Voleybol: ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston superkubogi gʻolibi aniqlandi
Xabar berganimizdek, kecha Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasida voleybol boʻyicha Oʻzbekiston superkubogi bahslariga start berildi.
Erkaklar oʻrtasidagi bahsda amaldagi Oʻzbekiston chempioni va kubogi egasi Samarqandning “Oʻztelekom” jamoasi chempionatning kumush medali sohibi OTMK jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Qizgʻin va murosasiz kechgan oʻyinda mahorat va tajriba oʻz soʻzini aytdi. Garchi OTMK jamoasi oʻz uyida harakat qilgan boʻlsa-da, yakunda 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ayollar oʻrtasida esa bugunning oʻzidayoq Oʻzbekiston superkubogi sohibi aniqlandi. Unda kutilmaganda mamlakat chempioni va kubogi sohibi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining SKUF jamoasi Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlariga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Kecha boʻlib oʻtgan dastlabki oʻyinda nukuslik voleybolchi qizlar 3:1 hisobi bilan gʻalaba qozonishgan boʻlsa, hozirgina yakuniga yetgan bahsda ular yanada ishonchli hisobda gʻolib chiqishdi: SKUF – NDPI – 0:3. Shu tariqa ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston superkubogi Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yoʻl oladigan boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston superkubogida oʻyinlar ikki gʻalabagacha davom etadi. Agar bugun erkaklar oʻrtasidagi ikkinchi oʻyinda ham “Oʻztelekom” gʻalaba qozonsa, u holda bosh sovrin Samarqandga yoʻl oladi.