XALQ ISHONCHIDA AKS TOPIB

XALQ ISHONCHIDA AKS TOPIB


Olis Qo‘shrabot tumanidagi 2600 nafardan ziyod aholi yashaydigan «Do‘stlik» mahallasida profilaktika katta inspektori, kapitan Muhammad Ergashev 4 yildan buyon xizmat qilib keladi. Uning ish kuni bo‘limda o‘tadigan rejalashtirish yig‘ilishidan boshlanadi. Rahbariyatdan ko‘rsatma olgach, o‘ziga biriktirilgan hududga yo‘l oladi. 

Uzoq masofa, tarqoq joylashuv ba’zan manzilga tezda yetib borishga biroz to‘sqinlik qilishi mumkin. Ammo o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishni odat qilgan Muhammad uchun bu bahona bo‘la olmaydi. 

Aytgancha, joriy yilning o‘tgan davrida «Do‘stlik» mahallasida bironta ham jinoyat sodir etilmadi. Bunga qanday erishilgani haqida so‘raganimizda, profilaktika katta inspektori shunday javob berdi: 

– Umuman olganda, mening asosiy vazifam huquqbuzarliklarning oldini olish va aniqlashdan iborat. Ya’ni, hamma ish odamlar bilan muloqot qilishga qaratilgan. Men ularga nima qilish mumkin va mumkin emasligini tushuntiraman. Fuqarolar bilan doimiy muloqot qilish, ularga hamdard bo‘la olish, muammolariga befarq bo‘lmaslik ham muhim ahamiyatga ega. Bularning hammasi kutilgan natijalarga erishishda yordam beradi. 

Kapitan Muhammad Ergashev xizmat faoliyatida aholi, ayniqsa, yoshlarni, muqaddam sudlangan fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratmoqda. Yil boshidan buyon 20 dan ziyod oilaga biznes bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kreditlar, ba’zilariga esa motokultivator va tikuv mashinalari berildi.

Biz bilan suhbat chog‘ida Muhammad Ergashev aho­lining ishonchini oqlash uchun profilaktika inspektori qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritdi.

– Hurmat va e’tibor qozonish uchun odamlarga hurmatda bo‘lish kerak, – deydi u. –Murojaat qilgan har bir fuqaroni diqqat bilan tinglash, muammosini hal qilishga yordam berish lozim. Ana shunda odamlar sizga ishonadi. Zero, bizning sohada kasbga sadoqat xalqning ishonchi bo‘lib akslanadi. 

Zamira BOLTAYEVA, 

o‘z muxbirimiz.

Samarqand viloyati.

Report Page