XALQ SHOIRINING PARTASI 

XALQ SHOIRINING PARTASI 


Gazetaning navbatdagi sonini sahifalash jarayonida ajoyib xushxabarni eshitdik. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidga Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasining faxriy akademigi unvoni berildi. Guvohnomani Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi prezidentining maslahatchisi, Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, adib Begijon Ahmedov topshirdi.

Taniqli insonlar, xalqimizning sevimli ijodkorlari, san’atkorlari haqida so‘z borganda, ularning hayoti, shaxsiga oid har qanday ma’lumot – uning qaysi maktabda tahsil olgani, sinfi, hattoki o‘tirgan partasi ham barchani birdek qiziqtiradi. Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida bo‘lganimizda, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘qigan ta’lim maskanini ko‘rish ishtiyoqi bizni 45-umumta’lim maktabi sari yetakladi.

«Tong yulduzi» gazetasining 2024-yil 25-sonidan

Bizni maktab rahbari Navro‘z Nodirov, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asatullo Xo‘jayev, o‘qituvchi-muallimlar, shuningdek, 43-umumta’lim maktabi rahbari Furqat Saidov iliq qarshi oldilar. – Bu bilim dargohi D. I. Mendeleyev nomi bilan 1968-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. O‘shandan buyon bu tabarruk dargohda ko‘plab fidoyi ustozlar minglab barkamol shogirdlarni tarbiyalab kelishadi, – deydi Furqat Saidov. – Maktab qurilishida ishtirok etgan nuroniylarimizning xotirlashlaricha, ular loydan g‘isht quyib, shu yerning o‘zida pishirib, maktab devorini pishiq g‘ishtdan ko‘tarishgan ekan. 45-umumta’lim maktabini bugungi kunda «Bobo maktab», deb ataymiz. Sababi, uzoq yillar mobaynida bu maktabdan 36-, 43-, 63-, 73-«nevara  maktablar» ajralib chiqib, alohida ta’lim maskani sifatida faoliyat olib bormoqda. 2018-yildan buyon mazkur maktab o‘quvchilari uchun adabiyot, kimyo, tarix, huquq, biologiya, fizika fanlari hamda tasviriy san’at, ijodkorlik, jismoniy tarbiya yo‘nalishida stipendiyalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har chorak yakunida o‘qishi, xulqi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan o‘quvchilarga homiylarimiz tomonidan taqdim etiladi.  

Maktab kutubxonasidan tashqari Sirojiddin Sayyid kutubxonasi ham mavjud. Bu nurxona shoirning tashabbusi bilan 2020-yilda tashkil etilgan bo‘lib, undan o‘zbek va jahon adabiyotining ikki mingga yaqin durdona asarlari joy olgan.

Shoir o‘qigan sinfga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu sinfda shoirga adabiyotdan ilk saboqlar bergan ustozi Ibrohim aka Safarov xotirasiga ehtirom ko‘rsatilgan. Shuningdek, sinfdan shoirning ijod namunalari, hayoti va faoliyatiga daxldor turli eksponatlar, jumladan, kundalik daftari, u tinglagan plastinkalar ham joy olgan. Bu sinf xonasi 2008-yilda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning oq fotihasi bilan ochilgan. Sinfga kirgan barcha mehmonlar esdalik dastxatlari yozib qoldirishadi. Bu sinfda asosan, adabiyot darslari o‘tiladi, mushoiralar, adabiy kechalar, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Yana bir e’tiborli jihati, o‘quvchilarimiz shoirning partasiga o‘tirishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishadi... 

Ustozlarning aytishicha, shoir o‘tirgan parta ba’zan o‘quvchilar o‘rtasida talash ham bo‘lib qolar ekan. Biz esa ustozlarga qarata: «Bu maskandan yana ko‘plab shoirlar, olimlar, taniqli insonlar yetishib chiqsin, toki ular o‘tirgan partalarni bolalar talashishmasin, hammaga yetarli bo‘lsin, bu yo‘lda siz azizlarga muvaffaqiyatlar tilaymiz», deya duo qildik. O‘zbekiston xalq shoirining partasida o‘tirib, bugungi uchrashuvimizni suratlarga muhrladik. «Elimizning sevimli shoiri ta’lim-tarbiya olgan ushbu maktab o‘quvchilariga havas qilamiz», deb dastxat ham yozib qoldirdik.

Feruza SOYIBJON qizi

«Tong yulduzi» gazetasining 2024-yil 25-sonidan



Report Page