XOLISLIK VA SHAFFOFLIK ZARUR

XOLISLIK VA SHAFFOFLIK ZARUR

Mirzohid Botirov

      Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar kabi ta’lim sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning "Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning "Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir" degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.

 

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi.Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa-butun jamiyatimiz o‘zgaradi" degan purhikmat so‘zlarini keltirishni joiz deb bilaman. Ana shu qoida asosiy mezon bo‘lgan, oliy ta’lim tizimida ham olib borilayotgan har bir islohotlardan asosiy maqsad, munosib vorislarni tarbiyalash, yangi Navoiylar, Beruniylar, Zamahshariylar, Marg‘inoniy, Buxoriylar, Termiziylar, Boburlar, Amir Temurlarni dunyoga tanitish va minglab ulug‘ insonlarga beshik bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni dunyo ahliga ko‘rsatish ekan,tizimda olib borilayotgan har bir jarayonda erishilayotgan ulkan o‘zgarishlar bugun ijobiy natijalarni berayotganini barchamiz ko‘rib, his qilib turibmiz.

 

Bugungi kunda oliy ta’lim sohasi korrupsiyadan holi bo‘lgan sohaga aylandi. Kuni kecha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi bo‘yicha reyting natijalarini e’lon qildi. Kezi kelganda aytish o‘rinli deb o‘ylayman, ushbu reyting natijalari qaysi qoidalar asosida ishlab chiqilib, jamoatchilikka e’lon qilindi?! Axir, oliy ta’lim sohasi korrupsiyadan holi sohaga aylanganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Xolislik, shaffoflik tamoyiliga qanchalik amal qilindi?! Ayrim hududlarda uchrayotgan noxush holatlar sabab, butun tizimning faoliyatiga qoniqarsiz baho berishga ma’nan haqqimiz bormi degan savol nahotki agentlik vakillarining yuragidan o‘tmadi?!

 

      Birgina Farg‘ona politexnika institutida olib borilayotgan samarali ishlar ham fikrimiz qanchalik haqiqatga yaqinligini tasdiqlaydi.Chunki, korrupsiya bilan bog‘liq salbiy holatlar ta’lim maskanimizda umuman uchramaydi. Ta’lim dargohimizda butun hayotini ilmga bag‘ishlagan, yosh avlod tarbiyasi uchun fidoiylik bilan mehnat qilayotgan sharafli kasb egalari nomidan aytish joiz deb bilaman. Bugun oliy ta’lim sohasi korrupsiyadan holi sohaga aylangani barchamiz biladigan haqiqatku!!! Axir, o‘ylab ko‘ring, ta’lim dargohida o‘qituvchilik qilish ham bugun oson emas.Bugungi talaba kechagi talaba ham emas. Agar talablarini qondirmasangiz, o‘z ustingizda tizimli ishlamasangiz, axborot texnologiyalari, xorijiy tildan voqif bo‘lmasangiz, siyosiy, ma’naviy savodxonligingiz bo‘lmasa, ilmiy yo‘nalishingizda tinimsiz izlanmasangiz, innovasiyalar yaratmasangiz, soha yangiliklaridan birinchi bo‘lib siz talabani xabardor qilmasangiz, bugungi yoshlar sizdan qoniqmaydi, sizdan zerikadi, yuzingizga ochig‘ini aytadi. Endi aytingchi, mana shunday talabchan yoshlar bor joyda, korrupsiya bo‘lishi mumkinmi?! Hech qachon! Qanday qilib, korrupsiyaga yo‘l qo‘yish mumkin?! Shu o‘rinda bitta mulohaza, bu bo‘yicha baholashni Oliy ta’lim vazirligining o‘zidan olish kerak edi, chunki har bir OTMning tahliliy ma’lumotlari vazirlikda mavjud. OTMlarda bu borada qanday jarayon kechayotganini unda tahsil olayotgan talabalar va faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarchalik hech kim bilmaydi. Yana bitta narsaki, aynan korrupsiyaga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadigan OTMlarda bo‘limlar bor. Agentlikkacha chiqarishga hattoki zarurat ham qolmaydi. O‘rni kelganda, aytish joizki, institutda bugungi kunda rektor, prorektor, dekan bilan talaba o‘rtasida ochiqdan ochiq tizimli muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Muloqot jarayonida barcha muammolar aytib o‘tiladi.

 

Qolaversa, institutda rektor bilan talabalar o‘rtasida hech qandayparda yo‘qligining yana bir isboti shuki, institutning ichki telegramm kanallarida muloqot botlari tizimli ishlab turibdi, muammolar soniyalarda rahbariyatga yetib boradi, har bir murojaatga shaxsan rektor mas’ulligida mutasaddilar javob beradi.Talabalardan, ularning ota-onalaridan bugun hech narsani yashirishning iloji yo‘qligi kabi, rahbariyat ham ijtimoiy vaziyatdan mana shu elektron sahifalar orqali yuz foiz xabardor bo‘lib turadi.Bunday vaziyatda hech qanday korrupsion holat yuzaga kelmaydi.Yechimini kutayotgan muammolar zudlik bilan hal bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, hamma bir-birini nazorat qiladi, o‘zini o‘zi boshqaradi. 

 Shu bois, agentlik idorasiga aytarimiz shuki, bu boradagi ishlarni tizimli tarzda tashkil etish zarur, lozim bo‘lsa, joylardagi nazorat bo‘limlari bilan ham bog‘lanish kerak. Osonini ko‘zlab, butun tizim faoliyatiga qoniqarsiz baho bermasdan?! Boshqacha aytganda, OTMlarning bu boradagi faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflik tamoyili birinchi o‘rinda turishi kerak.

 

                                     Mirzohid BOTIROV,

                  FarPI birinchi prorektori.


Report Page