Xalqaro maydondagi eksport salohiyati namoyish qilinmoqda

Xalqaro maydondagi eksport salohiyati namoyish qilinmoqda


Joriy yilning 5-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida “China international import Expo-2023” VI xalqaro ko‘rgazmasiga start berildi.

So‘nggi yillarda jadallik bilan rivoj topayotgan har bir sohada bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligida ham yangiliklar bisyor. Nihol o‘sishi va meva berishida ilmiy ishlanmalarning keng qo‘llanilishi natijasida ko‘pgina davlatlarda oziq-ovqat xavfsizligi choralarini ko‘rish yuksalmoqda. Yerga urug‘ qadagan mirishkorning har bir zahmatni yengillashtirish ustida bosh qotirilyapti. Bir emas, bir necha bora hosil olish yil davomida fermerlar oldiga qo‘yilayotgan maqsad bo‘layotir. Ushbu ko‘rgazma ham mana shu kabi yutuqlarni namoyishi sifatida tashrif buyuruvchilarga o‘z eshiklarini ochyapti. O‘zbekiston delegatsiyasi ham mazkur ko‘rgazmaga juda puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Mamlakatimiz iqtisodiy quvvatini namoyish etuvchi stenddan qishloq xo‘jaligi sohasi yutuqlari ham joy oldi. Pavilonimiz boshqalarnikidan ajralib turishi tabiiy. Ochilish marosimi va ilk kun tafsilotlari buni yaqqol tasdiqlamoqda.

Tashrif buyuruvchi mutaxassis va xaridorlar diqqatiga mikroko‘katdan tortib, turli iqlim sharoitlariga chidamli o‘simliklar, sabzavot va ekinlar, Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etilgan. Dunyo bozorlariga eksport hajmini yana-da oshirish maqsadida ko‘rgazmada “O‘zbek brendi” nomi ostidagi zaminimiz neʼmatlari namoyish etilmoqda. Faqat qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 62 turdagi eksportbop va sarxil mahsulotlar olib kelingani yuqoridagi fikrimiz dalilidir. Shu bilan birga yangi sublimatsiya usulida quritilgan 100 foiz organik mahsulotlar ham pavilon rastalaridan o‘rin oldi.

Mehmonlar O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum, nok, anor, anjir, poliz ekinlari va quritilgan mevalarga  juda katta qiziqish bildirishmoqda.

Indoneziya, Janubiy Koreya, Xitoy davlatining yirik kompaniyalari bilan ho‘l va quritilgan hamda qayta ishlangan meva-sabzavotlar, shuningdek, konserva, tabiiy mevalar sharbati, mineral suv, qandolat mahsulotlari va boshqalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mazkur mamlakat bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Ilk natija yomon emas: 2024-2025-yillarda 30 mln. dollarlik eksportni amalga oshirish bo‘yicha ilk kelishuvlarga erishildi.

Maʼlumot uchun: tadbirda 128 davlat va 2850 nafar tadbirkorlik subyektlari hamda 80 000 dan ziyod mehmonlarning tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, oziq-ovqat sanoati sohasida yangi mijozlar va hamkorlar topish uchun eng qulay platformalardan biri hisoblanadi



Report Page