Vatan ifori

Vatan ifori

Iqtisodchi kundaligi

Kecha uchoqda o‘ylagan edim: qanday hidlar bilan vatanni assotsiatsiya qilaman? Topdim. Yoz paytida supurib suv sepilgan yerni hidi bo‘ladi-ku, o‘sha hid menga o‘zimni uydagidek, vatandagidek his qildirar ekan. Bilsangiz kerak, shu hid juda boshqacha bo‘ladi, qurigan tuproq ustiga sepilsa yoki yo’lakda rayhon bo’lsa va uni ham ustiga ozgina suv sepilib yuborilsa, ayniqsa shu ikki hid aralashsa. Yillar o‘tib rafiqamga shu hid yoqishini bir aytib berganimda, bu hidning ilmiy nomi borligi, uni "petrichor" deyishlari haqida aytib bergan edi. Sepilgan suv quruq yerdagi bakteriyalar bilan aralashgani tufayli shunday hid taralar ekan. Nega aynan bizning diyorda bu hid boshqacha bo‘lar ekan deb ham qidirib ko‘rgandim. Tushunishimcha, ikki mexanizm muhim: biri — yer ko‘p payt quruq bo‘lishi kerak, bizning yurtda esa, bilasiz, havo juda quruq, dengizlar ham yo‘q, namlik ham yo‘q. Havo ham, yer ham, ko’pincha quppa-quruq. Ikkinchisi — o‘simliklar bo‘lishi ham kerak ekan. Ya’ni qup-quruq cho‘lda emas, o‘simliklar bor joyda tuproqdagi hid kuchliroq taralar ekan. Xullas, bu hid bizning vatanda kuchli bo‘lishining ilmiy sabablari ham bor ekan. Boshqa yurtlarda uncha sezmas edim bu hidni.

Bizning dala hovlimiz Chorvoqda, o’sha mashhur "Bochka"dan Humsonga ketaverishda joylashgan. Yoshlikda yozning ko‘p kunlarini o‘sha yerda o‘tkazar edik. Dala hovlimizda ko‘p narsa bor edi: atirgullar ham yo‘lakda ekilgan edi, mavsumiga qarab rayhon ham bor edi, nastarin daraxti ham. O’sha hovlida quruq yerga kech payt suv sepilsa, hamma hidlar aralashib, bir ajoyib ifor taralar edi. Yoz kunlarida, ayniqsa namozshom payti hovlida o’tirish zo‘r bo‘lar edi. Chunki kuni bilan hammayoqni qizitgan quyosh yerni isitib qo’ygan bo‘lar edi, lekin kechga yaqin havo soviy boshlagani uchun, qiziq kontrast bor edi, shabada va issiq yer. Shunday kunlarda, yerga suv sepsangiz tez parlanib ketardi, ozgina ko‘proq sepilganidan keyingina yer ham soviy boshlar edi. Hovlida, ishkom tagida, juda bir o'tirishni kechalar bo'lar edi, chunki petrichor aralash atir gul va rayhon hidlaridan bahra olish imkoni bor edi. Aytolmaymanki, dala hovlimiz juda zo‘r qaralgan edi deb, ko‘p yovvoyi o‘tlar ham o'sar edi, ishkom ham unchalik puxta xomtok qilinmagan edi, lekin shu tartibsizroq bog‘ ham qandaydir shinamlik, floraning tabiiyligini bildirib turarmidi. Ayrim odamlarning hovlilari yaxshi qaralgan bo‘ladi-ku, bizniki shu yovvoyiroq ekanini boshqalarnikiga borganimda ko‘ra boshlagan edim. Buni aytib berishimni sababi, o‘sha hovlida o‘tirishdagi orom, menimcha, menga vatan ma’nosini yaxshiroq anglatgan, to'g'rirog'i, his qildirgan bo‘lsa kerak. Ya’ni vatan tuyg‘usi, menimcha bu jumladan ifor ham.

Yozning bir kuni hamma uydagilar bilan o‘sha dala hovliga bir necha kunga chiqdik. Yozning oxirgi kunlari edi chamamda, o‘qish boshlanishi arafasida edik. Nok terdik, ikki yengil mashinani nok bilan to‘ldirdik. Nokni asosan men akam bilan terardik. Bir xil payt dodam, bir xil payt adam yordam berishar edi: tepadan tashlashar edi, biz esa xuddi qimmatbaho Faberje tuxumini ilib olgandek, yumshoqqina ilib, ularni tog‘ora va chelaklarga to‘ldirar edik. Agar ilayotganda qattiq ovoz chiqsa, yoki xudo ko‘rsatmasin, agar ilay olmasak, dodamdan aniq gap eshitardik — e’tiborsizligimiz uchun.

