XORIJLIK MUTАXАSSISLАRNI QIZIQTIRGАN LOYIHА

XORIJLIK MUTАXАSSISLАRNI QIZIQTIRGАN LOYIHА

Milliy ofis

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi “Yoshlar akademiyasi”ning a'zosi hamda "Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni sovrindori “Xumo Casting Technologies” MChJ taʼsischisi Xamrayev Sanjar tomonidan vakuum asosida ishlaydigan “Xumo S1” uskunasi yaratilgan. Ushbu mashina rangli metall buyumlarni quyish uchun ishlatiladi hamda ularni maksimal sifatga erishishga imkon beradi. Hozirgi kunda ushbu uskunadan ko‘plab zargarlik sohasi bilan shug‘ullanadigan hunarmandlar foydalanmoqda va loyiha amaliyotga keng tatbig‘ etilganligi bilan ham etiborga molikdir.

Shishalarni shakllantirish uchun dastgoh, shuningdek, metallni qoʼlda quyish uchun vakuum boʼlinmasi bilan jihozlangan “Xumo S1” loyihasi boshqaruv qulayligi, ishonchliligi va yuqori sifatli quyma bilan ajralib turadi.

– Men yaratgan avtomatlashtirilgan uskunalar ichida “Xumo S1” uskunasi zargarlarga qolip quyishda juda katta yordam beradi, – deydi Xamrayev Sanjar. – Masalan, zargar hozirda oddiy qoʼlbola usulda bitta qolipda 1 dona uzukdan to 3 donagacha qoliplay oladi. Metall quyish jarayoni juda katta mehnat va vaqt talab qiladi. Ushbu uskuna yordamida esa bitta qolipda 40 tadan to 50 tagacha uzuk qoliplash mumkin. Shu bilan birga, qolipga metallni kamchiliklarsiz bir necha daqiqada quyish mumkin boʼladi. 

Ushbu uskunani zargarlikdan tashqari stomatologiya, medalsozlik, suvenirlar ishlab chiqarish va kichik konstruktorlik ishlarida ham qoʼllash mumkin. 

  Zargarlik sohasiga bolaligimdan mehrim boʼlakcha

  Samarqand shahrining qadimiy “Zargaron” mahallasida tugʼilganman. Oilamiz – zargarlar oilasi, men 6-avlod vakiliman. Oilada uch oʼgʼil farzandmiz, bobomning uylari maktabga yaqin boʼlgani sababli men bobom va buvimning qaramogʼida katta boʼlganman. Samarqand choʼyan quyish zavodida muhandis boʼlib ishlagan bobomning kichik, lekin oʼziga xos kutubxonasi boʼlib, kitoblar asosan metallurgiya, kimyo, fizika, chizma, geometriyaga taalluqli edi. Birinchi sinfga borar chogʼlarim maktabdan soʼng kutubxonaga kirib dars tayyorlar edim. Darslarimni tayyorlab boʼlgach, qiziqishim ustunlik qilib kitoblarni ochib, u yerdagi rasmlarni tomosha qilishni yoqtirardim... 7-sinfni bitirgach, SamDU qoshidagi Mirzo Ulugʼbek nomli 1-son fizika va matematikaga ixtisoslashgan maxsus litseyga oʼqishga kirdim. Litseyni bitirish arafasida menda zargarlikka boʼlgan qiziqish ortib, hunar oʼrganishga ishtiyoqim orti. Zargarlikni oʼrganib borar ekanman, har gal qiyin va vaqt oluvchi jarayonlar menda yangi usullarni oʼylab topishga intilishni kuchaytirdi. Yangi asboblar yaratish va ular yordamida ish unumdorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash zargarlik tarmogʼini rivojlantirishda yordam beradi-ku, deb oʼylay boshladim. 2011-yildan usta zargar boʼlib oʼzimning alohida ishimni yuritdim. Shu yillar mobaynida qoʼl yordamida ishlaydigan 27 ta asbob va 3 ta avtomatlashtirilgan uskuna yaratdim. 

Ilk ixtirochilikka qadam...

