Vazir A.Toshqulov: Imtihon nazoratchilari va professor-o‘qituvchilarning halolligi qo‘shimcha rag‘batlantiriladi 

Vazir A.Toshqulov: Imtihon nazoratchilari va professor-o‘qituvchilarning halolligi qo‘shimcha rag‘batlantiriladi 


Xabaringiz bor, shu kunlarda 46 ta oliy ta’lim muassasasida kasbiy, ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu yilgi imtihonlarga 3 ta majburiy fanlar bloki qo‘shilgani, jarayonlarni sifatli kameralar hamda imtihon.edu.uz va OTM rasmiy saytlari orqali onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgani, shuningdek, ularga jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar jalb qilinayotgani imtihonlarni shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlamoqda.

Bundan tashqari, OTMda o‘tkazilayotgan imtihonlarni vazirlik mas’ullari bilan birga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutasaddilari ham bevosita nazorat qilib bormoqdalar. 

Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov bilan birga joylarda bo‘lib o‘tayotgan ijodiy, kasbiy imtihonlarni kuzatdi. Dastlab, Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lib, universitetda tashkil etilgan kasbiy, ijodiy imtihonlar hamda abituryentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan bevosita tanishdilar. Xususan, Musiqa ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga topshirgan abituriyentlar bilan suhbat qilindi. Oliygoh mas’ullari tomonidan jarayonlarning ochiq va shaffof olib borilayotganligi haqida batafsil axborot berildi.

Abituriyentlar ham bu yilgi qabul jarayonlari, ijodiy va kasbiy imtihonlar bo‘lib o‘tayotgan maskanlardagi yaratilgan sharoitlarni ta’kidlab, endi adolatli qabul bo‘layotgani, yoshlar avvalgi yillardan farqli o‘laroq o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlarga hujjat topshirayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlashdi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati institutida ham bo‘lishib, musiqa san’atiga qiziqqan yoshlarning salohiyati, imkoniyati va bu ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Vazir zarbli cholg‘u yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihon topshirayotgan bir qator yoshlarning maktabda egallagan bilimiga guvoh bo‘ldi. Abduqodir Toshqulov imtihonlarni kuzatayotgan mas’ullarga qarata oliy ta’limda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha salmoqli ishlar qilingani, o‘qishga kirish shaffof bo‘lib borayotgani, faqatgina ijodiy va kasbiy imtihonlarda o‘ta xushyorlik va kasbiga sadoqat bilan yondashgan holda tizimga dog‘ tushirmay ushbu imtihonlarni nazorat qilishlarini so‘radi.

O‘z so‘zida davom etar ekan A.Toshqulov vazirlik va oliy ta’lim muassasalaridan imtihonlarni kuzatib borishga jalb qilingan mas’ullarga halolligi va adolatli qarori uchun katta miqdordagi qo‘shimcha rag‘bat pullari berilishini alohida qayd etdi.