Uning bizgacha ikki hikoyalar to‘plami – Temur Sultonga bag‘ishlangan “Miftoh ul-adl” (“Adolat kaliti”), Kistan Qaro Odilga bag‘ishlangan “Gulzor” asarlari yetib kelgan. “Miftoh ul-adl” 1508–1510- yillarda, “Gulzor” 1538- yilda yozilgan. Har ikkisining birgalikda muqovalangan bir necha nusxasi saqlanib qolgan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. 1962- yilda ulardan ayrim namunalar chop etilgan.