Vatanga xizmat – burch va sharafdir!

Vatanga xizmat – burch va sharafdir!

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi 

14-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan kun

Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi va o‘z duolarida, avvalo, yurtga tinchlik-xotirjamlik so‘rashi ham bejizga emas. Zero, orzularning, ezgu niyatlarning ro‘yobga chiqishi tinchlik deb atalmish ne’matga bog‘liq. Mustaqillik yillarida erishilgan eng katta boyligimiz – xalqimizning tinch va osuda hayoti bo‘lsa, mustaqilligimizning kafolati milliy armiyamizning mavjudligidir. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning ayrim mamlakatlarida yuz berayotgan turli mojaro, notinchlik, tartibsizliklarni kuzatar ekanmiz, ona zaminimizdagi tinch hayot, musaffo osmon bilan faxrlanamiz.

Bugungi kunda ham dunyo bo‘ylab chegara nizolari, turli bahonalar orqali davlatlar hududi, tabiiy boyliklariga ega chiqishni ko‘zlagan yovuz niyatlar ayrim  mamlakatlar xalqlarining halovatini buzgan. Adolatsiz, ma’nisiz urushlar ro‘y beryapti. Ayrim siyosiy markazlar Yer yuzida zulm va buzg‘unchilik urug‘ini sochayotir. 

Mana shunday davrda tinch, xavfsiz, barqaror mamlakatda yashayotganingga shukr qilasan kishi. Ammo tinchlikni ta’minlashning o‘zi bo‘lmaydi. Uning ortida bu ishga mas’ullarning uyqusiz, bedor tunlari, mashaqqatli mehnatlari yotadi. 

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida uzoq davom etgan ishonchsizlikka barham berish, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning iqtidorga kelgan ilk kunlaridan kun tartibidagi asosiy masalalardan biri sifatida ko‘tarildi. Prezidentimizning o‘tgan yilning 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida: “Biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda o‘ta keskin va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim va zarur. Donishmand bobolarimizning “Birlashgan – o‘zar, birlashmagan – to‘zar” degan hikmatli maqoli bor. Chindan ham, qarang, kimki birlashdi – hayotda o‘zdi, g‘alabaga erishdi. Kimki birlashmadi – to‘zib, yo‘q bo‘lib ketdi. Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak. Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. …”, - deya ta’kidlaganlari ham bejizga emas.

Shunday ekan, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish oldimizdagi kechiktirib bo‘lmas, muhim vazifalardan. Bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar bizdan doim ogoh va hushyor bo‘lishni taqozo etadi. Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni hamda ahamiyati tobora ortib bormoqda. Yoshlarga vatan himoyasi muqaddas burch, sharaf ekanligini anglatish, vatan himoyachisi degan sharafli kasbga hurmati va mehrini oshirish maqsadida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi tumandagi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda targ‘ibot tadbirlari, soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuvlar, harbiy qismlarga yoshlar sayohatlarini tashkil etib kelmoqda. Jumladan: Vobkent tumanida Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmasi, Mudofaa bo‘limi hamda ichki ishlar bo‘limiga biriktirilgan tumandagi 5-maktab, 21-maktab va 27-maktablarda tashkil etilgan “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining Buxoro shahridagi 28803 harbiy qismi hamda Buxoro shahrida joylashgan harbiy qismlarga sayohati tashkil etildi. Bu kabi tadbirlar, eng avvalo, harbiy xizmatchilar hayoti bilan yoshlarni tanishtirish, ularning qalbida kasbga nisbatan mehr uyg‘otish, soha uchun kadrlar zahirasini tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Tadbirda O‘zbekiston Qurolli kuchlari, harbiy oliygohlar hamda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan chop ettirilgan "Armiya va tarbiya" kitobi haqida yoshlarga ma’lumot berildi.

Bu kabi keng ko‘lamli chora-tadbirlar yoshlarni harbiy- vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hal qiluvchi omillardan biri bo‘lmoqda. Bu jihatlar esa xalqimiz osoyishtaligini, sarhadlarimiz daxlsizligini, mamlakat suverenitetini ta’minlashga, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishishga xizmat qiladi.

Nodir RUSTAMOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi rahbari



Report Page