Wikidata Istanbul 2022 anjumani

Wikidata Istanbul 2022 anjumani

Nataeva


Turkcha Vikipediya logosi. Orqa fonda tajribali vikimediachi Asaf prezentatsiya qilmoqda. Foydalanuvchi Adam olgan surat. CC BY-SA 4.0

2022-yilning 21–23-oktyabr kunlari Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Wikidata Istanbul 2022 (toʻliq nomi Wikidata Trainings For Turkic Wikimedians; turkcha: Türk dillerinde konuşan Vikimedi katılımcıları için Wikidata eğitimleri günleri) anjumanida ishtirok etdim. Anjuman davomida Vikipediyaga qardosh loyihalardan biri boʻlmish Vikimaʼlumotlar (inglizcha Wikidata) loyihasiga hissa qoʻshish sirlarini oʻrgandim.

Bu men ishtirok etgan birinchi vikianjuman boʻldi. Uch kun davom etgan konferensiya davomida Vikimaʼlumotlar oʻzi nima, unga qanday maʼlumot va qay yoʻsinda kiritiladi, maʼlumot kiritish uchun qanday ilovalardan foydalanish mumkin va boshqa qiziqarli mavzularda mahorat darslari boʻlib oʻtdi.

Men. Nataev olgan surat.

Darslardan tashqari qiziqarli suhbatlarda qatnashdim, turkiy tillarda soʻzlashuvchi boshqa mamlakatlardan kelgan vikimediachilar bilan tanishdim. Ular bilan turkiy tillarimiz, ular oʻrtasidagi oʻxshashliklar va farqli juhatlarni muhokama qildik.

Bu anjuman orqali nafaqat yangi maʼlumotlarga ega boʻldik, balki goʻzal Istanbulni koʻrish baxtiga ham muyassar boʻldik. Istanbul dunyoning eng qadimiy, tarixiy shaharlardan biridir. Undagi asrlar davomida saqlanib qolgan goʻzal tarixiy obidalar, masjidlar, dunyoga dongʻi ketgan koʻchalarni har bir inson bir marotaba boʻlsa ham koʻrishni orzu qiladi.

Goʻzal Istanbul. Nataev olgan surat.

Shaxsan men olam-olam taassurot bilan qaytdim. Istanbul turgʻunlarining mehmondoʻstligi, shahardagi lazzatli taomlar, ajoyib manzaralar, moviy dengiz — barcha-barchasi menda katta taassurot qoldirdi. Istanbulda uzoq oʻtmish va zamonaviy hayot yonma-yon, oʻzgacha uygʻunlikda yashar ekan.

Muhimi, anjumanda turmush oʻrtogʻim, oʻzbekcha Vikipediya dargʻalaridan biri —  Nataev bilan birga ishtirok etdik. Anjuman biz uchun goʻzal taʼtil ham boʻldi. Ikkimiz anjuman boshlanguniga qadar Istanbul boʻylab sayohat qildik, shahar tarixi, meʼmoriy obidalarini koʻrib, olam-olam taassurot oldik.

Men va yorim Nataev. Foydalanuvchi Adam olgan surat. CC BY-SA 4.0

Men 2012-yildan beri Vikipediyaga hissa qoʻshib kelaman. Hozirda oʻzbekcha Vikipediyadagi uch ayol administratordan biriman. Vikipediyada asosan matematika, tarix, shaxsiyatlar, kitoblar haqida maqola kiritaman. Birinchi yozgan maqolam — Tenglama. Shu kungacha 500 dan ortiq maqolalar yaratdim va 6 000 dan ortiq tahrir qildim.

Isntabuldagi anjuman tashkilotchilarga alohida minnatdorchilik izhor qilishni istagan boʻlardim. Anjumanning har bir kuni juda chiroyli uyushtirildi. Umid qilamanki, boshqa vikianjumanlarda qatnashish, yangi doʻst orttirish baxti yana nasib qiladi.


Report Page