XORIJDA KADASTR

XORIJDA KADASTR


Nemis qonunchiligi va amaliyotiga asosan Germaniyada ko‘chmas mulk sotib olish quyidagi bosqichlardan iborat:

Birinchi bosqich – sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida Kaufvertrag – oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan boshlanadi. Bu jarayon bevosita yoki taraflarlarning xohishiga ko‘ra, o‘zlariga qulay shaklda notariusga murojaat qilish orqali bo‘ladi. Bunda notarius shartnoma loyihasini tayyorlaydi va tomonlarga taqdim etadi. Imzolashdan oldin taraflarga shartnoma bilan tanishib chiqish, takliflarni bildirishi uchun 2 haftalik majburiy muddat beriladi.

Ikkinchi bosqich - uy-joylar asosan ipoteka kreditlari hisobiga olinishi sababli, taraflar notariuslar bilan birgalikda bank idoralariga kredit shartnomasi tuzish uchun deyarli bir paytda murojaat qilishadi, bunda ayni paytda bank yerga nisbatan cheklov shaklini ham tayyorlab taraflarga beradi.

Uchinchi bosqich - oldi-sotdi shartnomani taraflar imzolagach, notarius tegishli mahalliy kadastr idorasiga “imtiyozli xabarnoma” yuboradi. Xabarnomada mulkka nisbatan huquqning o‘zgarishi kutilayotganligi haqida ma’lumot yozilib, bundan asosiy maqsad sotuvchi ko‘chmas mulkni boshqalarga sotib yuborishi yoki garovga qo‘yib yuborishini oldini olish hisoblanadi. Bundan tashqari, sotib oluvchi mahalliy kadastr idorasiga yerga nisbatan cheklovni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ham alohida murojaat qilishi mumkin.

To‘rtinchi bosqich – barcha rasmiylashtirish jarayonlari yakunlangach, notarius mahalliy kadastr idorasiga yerga nisbatan cheklovlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun so‘rovnoma yuboradi. Bu jarayon kamida 3-4 hafta cho‘zilishi mumkin.

Aynan muddatni qisqartirish va vaqtdan yutish, bank tomonidan kredit summalari o‘tkazib berilishi uchun manfaatdor taraf yerga nisbatan cheklov kadastr idorasiga yuborilganligi haqida tasdiqlash ma’lumotnomasini so‘rab notariusga murojaat qilishi mumkin. Notarius muayyan to‘lov evaziga bunday ma’lumotnomani beradi. Ma’lumot mulkni boshqa shaxsga o‘tkazib yuborilishini cheklaydi va kredit qaytarilishini kafolatlaydi.

Sotib oluvchi yerga cheklovni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shartnoma summasining deyarli 0.5% gacha to’laydi. Shundan so‘ng, notarius sotib oluvchiga shartnoma summasini sotuvchiga 2 hafta ichida to‘lab berishi uchun xabarnoma yuboradi,

Bank va soliq idorasi tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazilgani tasdiqlangach, notarius kadastr idorasiga mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab talabnoma yuboradi. Shartnoma imzolangandan boshlab, mulk huquqi vujudga kelishiga taxminan 2-5 oy kerak bo’ladi.

E’tibor bilan tahlil qilinsa, nemislarda barcha harakatlar va uzoq muddat taraflarning huquq manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, kelajakda salbiy huquqiy oqibatlarni to‘liqligicha istisno qilishga qaratilgan.

Xulosa o‘rnida, ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq notarial harakat qisqa muddatlarda tez kechishi tomonlar shartnoma shartlari bilan tanishish xohishi darajasi va imkoniyati pastligi, taraflarning o‘zaro hisob-kitob amaliyoti va boshqa holatlar tizimlashtirilmaganligi kabi muammolar paydo bo’lishiga sabab bo’ladi. Aynan shu sababli Germaniyada shu kabi uzoq muddat va tizim joriy qilingan. 

 



Report Page