Viloyatimizning aziz bitiruvchilari, qadrli yoshlar!

Viloyatimizning aziz bitiruvchilari, qadrli yoshlar!

Mansurbek

Sizlarni bugungi kun – maktabni bitirib, katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotganingiz bilan chin yurakdan, samimiy tabriklayman. Toʻgʻri tanlov qilib, kelajakda barcha toʻsiqlarni yengib oʻtishga yordam beradigan munosib kasb egasi boʻlishingizga tilakdoshman. Unutmangki, bugungi tanlovingiz kelajagingizni belgilab beradi.


Zero, Yangi Oʻzbekistonning kelajagi, ilm-fani, madaniyati, qadriyati, sohalardagi rivoji negizida Siz turibsiz. Demakki, kichik vujudingiz shu katta mamlakatning ori va gʻururidir. Doim yuragingizda ezgu orzularingiz, oldingizga qoʻygan aniq maqsadlaringiz boʻlsin, kun kelib, qatʼiyat va mehnatingiz mana shu kelajakdagi rejalaringizni roʻyobga chiqarishiga ishonaman.


Bugun viloyatimizdagi “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarida jami 187 453 nafar oʻquvchi jalb etilgan. Shundan, 54 877 nafari 1-sinf, 51 541 nafari 4-sinf, 50 025 nafari 9-sinf va 31 010 nafarini 11-sinf oʻquvchilari tashkil etadi.


2023-2024 oʻquv yili yakuni boʻyicha oʻzining naʼmunali xulqi va aʼlo baholari bilan oʻrnak boʻlgan oʻquvchilarga 851 ta oltin, 132 ta kumush medallari topshirilishi barchani birdek xursand qiladi. Aminmanki, sizlar ana shunday imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar boʻlib, kelgusida yurtimizdagi oʻzingiz tanlagan kasbning kerakli mutaxassisi sifatida ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qoʻshasiz. Jadid bobolarimiz Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Avloniy, Qodiriylarning taʼbiri bilan aytganda ilm va maʼrifat, hunar va harakat sizlarni Vatanimizni munosib vorislari qilib tarbiyalashiga ishonamiz.


Aziz oʻgʻil-qizlarim!


Sizlarning har biringiz doimo el-yurtimizning mehri va eʼtiborida boʻlasiz. Bu borada joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi, ota-onalar va ustozlaringiz Sizlarga yaqin koʻmakchi va maslahatchi boʻladi.


Mana shunday shukuhli onlarda Siz, aziz farzandlarimni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qoʻyib, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, koʻzlagan choʻqqilarga albatta erishasiz.


Barchangizga ish va oʻqishlaringizda, shaxsiy hayotingizda ulkan zafarlar tilayman. Siz buyuk daholar va allomalar avlodisiz, qoningizda mavj urayotgan kuch va gʻayrat, zakovat hamda salohiyat fursat kutmoqda. Bu fursatni haqiqatga aylantirish esa oʻz qoʻlingizda.


Hayotda doim eng yuksak choʻqqilarni zabt etishni maqsad qiling, olgʻa intiling, dadil qadam tashlang, mehnatkash va masʼuliyatli boʻling! Qaysi sohani tanlasangiz ham, yutuq, omad va yuqori natijalarning oltin qoidasi boʻlgan mashaqqatli mehnat va yuksak masʼuliyat Sizni aslo tark etmasin!


Hurmat bilan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev.


Report Page