Xavotir – ruhiy kasallik ko'rinishi bo‘lishi mumkinmi?

Xavotir – ruhiy kasallik ko'rinishi bo‘lishi mumkinmi?


Xavotir hissini hammamiz ham his qilib turamiz, bu normal holat. Lekin siz quyoshli kunda ham yomg‘ir yog‘ishi mumkinligidan cho‘chib tursangiz va shu o‘ylov bilan rejalaringizni o‘zgartirishgacha borsangiz, bu paytda sizdan rostdan xavotir olish kerak :)

Quyida xavotirlik buzilishlarining turli shakllari va simptomlarini ko’rib chiqamiz:

  • Umumlashgan xavotir buzilishi (UXB) – Generalized anxiety disorder (GAD)

Agar siz kundalik yumushlaringizni bajarish o’rniga vaqtingizni doimiy qo’rquvlar va bezovtalikka sarflasangiz yoki qandaydir yomon hodisa ro’y berishi mumkinligidan muntazam xavotirlanib tursangiz, sizda umumlashgan xavotir buzilishi rivojlanayotgan bo’lishi mumkin. Umumlashgan xavotir buzilishi bilan xastalangan insonlar deyarli har doim nimadandir xavotirda, bezovta bo’lishadi, ba’zan ulardagi bezovtalikning sabablarini o’zlari ham bilmaydi. Kasallikning simptomlari odatda jismoniy faoliyatdagi buzilishlar, masalan, uyqusizlik, me’da faoliyati buzilishlari, doimiy xavotir va charchoq bilan namoyon bo’ladi.

  • Vahima xuruji va vahimaga doir buzilishlar – Panic attacks and panic disorder

Vahima buzilishlari takrorlanuvchi, kutilmaganda ro’y beruvchi vahima xurujlari bilan namoyon bo’ladi, bunday paytda inson biror epizodni qayta yashab o’tishdan qo’rqadi. Agorafobiya, vahima xurujingiz boshlansa, sizga birov yordam berolmaydigan, siz qochib ketolmaydigan joylarda bo’lishdan qo’rqish hissi ham vahima buzilishlari oqibatida rivojlanadi. Agorafobiyasi bor bo’lgan insonlar katta savdo markazlari kabi odam ko’p bo’ladigan yoki samolyotdagidek tor joylardan qo’rqishadi. 

 

  • Obsessiv-kompulsiv buzilish (OKB) – Obsessive-compulsive disorder (OCD)

Obsessiv-kompulsiv buzilishlarda inson o’zi xohlamagan fikrlar kelishidan, boshqarib yoki to’xtatib bo’lmaydigan xatti-harakatlaridan qiynaladi. OKB bor bo’lgan insonlar o’zlarini erkin his qilishga qo’ymaydigan fikr doim bo’ladi, masalan, o’chirilmagan dazmol, qulflanmagan uy, esdan chiqqan kalitlar ehtimolini doim o’ylab yurishadi, ular o’zi bilmagan holda biror ishni bir necha marotaba keraksiz bo’lsa ham qaytarib turishi mumkin, masalan, ba’zilar qo’lini doimiy yuvib turadi.

 

  • Fobiyalar va irratsional qo’rquvlar

Fobiya bu odatda hech qanday zarar keltirmaydigan yoki xavotirga arzimaydigan aniq bir hodisa, obyektlardan noreal va bo’rttirilgan darajada qo’rqish. Keng tarqalgan fobiyalarga jonzotlardan (masalan, ilon yoki o’rgimchaklardan), balandlikdan yoki transportda uchishdan qo’rqishlar kiradi. Fobiyaning og’ir ko’rinishlarida inson qo’rquv obyektidan qutulish uchun hammasiga tayyor bo’ladi, iloji boricha qochishga harakat qiladi, afsuski, qochish fobiyaning yana-da kuchayishiga olib keladi.

 

  • Ijtimoiy xavotir buzilishi –  Social anxiety disorder

Agar siz boshqalarning siz haqingizdagi negativ fikriga chidolmasangiz, odamlar orasida kamsitilish, tanqidga uchrashdan qo’rqsangiz, sizda ijtimoiy xavotir buzilishi, ya’ni sotsiofobiya bo’lishi mumkin. Sotsiofobiyaga odatda haddan tashqari uyalish sifatida baho berilishi mumkin. Og’ir holatlarda inson barcha sotsial jarayonlardan qochib yuradi, aralashmaydi.

 

  • Post-travmatik stress (PTS) – Post-traumatic stress disorder (PTSD)

Post-travmatik stress travmatik yoki hayotga xavf soluvchi voqea-hodisalardan keyin rivojlanadigan og’ir xavotir buzilishi hisoblanadi. Bunga ma’lum vaziyatlarda kamdan kam ro’y beradigan, balki umuman ro’y bermaydigan vahima xuruji sifatida qarash mumkin. Holatning simptomlari bo’lib o’tgan voqeani eslatuvchi xotiralar yoki dahshatli tushlar, ogohlikning kuchayishi, tez qo’rqib qolish, bo’lib o’tgan voqeaga o’xshash jarayon, hodisalardan qochish ko’rinishida namoyon bo’ladi.


  • Ajralishdan (separatsion) xavotir buzilishi – Separation anxiety disorder

Bu holat odatda ulg’ayishning bir bosqichi sifatida namoyon bo’ladi, agar bu xavotir kuchayib, barqarorlashib borsa, oqibatda maktabga borish yoki boshqa mashg’ulotlar bilan shug’ullanishga xalaqit bersa, farzandingizda ajralishdan qo’rqish hissi, bunga doir buzilishlar mavjud bo’lishi mumkin. Bunday bolalar ularni otasi yoki onasidan uzoqlashtirishi mumkin bo’lgan narsalar haqida hatto o’ylashdan qo’rqadi, shu sababdan maktabga bormaslik yoki o’rtoqlari bilan o’ynamaslik uchun turli bahonalar o’ylab topadi.

 

Nargiza Toshpo‘latova tayyorladi

 

Kanal rivojiga hissa qo'shishni istasangiz, quyidagi karta raqamiga istagan miqdorda xayriya mablag'i o'tkazishingiz mumkin:

8600 0204 2089 6339

Kanalga ulanish: Psixologning qaydlari

 

 

 

Report Page