Xitoy kompaniyasi Oxangaronda jelatin ishlab chiqarish korxonasini barpo etmoqda

Xitoy kompaniyasi Oxangaronda jelatin ishlab chiqarish korxonasini barpo etmoqda


 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev “Profit Max Plus” kompaniyasi rahbari Li Hong Chang boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʼtkazdi. Muloqotda Xitoy kompaniyasining sarmoyasi asosida jelatin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish bilan bogʼliq tashkiliy masalalar muhokama etildi.

Qayd etish kerak, Xitoylik investor Toshkent viloyatining Oxangaron shahrida joylashgan erkin iqtisodiy zonada umumiy qiymati 8 mln. dollar boʼlgan jelatin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan invest loyihani amalga oshirmoqda. Shu kunga qadar loyihaning 60 foiz qurilish ishlari oʼz nihoyasiga yetdi. 2.5 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning ishga tushishi bilan oyiga 600 tonna jelatin ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Loyiha 2024 yilning 3-choragida ishga tushishi kutilmoqda.

 Uchrashuvda loyiha ishga tushishi bilan xom ashyoni yigʼish, toʼplash va qayta ishlash bilan bogʼliq masalalar muhokama etildi. Bu borada Uyushma tomonidan kompaniya vakillariga mamlakatimizdagi qonunchlik bazasi, soliq, bojxona imtiyozlari toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

 Xitoy tomoni mamlakatimizda yana ikkita invest loyihani amalga oshirishga qaratilgan biznes tashabbuslar bilan oʼrtoqlashdi. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga doir amaliy va tashkiliy masalalari atroflicha koʼrib chiqildi.



Report Page