Vazir yoshlar davrasida
Bugun Termiz davlat universitetida yangi oʻquv yilining boshlanishi hamda zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi oʻquv binosining ochilishi munosabati bilan universitetning 6 ta talabalar turar joyi yoshlari uchun osh tayyorlanib, bayram dasturxoni yozildi.

Ushbu jarayonda vazir Abduqodir Toshqulov ham taʼlim maskani jamoasi va talabalar bilan bir dasturxon atrofida taomlanib, samimiy suhbatlashdi.


Talabalar bir tomondan oʻqish boshlaganidan, ayrimlari esa talabalik baxtiga muyassar boʻlganliklaridan xursandliklarini aytib, suhbatga yanada koʻtarinki kayfiyat ulashishdi.

Shundan soʻng, yotoqxonalarda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi, ularda talabalarni adolat mezonlari asosida joylashtirish borasidagi ishlar ham oʻrganildi.

Maʼlumot oʻrnida, universitetda jami 2 700 oʻringa moʻljallangan 6 ta TTJ mavjud boʻlib, shundan 5 tasida qizlar, 1 tasida oʻgʻil bolalar istiqomat qiladi.

Vazir bilan muloqotda talabalar yotoqxonaga joylashish uchun yengillik va qulaylik yaratilgani, jumladan maxsus platforma orqali onlayn ariza topshirish yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlashdi.

Shuningdek, berilgan muhim yengilliklardan yana biri TTJ uchun oylik toʻlov miqdorini 135 ming soʻmga tushirilganini aytishdi.
Turar joylarda talabalarning “Fitnes klubi”, “Qizlarjon klubi” kabi toʻgaraklarda qizlar sportning shaxmat, shashka, sport gimnastikasi, stol tennisi kabi turlari bilan shugʻullanishi yoki tikuvchilik hunarini egallashlari uchun qulay sharoit yaratib berilgani guvohi boʻlindi.

A.Toshqulov va A.Marahimov boʻsh vaqtida mashgʻulotlar bilan shugʻullanayotgan talabalar bilan shaxmat, shashka, stol tennisi sport turlarida kuch sinashdi.

