XOTIRA BOQIY – QADR MUQADDAS
Xotira.
Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. Yurtdoshlarimiz bu kunda o‘tganlar xotirasi va ularning ezgu ishlarini hurmat bilan yodga oladilar.
Bugun Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining barcha jamoasi tuproqshunoslik sohasida ilm yo‘lida sabr-bardosh bilan yosh olimlarga o‘rnak bo‘lib, umrining oxirgi kunlarigacha baxshida etgan marhum ustoz, biologiya fanlari doktori, professor Ramazon Qo‘ziyevni yaxshi fazilatlarini xotiralashadi.
Marhum, professor Ramazon Qo‘ziyevni qariyib 55 yillik mehnat faoliyati besamar ketmadi. Institutimizda uzoq yillar davomidagi o‘zining fidokorona mehnati bilan yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlanishiga ayniqsa, tuproqshunoslik fanini rivojlantirish, ona tuproqlarimizni muhofaza qilish, unumdorligini saqlash orqali qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat havfizligini ta’minlashga o‘z bilimi, umrini sarflagan insonlardan biridir.
Qo‘ziyev Ramazon 1949 yil iyul oyida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavvallud topgan. 1966 yilda Toshkent Davlat Universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakultetining tuproqshunoslik bo‘limiga o‘qishga kirib, 1971 yilda uni imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
Professor R.Qo‘ziyev 1973 yildan to umrining oxirgi 2020 yillar davomida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida Tuproqshunoslik va agrokimyo institutida kichik, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, bo‘lim mudiri va direktor lavozimlarida mehnat faoliyatini yuritdi.
Hozirgi kunda ustozni hamkasblari va ko‘plab shogirdlari qishloq xo‘jaligi fani, shu jumladan tuproqshunoslik, agrotuproqshunoslik, tuproq ekologiyasi, tuproq bonitirovkasi umuman olganda mamlakatimizda tuproqshunoslik sohasini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida yodga olishadi.
Albatta, hayotiy dunyoda yashab, o‘zidan ko‘plab yaxshiliklar qoldirgan, xalqning xizmatida kamarbasta bo‘lgan professor Ramazon Qo‘ziyevni eslash, qabrlarini ziyorat qilish va ularning haqlariga duolar qilish hammamizning insoniy burchimizdir.
Institut jamoasi