Xalqaro ekspertlar ko‘magida Shahrisabz va Qamashi tumanlarini rivojlantirish master rejalari ishlab chiqilmoqda

Xalqaro ekspertlar ko‘magida Shahrisabz va Qamashi tumanlarini rivojlantirish master rejalari ishlab chiqilmoqda

EconomyPress

Iqtisodiy taraqqiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) ko‘magida jalb qilingan VDI/VDE/IT kompaniyasi tomonidan Shahrisabz va Qamashi tumanlarini rivojlantirish master rejalari ishlab chiqilmoqda.

Master reja hudud iqtisodiyotini o‘rta va uzoq muddatda aqilli rejalashtirishning muhim vositasi hisoblanib, u hududni rivojlanish yo‘nalishlari va ixtisoslashuvini, infratuzilmaga bo‘lgan extiyojini, aholi va tadbirkorlarning hoxish va istaklarini ro‘yobga chiqarish uchun amalga oshirish kerak bo‘lgan chora-tadbirlarni hamda tadbirkorlik uchun investitsiyalarni jalb qilish va yer ajratish imkoniyatlarini ko‘rsatuvchi hujjat hisoblanadi.  

Master rejani ishlab chiqish jarayoniga hududni rivojlantirishga aloqador bo‘lgan barchani, ya’ni markaziy idoralar, mahalliy hokimlik, mahalla, tadbirkorlar va aholi vakillari jalb etiladi va ular ushbu jarayonda bevosita qatnashadi.

Xalqaro ekspertlar mahalliy hokimlik bilan birgalikda joriy yilning aprel oyida hududlarning imkoniyatlari, ulardagi mavjud muammolar, “o‘sish nuqta”lari va salohiyatini joyiga chiqqan holda aniqlash hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki (diagnostik) o‘rganishlar olib bordi.

Ikkinchi bosqichda xalqaro ekspertlar joriy yilning 6-10-iyun kunlari Shahrisabz va Qamashi tumanlariga borib, o‘rganishlarni davom ettirmoqda.

Xususan, 8-iyun kuni Shahrisabz tumanida davra suhbatlari va seminar trening tashkil etilib, unda tumanning drayver sohalarini – turizm, qishloq xo‘jaligi, IT va xizmatlar sohalarini klaster usulida, ya’ni ularni bir biri bilan bog‘liq holda rivojlantirish ilgari surildi.

Shuningdek, unda mahalliy hokimiyat vakillari, hokim yordamchilari va mahalla raislari, aholi va tadbirkorlik subyektlari vakillari faol qatnashib, tumanni rivojlantirish yo‘nalishlari va ixtisoslashuvini aniqlashda o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bildirishdi.

Davra suhbatlari, seminar trening va o‘rganishlar natijalari asosida Shahrisabz va Qamashi tumanlari master rejalarining dastlabki varianti tayyorlanadi va iyul oyida ishbilarmon doiralar va mahalliy aholi bilan yana muhokama etiladi.

Master rejalarni ishlab chiqish yakuniga yetgandan so‘ng, ularni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Report Page