XALQARO BAHOLASH PISA PIRLS, TIMSS DASTURLARI VA STEAM STANDARTLARINI O'RGANISH XONASI OCHILDI
Andijon davlat universitetining Pedagogika institutida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-iyundagi “Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 187-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda mazkur qarorning ikkinchi bandida keltirilgan “...xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarini tayyorlash” vazifasini amalga oshirish maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti va Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi bilan hamkorlikda “Xalqaro baholash PISA, PIRLS, TIMSS dasturlari va STEAM standartlarini oʻrganish xonasi” tashkil etildi.
Amaliyot xonasini tashkil etilishi oldidan fakultet dekani D.Samatov hamda kafedra mudiri U.Usmonovalar Toshkent shahridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Milliy markazda boʻlib, bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, pedagog kadrlarni tayyorlashda xalqaro baholash dasturlari standartlaridan foydalanib, dars jarayonlarini tashkil etish boʻyicha tajriba almashishdilar. Uchrashuv davomida mazkur milliy markaz direktori A.A.Ismoilov bilan treninglar tashkil qilish, oʻquv dasturlarini tashkil etish va metodik jihatdan hamkorlik qilish masalalarida kelishib oldilar.
“Xalqaro baholash PISA, PIRLS, TIMSS dasturlari va STEAM standartlarini oʻrganish xonasi” tashkil etilishi munosabati bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Milliy markazi direktori A.Ismoilov tomonidan 30 xil turdagi qoʻllanmalar, trening mashgʻulotlarini tashkil etish dasturlari, videomateriallar va bannerlar sovgʻa qilindi.
Andijon davlat universitetining Pedagogika institutidagi “Xalqaro baholash PISA, PIRLS, TIMSS dasturlari va STEAM standartlarini oʻrganish xonasi” oʻqituvchilar, doktorantlar, magistrlar hamda talabalarning ilmiy-metodik tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.