Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyyarto bilan uchrashuv

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyyarto bilan uchrashuv

MoliyaPress

Joriy yilning 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev hamda Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyyarto ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar tobora yuqori sur'at bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘lib xizmat qilib kelayotganligiga alohida urg‘u berdilar.

Xususan, 2022-yil oktyabr oyida amalga oshirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga oliy darajadagi tashrifi hamda noyabr oyida Viktor Orbanning Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammitiga tashrifi doirasida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yangi darajaga ko‘targanligi ta'kidlandi.

Shuningdek, vengriyalik mehmonga 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlari yuzasidan so‘z yuritilib, ushbu islohotlar doirasida mamlakatning 2 ta yetakchi vazirliklari negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil qilinganligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformasiya qilish, bank ishining zamonaviy standartlarini, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, banklardagi davlat aksiyalari paketini zarur tajriba va bilimga ega bo‘lgan investorlarga tanlov asosida sotish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganligiga to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida, 2022-yilning 12-dekabr kuni Ipoteka bankni OTP guruhiga sotish bo‘yicha imzolangan shartnoma tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishiga va bu boradagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘z navbatida, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyyarto mamlakatimizda iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investisiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilayotgan yuksak e'tiborni e'tirof etgan holda ikki tomonlama hamkorlikni yuqori darajada davom etishiga ishonch bildirdi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page