XASHAK SO‘ZLAR

XASHAK SO‘ZLAR


Uzoq vaqt oqmagan ariqqa suv kelsa, suv dastlab xas-xashak, chiqindilarni olib keladi. Saksoninchi yillar oxiri, to‘qsoninchi yillar boshida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan tilimizdagi ba’zi ruscha, baynalmilal so‘zlarni o‘zbekchalashtirishda ham shunday bo‘ldi. Misol uchun “rayon” avvaliga “nohiya” ataldi, lekin bu xashak so‘z edi, hech kim uni hazm qilolmadi, ammo tilimizda ming yillar osha yashab kelgan, kichik hududiy birlikni bir chet so‘z – “rayon”dan ham yaxshiroq ifoda etadigan “tuman” bor edi. “Tuman”ning qayta tiklanishi shunday topilma bo‘ldiki, uning oldida “rayon”ning o‘zi g‘aliz tuyulib qoldi. Biroq o‘sha paytlarda qabul qilingan ba’zi xashak so‘zlar hali-hamon yashab kelmoqda. Shunday xashak so‘zlardan biri:

 

BOSHLOVCHI

Xo‘sh, tele yoki radiobosh­lovchi kim? Teleboshlovchi ko‘r­­sa­tuvni olib boradi yoki taq­dim etadi, radioboshlovchi radio­eshit­tirishni. O‘zbek tilida “boshlovchi” deganda biron ish-hara­katni boshlab beruvchi shaxs tushuniladi. Chunki bu so‘z “boshlamoq” fe’lidan yasal­gan. Mantiqan boshlovchining o‘sha bosh­langan ishni davom ettirishi yoki nihoyasiga yetkazishi shart emas. Chunki u boshlovchi. Deylik, Qodiriy – o‘zbek romanchiligi boshlovchisi, lekin davom ettiruvchi yoki nihoya­lovchi emas. Teleboshlovchi ham biron bir ko‘rsatuvni boshlab berib, keyin g‘oyib bo‘lib qolmaydi, boshlagandan keyin oxirigacha olib boradi, oxirida esa nihoyalab biz bilan xayrlashadi. Boshqacharoq aytganda, u ko‘rsatuvni boshdan oxirigacha bizga taqdim etadi. Shu bois turk qardoshlarimiz bu kasb egasini – “sunuvchi” (“sunucu”, “televızyon sunucusu”), ya’ni “taqdim etuvchi”, ozarbayjon qardoshlarimiz: “olib boruvchi” (“телевизия апарıcıсı”) deb ataydi. “Olib boruvchi” deganda ruscha “телеведущий”dan nusxa ko‘chirganday tuyuladi, lekin tele­vizor paydo bo‘libdiki, tili­miz­da shu ibora bor: “ko‘rsatuv­ni falonchi olib boradi” yoki “taqdim etadi” deymiz, lekin hech qachon “ko‘rsatuvni falonchi boshlab beradi” deyilmaydi.

Shu o‘rinda yana bir misol: mazkur kasb egasining fransuzchada atalishi diqqatga sazovor: fransuz tilida ko‘rsatuv olib boruvchi jurnalist – “animator” (ayol kishiga nisbatan: “animatris” – “animateur”, “animatrice de télévision”) ataladi. “Animateur (-rice)” – “jon ato etmoq”, “jonlantirmoq” kabi ma’nolarga ega fransuzcha “animer” (yoki lotincha: “animare”) fe’lidan yasalgan bo‘lib, “jonlantiruvchi” demakdir. Ya’ni, fransuzcha ani­mator – ko‘rsatuv yoki eshittirishni jonlantiruvchi, unga ruh bag‘ishlovchi shaxs (Fransuz tilida “animator”, shuningdek, biron bir guruh, ish-harakat, san’at asariga “jon baxsh etuv­chi” ma’nosida boshqa sohalarda ham ishlatiladi). Shuningdek, fransuz tilida ba’zan ko‘rsatuv taqdim etuvchisiga nisbatan – “prezentator” (“présentateur” – “taqdim etuvchi”) deyilishi ham mumkin. Ingliz tilida ham xuddi shu ma’noda “radio/television presenter”, ya’ni “radio/televizion taqdim etuvchisi” nomi qo‘llanadi.

SUXANDON

Ruscha “diktor” so‘zini “suxandon”ga almashtirilishini aql bilan tushunib bo‘lmaydi. Diktor – bu radio yoki televizor orqali eshit­ti­riladigan matnlarni o‘qib beruv­chi xodim. Ingliz tilida bu kasb egasi – “announcer”, turk tilida “anönsör”, ya’ni “e’lon qiluvchi”, “bildiruvchi” deb ataladi. “Diktor” ham, “announcer” ham shu kasb egasi bajaradigan amalga mos nom, fors-tojikcha: “suxan­don” esa: “so‘zga chechan, so‘zamol, notiq” kabi ma’nolarga ega. Lekin “diktor” deb tayyor matnni o‘qib beruvchi shaxsga nisbatan aytiladi, yoqimli ovozi, so‘zlarni yaxshi talaffuz qila olish qobiliyati uning asosiy fazilatlari, diktor umuman gapga chechan, notiq bo‘lmasligi ham mumkin. Ehtimol, so‘zga chechan, notiq, suxan­don so‘zini siyosatchi, adabiyotchi yoki bosh­qa­larga nisbatan qo‘llash mum­kindir, lekin aslo diktorga nisba­tan emas.

Negadir bizda bir chet so‘zni boshqa chet so‘zga almashtirish an’anasi mavjud, nafaqat chet so‘z, hatto ko‘pincha o‘z so‘zimizni ham chet so‘zga almashti­ra­miz, ehtimol, shu xislatimiz bilan dunyoda yagona millat bo‘lishimiz mumkin. Deylik, “radiotinglovchi” so‘zi yaqin o‘tmishda – radio paydo bo‘lgandan keyin chet so‘z emas, o‘z so‘zimizdan yasalgan. Ana shunday topilmalar bizga ko‘proq kerak.

Abduvohid HAYIT


“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida

Report Page