“Wiki IELTS” tanlovi nizomi

“Wiki IELTS” tanlovi nizomi


I. Umumiy qoidalar

1.1. WikiMarafon va “Edu Action” bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan   “Wiki IELTS” tanlovi (matn davomida Tanlov deb yuritiladi) o‘zbekcha Vikipediyada sifatini oshirish, ingliz tiliga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, 6 ta g‘olibni tanlab olib mutlaqo bepul IELTS imtihonida ishtirok etish imkoni taqdim etilishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyiha hisoblanadi.

1.2. Tanlov o‘z faoliyatini WikiMarafon jamoasi va Edu Action markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida olib boradi. 

1.3. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, WikiMarafon nizomi, Edu Action markazi ustavi hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

1.4. Tanlov o‘zining maxsus belgisi (logotip), Telegram-kanali va internet saytiga ega bo‘lishi mumkin.

II. Tanlovning maqsad va vazifalari

2.1. Ushbu tanlovni oʻtkazishdan maqsad oʻzbekcha Vikipediyani sifatli ma’lumotlar bilan toʻldirish;

2.2. Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston tarixi, fani, madaniyati, adabiyoti va san’atini keng targ‘ib qilish, buyuk olim va mutafakkirlarimiz faoliyati va ijodi haqida resurslarni joylashtirish hamda ommalashtirish;

2.3. Yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ularning g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish;

2.4. 6 nafar tanlov g‘oliblarini IELTS imtihonida mutlaqo bepul ishtirok etishlarini ta’minlash.

III. Tanlovni oʻtkazish tartibi

3.1. Tanlov “WikiMarafon” va “Edu Action” tashkiliy jamoasi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi;

3.2. Tanlov “Wiki IELTS” nizomi qoidalari bo’yicha tashkil etiladi;

3.3. Tanlov bir bosqichda tashkil etiladi;

3.4. Loyiha davomiyligi – tanlov 15-sentyabrdan 30-sentyabrgacha davom etib, natijalar 15-oktyabrgacha e’lon qilinadi.

 

IV. Tanlov ishtirokchilari

4.1. Tanlovda 16 yoshga to‘lganlar ishtirok etishlari mumkin;

4.2. Tanlovda istalgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ishtirok etishi mumkin;

4.3. WikiMarafonning boshqa ost va yonloyihalarida qatnashayotganlar ham “Wiki IELTS” loyihasida ishtirok eta olishi mumkin.

V. Tanlovda ishtirok etish

5.1. “Wiki IELTS” tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar @WikiTanlov_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi (@WikiTanlov_bot WikiMarafon jamoasi tomonidan tayyorlanadi);

5.2. Havola orqali kirilgach tizimda “Matnni olish” tugmasini bosib 400-500 so‘zdan iborat matn olinadi va uni o‘zbek tiliga tarjima qilib tizimga yuklash kerak bo‘ladi;

5.3. Tizimdan matn olingach uni 5 kundan keyin ya’ni 6-kuni joylash imkoni bo‘ladi. Bu orada matn tarjima qilinib, joylash uchun tayyor qilinish kerak bo‘ladi. 5 kun davomida tizim yopiq bo‘ladi va ochilganidan so‘nggina berilgan vazifani yuklash imkoni bo‘ladi;

5.4. Tanlov davomida har bir ishtirokchi bir dona matn tarjima qilish orqali ishtirok etadi. Tizimga joylashda ham qayta tahrir qilish imkoni mavjud emas. Bunda tarjima qilingan matn joylanishi bilanoq avtomatik ravishda tizim ishtirokchi uchun yopiladi.

VI. Baholash tartibi

6.1. Tanlov jarayonida ishtirokchilarning tarjimonlik mahorati baholanadi. Tarjima qilingan ishlar loyiha tarjimonlari hamda tashkiliy jamoa a’zolari tomonidan umumiy baholash tizimi asosida baholanadi hamda eng munosib ishtirokchilar taqdirlanadi;

6.2. Matn o‘zbek tili imlo  va grammatik qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Barcha ishoraviy belgilarning qo‘llanilishi ham muhim ahamiyatga ega. Matnning imloviy jihatdan mukammal bo‘lishi g‘olib bo‘lishga ustunlik beradi;

6.3. Google Translate yoki Yandex Translate kabi avtomatik tarjima vositalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish tavsiya etilmaydi. Avtomatik tarjima elementlari yoki xatolari tuzatilmagan holda yuborilgan matnlar tanlovda ishtirokchining g‘olib bo‘lish imkoniyatini kamaytiradi.

VI. Gʻoliblarni taqdirlash

6.1. Edu Action tomonidan IDP IELTS uchun free seat (bepul IELTS imtihoni topshirish imkoniyati) taqdim etiladi;

6.2. Loyihaning zahira tarjimon kadrlari qatoriga qo‘shiladi;

6.3. Tanlov g‘oliblari IDP IELTS uchun free seatni (bepul IELTS imtihoni topshirish imkoniyati) 3 oy muddat ichida topshirish imkoni bo‘ladi;

6.4. G‘olib IDP IELTS uchun free seatni (bepul IELTS imtihoni topshirish imkoniyati) faqat o‘zi ishlatishi mumkin.

VII. Yakuniy qoidalar

7.1. Hakamlar tomonidan qoʻyilgan ballar, qarorlar yakunlovchi hisoblanib oʻzgartirilmaydi va muhokama qilinmaydi.

7.2. Ishtirokchi tomonidan tizimga yuklangan matnlar, agar zarurat tug‘ilsa, loyiha ofisi tomonidan tahrirlanishi va Vikipediyaga joylashtirilishi mumkin. Bunday holatda, mualliflik huquqlari ishtirokchining roziligi asosida loyiha doirasida foydalanish uchun taqdim etilgan deb hisoblanadi.

7.3. Tanlov davomida nizomda koʻrsatilmagan fors-major holatlar yuzaga kelsa ishchi guruh yakuniy qarorni qabul qiladi.


Report Page