Viloyatda joriy yilda 705 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlanishi reja qilindi
Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Abdurasul Abdullayev raisligida oʻtgan yigʻilishda bu boradagi ishlar belgilab olindi. Unga koʻra, aholini daromad keltiradigan mehnat bilan band qilish yuzasidan tarmoqlar kesimida maqsadli koʻrsatkichlar shakllantirildi.
Jumladan, qurilish-transport, kommunal va uy-joy qurilishi hisobiga 9,2 ming ta, xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha 500 ming, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 23,6 ming, qishloq xoʻjaligi sohasida 172,6 mingta doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratish va bandligini taʼminlash koʻzda tutildi.
Hokim yordamchilari faoliyati sarhisob qilinar ekan, 2023-yilda ular koʻmagida viloyatda 350 mingdan ortiq ishsizlar bandligi taʼminlanganligi qayd etildi. 2 ming nafardan ziyod fuqarolarga subsidiyalar ajratilganligi, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan 32 ming768 ta loyihaga jami 801 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratilgan.
2023-yil yakunlari bilan asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra, viloyatda oʻrtacha 85 ball (yaxshi) natija, deb baholandi. Yuqori natija qayd etgan Ohangaron (88,2 ball), Angren (87,6 ball) va Olmaliq (87,3 ball) shaharlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Shu bilan birga, yigʻilishda ayrim hokim yordamchilari tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Yaʼni, viloyat boʻyicha muammoli qarzdorliklar har bir tuman-shahar kesimida tahlili qilindi. Xususan, tadbirkorlik subyektlarining tashkil qilinishi sustligi, bugungi kunda faoliyati toʻxtab qolgan kichik tadbrkorlik subyektlari, korrupsiyaviy holatlar chuqur tanqid ostida olindi.
Yigʻilish soʻnggida, 2024-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator ishlar vazifa sifatida yuklatildi.