Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi


Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati hamda Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi prezidenti Yang Szyantsyan boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: “CITIC Construction” Xitoyning eng yirik davlat moliya korporatsiyasi “CITIC Group”ning shu’ba korxonasidir. Tashkilot xalqaro injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: sanoat, infratuzilma, sport obyektlari, shuningdek, bosh shartnoma shartlari bo‘yicha ko‘chmas mulk obyektlarini qurish, BOT (Build-Operate-Transfer) shartlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, mexanik va elektron uskunalarni eksport-import tarzida yetkazib berish. Kompaniya MDH mamlakatlari, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Amerika, Yaqin Sharq va Afrikada loyihalarni amalga oshiradi.

Uchrashuvda, birinchi navbatda, yoʻl-transport va muhandislik infratuzilmasi, shuningdek, Oʻzbekistonda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish sohalarida qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hamkorlikning amalga oshirilishi suv resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlaydi va hududlarda transport infratuzilmasi imkoniyatlarini oshiradi.

Shuningdek, uchrashuv chogʻida sanoat, issiqlik taʼminoti va qishloq xoʻjaligi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari xususida fikrlar almashildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page