Eng birinchi ixtiromni 21 yoshimda, oʼzim mustaqil zargarlik bilan shugʼullanishni boshlagan paytlarim yaratganman. Zargarlikni oʼrganib, ish boshlagan vaqtlarda yasaydigan zargarlik buyumlarining sifatini oshirishga intilardim. Ishning asosiy qismi qoʼlda bajarilar va har gal bir xilda yasash qiyinchilik tugʼdirar edi. Detallarni tayyorlab, ularni bir butun qilib payvandlashda qoʼllar qaltirashi va yuqori haroratda barmoqlarni kuydirib qoʼyish mumkin. Bu jarayon juda qiyinchilik tugʼdirardi. Detallarni kerakli burchak va kerakli nuqtada payvandlash uchun maxsus tutqichli mexanizmni yaratdim. Yaʼni u zargarlik buyumlarini payvandlashda 2 ta quyma detalni bir-biriga mahkamlab turadi.

  Uchta avtomatlashtirilgan uskuna 

 Аvtomatlashtirilgan termoparali mufel pechini ixtiro qildim. U qoliplarni termo toblashda haroratni +5 gradus farq bilan aniq ishlaydi. Ushbu pech asosan zargarlikda ishlatilmoqda. Qayd etish kerak, oddiy mufel pechlarida termoparalar oʼrnatilmagan va harorat +100 gradus selsiya farqi bilan ishlaydi. Bu esa zargarlik qoliplarini toblashda ancha qiyinchiliklar tugʼdirar edi. Sanoat mufel pechlari juda katta va qimmat. Bizning mufel pechimiz esa arzon va oz joyni egallaydi. Shuningdek, aniq haroratni termoparalar yordamida boshqarish mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi menga imkon berdi!

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan ko‘plab tanlovlar ishtirokchisiman. Xususan, vazirlik huzuridagi “Ilgʼor texnologiyalar markazi” tomonidan tashkil qilingan C.A.T. Science Accelerator dasturida 6 oylik oʼquv dasturini muvaffaqiyatli tamomlab, “Xumo S1” uskunasi bilan 2019-yil 7-may kuni dasturning final bosqichida qatnashdim va “Eng yaxshi Start-Up loyiha” kubogi sovrinini qoʼlga kiritdim. Shuningdek, 2019-yili Skolkovo jamg'armasi tomonidan o'tkazilgan Softlanding dasturida O‘zbekistonning top 20-startup loyihalari orasidan meni loyiham ham o‘rin oldi.

 Italiyaning “Cimo” kompaniyasi loyihamga katta qiziqish bildirmoqda!

 Italiyaning А.F.E.M.O. zargarlik asboblari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar assotsiatsiyasi taʼsischisi va “Cimo” zargarlarga qolip quyish uskunalari ishlab chiqaruvchi kompaniyasining direktori janob Gianluigi Barettoni 2019-yil oktyabr oyida “Oʼzbekzargarsanoat” uyushmasi tomonidan Oʼzbekistonga taklif etilgandi. Tashrif mobaynida janob Gianluigi Barettoniga “Xumo S1” uskunasini koʼrsatdim. U kishi uskunaga qiziqish bildirdi va Italiya davlatiga meni taklif qilgandi. Koronavirusning keng tarqalishi va pandemiyaning oʼrnatilishi sababli tashrifimiz bir yilga surildi.

Nihoyat, mazkur yili 25-30 oktabrga qadar Italiya mamlakatida boʼldim. Italiyaga tashrif xarajatlarim janob Gianluigi Barettoni tomonidan toʼliq qoplandi. Аyni paytda “Cimo” kompaniyasi bilan “Xumo S1” uskunasini modernizatsiya qilish boʼyicha bir qancha masalalarda muzokaralar olib bormoqdamiz. Birinchidan, “Xumo Casting Technologies” korxonasi ishlab chiqarayotgan uskunasiga Italiya davlatidan ehtiyot qismlarni olishi, ikkinchidan, “Cimo” hamda “Xumo Casting Technologies” korxonasida ishlab chiqarilayotgan uskunalarni birlashtirish negizida yangi innovatsion mahsulot tayyorlash va Oʼzbekistion metallurgiya korxonalarida ishlab chiqarilgan metal xomashyosi asosida Italiyaning zargarlik asbob-uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarining chizmalari asosida metalga qayta ishlov berish orqali tayyor mahsulot yetkazib berish boʼyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, isroillik Nobel mukofoti sovrindori janob Dan Shextmanga ham ushbu uskunamni koʼrsatganman. U kishi yoshlikda zargarlik bilan shugʼullangan ekan. Menga maslahatlar berdilar. Hozirgacha email orqali yozishib, fikrlashib turamiz.

Xumo C1 uskunasining dastlabki va hozirgi ko'rinishi


Innovatsiyalar Milliy ofisi axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Report Page