Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 575 mln AQSH dollarlik bitimlar imzolandi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 575 mln AQSH dollarlik bitimlar imzolandi

Axborot xizmati

O‘zbekiston Respublika delegatsiyasining Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlarida ishtiroki davomida Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 575 mln AQSH dollarlik bitimlar imzolandi.

1. Jahon banki ishtirokidagi “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish (Faza-2)” loyihasi doirasida 200 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi qishloqlarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltiriladi.

Mazkur loyiha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

2. “O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida 50 mln AQSH dollari statistika sohasida institutsional islohotlar va salohiyatni oshirish, statistika ma’lumotlarini shakllantirish va tarqatish jarayonlarini takomillashtirish, sohada uskuna va jihozlarni yangilashga yo‘naltiriladi. 

Jahon banki ishtirokidagi mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

3. “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasi doirasida 60 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar soliq idoralarining operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirishga yo‘naltiriladi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

4. OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan “O‘zbekistonning o‘tish davridagi rivojlanish siyosatini jadallashtirish” loyihasi doirasida Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 100 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.

5. Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Yashil iqtisodiyotga o‘tish” loyihasi doirasida Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 150 mln yevro miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlari 2022-yil 18–24-aprel kunlari Vashington shahrida (AQSH) o‘tkazilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda dunyoning barcha mamlakatlari rasmiy delegatsiyalari safida moliya va iqtisodiy taraqqiyot vazirliklari, markaziy banklar, investitsiya banklari va reyting agentliklari, fuqarolik va ilmiy jamiyat vakillari ishtirokida global iqtisodiyotdagi joriy holat va istiqbollari, kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy taraqqiyot, samarali o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda.

Bahorgi yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki vakillari bilan birga bir qator yirik xalqaro investorlar, investitsiya banklari va xalqaro reyting agentliklari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Report Page