XALQ TAʼLIMI TASHKILIY ISHLARI | KANALI

XALQ TAʼLIMI TASHKILIY ISHLARI | KANALI

@xtvtashishlari

TA’LIM JARAYONIDA USTOZ-SHOGIRD MUNOSABATLARI TOʻGʻRISIDA ILMIY MAQOLA

Ustoz otangdan ulug’, deganlari bejiz emas  

                     Ota hayot beradi, Ustoz yashashga o’rgatadi.

                     Tug’ilishdan ko’ra yashash qiyinroq…(O’.Hoshimov)


    Ustoz! Shu birgina so’z zamirida olam-olam ma’no va hurmat mujassam. Ustoz bu sofdil, kamtarin, ma’naviy boy, ahloqan pok insondir. U o’z umrini, qalb qo’rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sarf etadi. Shogirdining yutug’ini ko’rib quvonadi, muvaffaqiyatsizligidan gam-anduh chekadi.

O’qituvchi bog’bonga o’xshaydi. U tarbiyalab o’stirgan nihollarning hosili qanchadan-qancha avlodlarni bahramand qiladi. Ustoz va murabbiylarning mas’ulyatli, ammo sharafli kasblarini bir mash’alaga qiyos etish mumkin.

  “Ustoz-otangdek ulug’” degan hikmatda juda ko’p ma’no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko’klarga kotarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug’ deb nisbat beriluvchi inson bor, bu ustozdir! Haqiqatdan, farzandini ota-ona voyaga yetkazadi, biz esa ularni unib-o’sishi, kamolotga erishishi, ilm-ma’rifat cho’qqilarini zabt etishida ko’maklashishimiz zarur. 

   Donolarning aytishicha, elni ma’rifat asraydi.U elni taraqqiy ettirib, ezgu niyati va orzu-umidiga yetkazadi.Demak, biz ustozlarning zimmasida kelajagi buyuk davlat uchun komil, har tomonlama barkamol, ma’naviy va ahloqiy pok vatanparvar, mehnatsevar insonlarni yetkazib berishdek yuksak vazifa turibdi.Bizning zimmamizga hayot talablariga to’la javob beradigan va o’z zamonimizga munosib kishilarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan.  

GAZZOLIY ASARLARIDA USTOZ – SHOGIRD MUNOSABATLARI.

   Abu Homid G’azzoliy ta’limotida ilg’or pedagogik g’oyalar va yoshlarga uqtirilishi lozim bo’lgan ma’naviy-axloqiy fikrlar ifodalangan va unda yosh avlodni barkamol shaxs qilib tarbiyalash ,jamiyat taraqqiyoti uchun fidokorlik ko’rsatish, yurt tinchligi yo’lida xizmat qilish kabi tarbiyaviy g’oyalar aks ettirilgan. G’azzoliyning fikricha, yoshlarni barkamollikka yetaklovchi asosiy mezon aql-zakovat , kuchli farosat, sahovat, halollik hisoblanadi. Alloma har bir asarida farzandlar tarbiyasiga alohida urg’u beradi, yoshlarni jamiyatning kelajagini quruvchilar deb hisoblaydi. Shu bilan bir qatorda, alloma uch xil yo’nalishdagi olimlar mavjudligini ta’kidlaydi: 

   O’zini ham, boshqalarni ham saodatga eltuvchi olimlar. 

   O’zini halok qilib , boshqalarni saodatga yo’llovchi olimlar.

  Allomaning ilmiy asarlarida ustozlar va murabbiylar “olimlar “ deb hisoblangan, ular donishmandlarga tenglashtirilgan. G’azzoliy ta’lim oluvchilar va ta’lim beruvchi olimlar hamda muallimlar odoblari, ular orasidagi hamkorlik munosabatlariga alohida to’xtalib o’tganlar.G’azzoliyning fikricha, o’quvchi bilim egallashda quyidagi axloqiy qoidalarga rioya qilishlari kerak: 

Avvalo yoshlar qalbini jirkanch xulqlar, yomon sifatlardan poklash kerak. Chunki, ilm qalb ibodati, farishtalar qo’nadigan bir uydir. Gazab, gina, hasad, kibr, manmanlik, razil sifatlar qopag’on bir itga o’xshaydi. Ilm nuri qalbga farishtalar vositasida kiradi. 

O’quvchi ilm olib kibrlanmasligi, ustoziga qarshi chiqmasligi shart. Muallimning ko’rsatmalarini chiroyli tarzda eshitish, unga itoatda bo’lish zarur. 

Ilm olishni ixtiyor qilgan o’quvchi jamiyatdagi va odamlar o’rtasidagi ixtiloflardan o’zini chetda tutishi zarur.  

USTOZ – SHOGIRD – OTA-ONA HAMKORLIGI

Haqiqatdan ham allomaning ilg’or pedagogik g’oyalari, ustoz – shogird munosabatlari, o’quvchilarning axloqiy qoidalari mukammallik bilan yoritilgan. O’quvchi qachon va qanday qilib yuqoridagi 3 qoidadagi sifatlarga ega bo’ladi, ularning shakllanishida ota – onaning ham roli bormi, o’qituvchi buning uchun nimalar qilishi zarur?  

   Bir qarashda bu savollar oddiygina bo’lib ko’rinishi mumkin, lekin buning ortida juda katta ma’suliyat va majburiyatlar mavjud. Nega deganda, har uchala hamkor - o’quvchi - o’qituvchi - ota-ona tenglikda, birgalikda harakat qilishimiz kerak va buni muhim deb o’layman.

