XXI ASR O‘QUVCHILARIDA QANDAY KO‘NIKMALARNI SHAKLLANTIRMOQ LOZIM?
XXI asrning 4 K belgisi haqida eshitganmisiz? Ular nima ekanligini bilasizmi? Kommunikatsiya, kollaboratsiya, kritika va kreativlik - bular to‘rtta K toifasi (Communication, collaboration, critical thinking and creativity) hisoblanib, bugungi kunda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalardir.
Bu ko‘nikmalar o‘quvchilar uchun juda muhim bo‘lib, ularga muammolarni hal etish, birgalikda ishlash va yechim topish imkoniyatini beradi.
Farzandingizning maktabda, qolaversa, kelajakda muvaffaqiyatga erishishi uchun ularda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirish o‘ta muhimdir. Xo‘sh, to‘rtta K nima va biz ularni o‘quvchilarga qanday o‘rgatishimiz mumkin?
1. Kommunikatsiya (communication): savol yordamida g‘oya hamda fikr almashish.
Bolalarga kommunikatsiya, ya’ni muloqot turli shaklda bo‘lishi mumkinligini o‘rgatish muhim hisoblanadi. Muloqot davomida faqatgina og‘zaki suhbat emas, balki qo‘l imo-ishoralari va yuz ifodasi kabi belgilar ham ahamiyatga ega. Hozirda raqamli texnologiyalar asrida yashayotgan ekanmiz, bolalarga raqamli makonga mas’uliyat bilan yondashishni o‘rgatish zamon talabidir.
2. Kollaboratsiya (collaboration): umumiy maqsadga erishish uchun birgalikda ishlash.
Hayotda muvaffaqiyatga erishish insonlardan birgalikda ishlashni talab qiladi. Bolalar ham kichik yoshidan o‘z muammolarini hal qilishni o‘rganishi kerak. Kichik yoshdagi bolalar boshqalarning nuqtai nazarini tushunishi biroz murakkablikni yuzaga keltiradi. Bu ko‘nikmalarni rivojlantirish ko‘p vaqt va mahorat talab etadi.
3. Kritika (Critical thinking): muammolarga nisbatan yangicha yondashuv.
Kritika, ya’ni tanqidiy fikrlashning bir qismi bu muammolarni hal qilish, aqlni charxlaydigan jumboqlarni yechish va "nima uchun?" deb savol berishdan iborat. Birgina tugmani bosish orqali ma’lumot olish mumkin bo‘lgan bugungi kunda ma’lumotlarning ishonchli yoki ishonchli emasligini aniqlay olish zarur.
4. Kreativlik (creativity): muammolarni hal qilishda yangicha yondashuvlarni sinab ko‘rish.
O‘quvchilarda san’atga qiziqish bo‘lsa, ko‘proq ijodkorlik haqida o‘ylaydi. Ijodkorlik noodatiy fikrlashni anglatadi va bu barcha sohada uchraydi. Yangi narsalarni sinab ko‘rishga undash orqali bolalarda ijodkorlikni rivojlantirish mumkin.
Bu ko‘nikmalar nima uchun muhim?
4 K ko‘nikmalari bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bolalar kelajakda muvaffaqiyatga erishishi uchun to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Ish beruvchilar aynan ushbu ko‘nikmalarga ega nomzodlarni qidirishadi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi Axborot xizmati