Voleybol: Oʻzbekiston kubogi-2021 gʻoliblari Nukusda aniqlanadi

Voleybol: Oʻzbekiston kubogi-2021 gʻoliblari Nukusda aniqlanadi


Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida voleybol boʻyicha erkaklar va ayollar jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi bahslariga start berildi.

Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda jami 10ta jamoa “A” va “B” guruhlariga boʻlinishgan holda bahslarga kirishdi. Musobaqada mamlakatimizning eng kuchli voleybol jamoalari boʻlmish “Oʻztelekom”, AGMK, “Milliy gvardiya” singari jamoalar ham ishtirok etishmoqda.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda Samarqandning “Oʻztelekom” jamoasi mamlakat chempioniga aylangan boʻlsa, AGMK klubi superkubokni qoʻlga kiritgan edi.

Ayollar oʻrtasidagi musobaqalarda esa 6 ta jamoa bahslashmoqda. Ajablanarlisi, bahslarda mamlakatimizning amaldagi chempioni – Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining SKUF jamoasi qatnashmayapti. Bu esa oʻz-oʻzidan Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlarini musobaqa favoritiga aylantiradi. Biroq, sport kutilmagan natijalarni taqdim etishi bilan jozibador va umid qilamizki, Nukusdagi Oʻzbekiston kubogi bahslari bizga yangi jamoalarni kashf etib bersa.

Oʻzbekiston kubogi oʻyinlarini boshqarib borish uchun 18 nafar hakam jalb etilgan boʻlib, saralash musobaqalari 13-dekabrga qadar davom etadi. Yarim final va final bahslari esa 14-15-dekabr kunlariga belgilangan.


Report Page