   O’quvchi bamisoli nihol, yosh niholni qayoqqa egsang shu yoqqa egiladi. O’qituvchi esa shu yosh niholni to’gri unib – o’sishida, shakllanishida payvandlovchi, parvarishlovchi bog’bon hisoblanadi. Shunday ekan, biz o’qituvchilar o’quvchilar bilan do’stona munosabatda bo’lishimiz, ularning to’g’ri shakllanishida tirgak bo’lishimiz kerak, shunday qilsakkina bu bizga, albatta, samarali natija beradi.    

  Har bir o’quvchi o’ziga xos fe’l-atvorga ega. Shu bois biz ular bilan iloji boricha individual tarzda ish olib borsak, ichki kechinmalarini, shaxsiy xususiyatlarini o’rgana olsak, bir so’z bilan aytganda o’quvchi ko’ngliga yo’l topa olsak, uning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsata olamiz. Tarbiyali o’quvchi, albatta, bilimni yaxshi egallaydi va a’lo baholarga o’qiydi. Lekin hozirgi kunda hamma a’lochi o’quvchilarni ham tarbiyali deb bo’lmaydi, chunki o’quvchi fanlarni yaxshi o’zlashtirgani bilan o’zi axloqsiz bo’lishi mumkin. Bunga sabab nima bolishi mumkin ? Bunga sabab, eng avvalo, ota-onalar. Bu ayblovni hamma ota-onalar ham tan olgisi kelavermaydi, chunki hech qaysi bir ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko’rmaydi. Farzandi uchun jonini berishga tayyor, uning ko’ngliga qaraydi, nima desa olib beradi, farzandi uchun har qanday sharoitni yaratib beradi, lekin shu ko’ngliga qarayotgan paytda ota-ona qayerdadir adashadi. Hozir kundan-kunga texnika juda tez suratda rivojlanib borayapti, shu sababli ko’p ota-onalar farzandlariga har xil turdagi ko’p funksiyali uyali aloqa vositalari, planshetlar olib berayapti, albatta, to’g’ri maqsadlarda foydalanish uchun. Biroq hamma ota-onalar ham, afsuski, buni nazorat qilmayapti, farzandlari tarbiyasiga loqaydlik bilan qarayapti. Shu tufayli ba’zi bir o’quvchilarning tarbiyasi, axloqi buzilib borayapti. Shunday ota-onalar ham borki, farzandining tarbiyasiz bo’lib borishida o’qituvchilarni aybdor deb hisoblaydi. Axir farzandining kelajagidan ko’proq kim manfaatdor? Ota-onami yoki o’qituvchi? Bu bilan o’qituvchining aybi yo’q, bolaning kelajagi o’qituvchiga bog’liq emas demoqchi emasman. Bolaning kelajakda qanday shaxs bo’lib yetishishi, albatta, o’qituvchining ta’lim-tarbiyasiga ham bog’liq, bolani qanday kasbni egallashi, qanday yutuqlarga erishishi har qanday o’qituvchini qiziqtiradi va yaxshi yutuqlarga erishsa farzandi uchun ota-ona qanday hursand bo’lsa, o’qituvchi ham ulardan kam hursand bo’lmaydi.Afsuski, yilda bir marta farzandining bilimini tekshirish uchun maktabga kelmaydigan, hattoki “ota-onalar yigilishi”ga qatnashmaydigan ota-onalar ham bor. Ota-onalar farzandini tengdoshlari qatori yaxshi xulq, yaxshi bilim egasi bo’la olishi uchun ulardan bor mehrlarini, vaqtlarini ayamasalar, maqsadga muvofiq bo’lar edi. 

  Shunday o’quvchilar ham borki, ilm olishga intiladi, izlanadi, ular uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalana biladi, o’z kelajagini o’zi qurishga intiladi. Hozir yoshlarga har bir sohada imkoniyat eshiklari keng ochilmoqda. Jumladan, sport sohasi bo’yicha, tadbirkorlik, ijodkorlik, til o’rganish deysizmi, komputer texnologiya sohasida va hokazo. Ushbu sohalarda zo’r ishtiyoq bilan faoliyat olib borayotgan iste’dodli, iqtidorli yoshlarimiz talaygina. Yoshlarimiz qaysi sohani tanlamasin, ularni qo’llab-quvvatlash biz ustozlarning burchimizdir. Negaki, ularning yutuqlari bizning yutug’imiz, ularning muvaffaqiyatlari bizning muvaffaqiyatimizdir. Biz hozir shunday bir davrda yashayapmizki, yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surmoqda. Buning uchun ming bor shukr qilsak arziydi. Shu yurtda yashayotgan har bir shaxs xoh u yosh, xoh qari, xoh ayol, xoh erkak bo’lsin, Vatan uchun, Vatanimizning tinchligi uchun o’z hissamizni qo’shishimiz, buning uchun yoshlarni qo’llab-quvvatlamog’imiz kerak, chunki yosh avlod bizlarning kelajagimiz, tayanchimizdir.  

    Joriy yilning 30 – iyunida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 4 – qurultoyida “Jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar  -  ezgu – maqsadlarimizga erishishda tayanchimiz va suyanchimizdir” mavzusida nutq so’zladi. Qurultoyda mamlakatimizda yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo’la oladigan mutlaqo yangi tashkilot  -  O’zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi va 30 - iyun kunini “Yoshlar kuni” deb e’lon qildi .Albatta, bu quvonarli hodisa.

Darhaqiqat, yoshlar bizning kelajagimiz, biz buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. O’zbekiston Respublikasining 1-Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov aytganlaridek, Vatanimiz tinchligi uchun barchamiz sidqidildan xizmat qilaylik. Zero, Ona yurtimiz baxt-u iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish - eng oily saodatdir!  


Telegram белгисини босиб, XALQ TAʼLIMI TASHKILIY ISHLARI каналимизга аъзо бўлинг:

▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬▬

https://t.me/joinchat/AAAAAExSi8bQI5drDUeDTw

Report Page