Vinsent telba emas

Vinsent telba emas

Ali

“Telbalik qismatidan mahrum bo’lmagan birorta ham ulug’vor jon yo’q”

Arastu

 

 

Ijodkor insonning hayoti uning asarlarida aks etadi, degan gapga ishonaman. Ayniqsa, so’nggi mutolaamdan keyin. Toshkentda Van Gog ko’rgazmasi bo’lmaguncha, u haqida ismidan boshqa hech nima bilmasdim. Suratlarida nuqul to’q, hatto asabga tegadigan darajadagi ranglardan ko’p foydalanganining boisini uncha tushunmagandim. Endi bildim, hayotidagi og’irlik, baxtiqarolikning rangi chizgilariga ko’chgan ekan.

 

“Hayotga tashnalik”ni Factorbooks nashriyoti sovg’a qildi(buning uchun ulardan minnatdorman). Asarni qo’lga olarkan, Vinsent hayotga, yashashga, hatto, yaxshi yashash, mashhurlikka erishishga harakat qilgan bo’lsa kerak, deb o’ylagandim, Ammo, Vinsentning nazdida hayot biz tasavvur qilgandek emas. Asarda yozilganidek, u nonsiz-suvsiz, xotin-bola-chaqasiz, pulsiz, uysiz, do’st-birodarlarsiz yashashi mumkin, ammo palitrasiz, mo’yqalamsiz, ijodsiz yashay olmaydi. Nafas olish bizga nima bo’lsa, rasm chizish unga shu.

Van Gog hayotda o’z o’rnini topishga, otasi, sulolasiga munosib bo’lishga umrining bir necha yilini sarfladi. Shu maqsadda ne-ne kunlarni boshdan kechimadi, umri ne-ne xarobalarda o’tmadi deysiz. Ammo, oxir-oqibat uni tushunmaydigan amakilar, ustozlardan eshitgani “qo’lidan ish kelmaydigan yalqov, tirraqi” degan so’z bo’ldi.

Qarindoshlar bilan munosabat, ijtimoiy va iqtisodiy hayot tarzi kamday, ishq bobida ham har gal adashaverdi. Kimdir uni xotinboz deb o’ylashi mumkin, lekin hayotidagi deyarli hech bir qiz unga xotinlik qilgani yo’q. Birini Vinsent telbalarcha sevsa, biri Vinsentni sevardi.

Minglab chaqirimlarni piyoda bosib o’tish, qilgan mehnatlarining samarasizligi, xizmatlarining qadrlanmasligi, ochlik, yupunlik bir tomon, jamiyatda uni hamfikr, maslakdosh odamlarning yo’qligi bir tomon.

Bir filmda shunday so’zlar bor edi:” Jamiyatda senga o’xshaganlar ko’p bo’lsa, demak men jinniman. Mabodo menga o’xshaganlar ko’p bo’lsa, demak sen jinnisan”. Ha, uning atrofida unga o’xshaganlar umuman yo’q edi. Bu esa uning chinakam ruhiy xasta bo’lishiga olib keldi.

 

Faqat o’layotgandagina ozgina qadr topish qanchalar achinarli. Vinsent Van Gog ana shunday xor-zor hayot kechirib, buyuk iste’dodi qadr topmay, tushunilmay, eshitilmay dardini ichiga yutib, o’lim topgan ulug’vor shaxs.

Yo’q, Vinsent hayotning faqat qora chiziqlarini ko’rmaydi. Shunchaki biz ko’rgan go’zallikdan tashqari aftoda, chirkin bir hayot ham borligini, u hayotni yashaganlarga qanchalik qiyinligini ko’rsatishni istaydi. Ularga ham kimdir qarashini, kimdir qo’llashini istaydi. Ular ham ro’shnolik ko’rishini xohlaydi. Shu ilinj bilan rassom, ruhoniy, shifokor, konchi bo’lib ko’rdi. Ularning hayotini yashab ko’rdi, necha marta Jahannam changalidan qaytdi. Ammo yo’lning oxirida faqat o’zini qiynoqqa solgani qoldi, xolos.

Yana ishq. Hayot tumorining shodalarini birlashtirib turgan ip. Vinsent ozgina sevolmaydi, uning uchun sevgi – hamma narsa. Bir necha marta uchrashgan qiziga quloqlarini sovg’a qilish uchun qanchalik oshiq bo’lish kerak, tasavvur qilyapsizmi?

Vinsent jinni emas, Vinsent soppa-sog’. Shunchaki, biz uning ko’zlari bilan qarolmaymiz, u his etganlarni his etolmaymiz. U bu olamni, undagi jamiki bor va yo’q narsalarni boshqalar kabi o’lchamaydi. Biz yuksak baho berganlarimiz uning uchun qadrsiz va mayda. Uning nazdida bebaho bo’lganlarni biz yetti uxlab tushimizda ko’rolmaymiz.

 

Asarning shakli, yozilishiga kelsak, Irving Stoun men yangi tanishgan ajoyib ijodkor. Tarjimonlar Rustam Jabborov, Munira Norovalar ham mohirona ishlashgan. Asarni o’qirkan, Vinsentning hayot tarziga qarab o’qish tezligingiz, hissiyotlaringiz, kayfiyatingiz o’zgaradi. Tezkor, ammo yetarlicha batafsil tasvir, dialoglar odamni zeriktirmaydi. Vinsent bir o’rtog’ingizga aylanib qoladi. Qahramon o’ta og’ir kunlarni boshdan kechiradi, ammo yozuvchi uni tabiiy holdek tasvirlagan, o’quvchi ham oddiy holdek, boshqacha bo’lishi mumkin emasdek qabul qiladi. Asarni o’qirkan, o’rta asrlar oxiri Yevropa jamiyatiga sayohat qilasiz. Yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar davrasida bo’lasiz. Ziyolilardan ko’p narsa o’rganasiz. Ammo ular bugungi ziyolilar kabi xor, e’tiborga muhtoj, hatto ming marta battar yashashlaridan dod solgingiz keladi.

 

Savol tug’ilishi mumkin, nega ro’shnolik ko’rmagan, telba bo’lib o’z joniga qasd qilgan odamning hayoti haqidagi asar “Hayotga tashnalik” deb nomlandi ekan?

Chunki, o’sha qahramon uchun hayot bu tiriklik emas. Uning uchun nima hayot ekanligini esa asardan albatta o’qib olishingiz kerak.

Shukronalikni ham, yetarlicha norizolikni ham ayni asardan topasiz. Hayotda eng muhimi aslida nima ekanligini o’rganasiz. Muhimi, Vinsent Van Gog ismli malla tentak bir do’st orttirasiz. 

Report Page