Noklarni adamlar ishlaydigan do‘konga (hozir Korzinka deb nomlanadi) topshirar edik. Ular 5–6 haftadan so‘ng, sotilganiga qarab pulini berishlari kerak edi — sotilmay qolgan kilosini ayirib, albatta. Ko‘pincha pulni buvimga olib borishganda, bizga yo tegar edi, yo tegmas edi. Unutib yuborishga ham ulgurar edik - chunki ancha kutish kerak edi. Bir xil payt esa buvim: "Olib qo‘ydim, nimadir kerak bo‘lganda so‘rarsizlar", derdilar. Qandaydir jiddiy xarajat bo‘lmagani uchun ham, bir xil payt olmas edik ham. Lekin eng ko‘p adrenalin pulni qo‘lga olganimiz uchun emas, shu do‘konga olib borganimizda bo‘lar edi, necha kilo chiqqani va do‘kon bizga qancha pul berishlari kerakligi yozilgan hujjatni qo‘limizga olganimizda.

Xullas, o‘sha kuni ikki mashinani nok bilan to‘ldirdik va negadir sabablari esimda yo‘q, ertasi kuni qaytadigan bo'lib dodam bilan qoldim, qolgan hamma Toshkentga qaytishdi. Dodam GAZ-24 "Volga"ni haydab kelgan edilar; mashinaning nafaqat bagajini, balki salonini ham noklarga to‘ldirib chiqdim. Kun g‘ira-shira edi, hovlini oyim supurib, suv sepib ketgan ekanlar. Xullas, qornim och edi, qarasam tushlikka qilingan moshxo‘rda qolibdi. O‘zimga yaxshilab suzib oldim, isitmadim, chunki moshxo‘rda aynan xona haroratida zo‘r bo‘ladi. Keyin stolda rayhonni ko‘rib qoldim, uni ham maydalab moshxo‘rdamga sepdim; qurut bor edi, uni ham maydaladim; va nihoyat muzlatkichdan qatiq oldim. Ozgina-ozgina qatiq solib, aralashtirib yedim. Moshxo‘rdaga qatiq solishni bilish kerak: kam solsa, qatiqning nordonligi unchalik bilinmaydi; ko‘payib ketsa, go‘ja bo‘lib qoladi. Albatta, harorati ham muhim. Xullas, shuning uchun eksperimental ravishda ideal moshxo‘rdani aralashtirib, botayotgan kunga qarab ichib o‘tirgandim.

Shunda dodam aytib qoldilar, hozir o‘rtoqlari Jo‘ra aka kelishini. Rahmatli Jo‘ra aka Humson qishlog‘ida yashardi; menimcha, hozir ham o‘sha yerda ko'pchilik u kishini taniydi. Ugamning bo‘yida hovlilari bo‘lar edi, yoz payti uyining tagidagi bir nechta so‘ri-karavotni ijaraga ham berardilar, mehmonlari so‘rasa, qozonda ovqat ham qilib berardilar. Aniq esolmayman-u, lekin dodam bilan ular ancha yildan beri qadrdon do‘st edilar, menimcha, sovet davrida Iroqda birga ishlashgan. Qachon ko‘rmay, bir necha soatlik suhbatdan keyin gap aylanib kelib, hazillar aytishga yoki eski do‘stlar aytib bergan hazillarni eslashga o‘tib ketardi. Ko‘p o‘tmay Jo‘ra aka kelib qoldi — qo‘lida bir qop to‘la qo‘ziqorin edi. "Bugun qo‘ziqorinli dimlama qilamiz", dedi. Men bunday taomni yemagan edim, lekin o‘zim ovqat pishirishga ozmuncha qiziqqanim uchun, pishirishga qarashgim keldi.

Men kichik oshpaz bo‘lganim uchun, menga kartoshka va piyoz artish vazifasi yuklatildi. Kartoshkani qalinroq artibman shekilli, dodam ko‘rib, "bunday kartoshka artishing qo‘ylar duo qilishi uchunmi?" deb hazillashdilar. Keyin xuddi qozon-kabob qilgandek, kartoshkani pirashkadek qizartirib qovurib oldik; so‘ng piyoz va kesilgan qo‘ziqorinlarni pishirdik, ozgina vaqt o‘tib ikkisini birlashtirib, dimlab qo‘ydik. Nega buning nomi "dimlama" deyilishini tushunmadim, axir qozon-kabobdek qilinar ekan-ku degan savolim ochiq qoldi. Lekin muhimi - o‘rganib oldim. Hayotda o‘zi ko‘p narsalarda jarayon maqsaddan ko‘ra muhimroq. Uzoq yo‘lga chiqqanda masalan, ayniqsa chiroyli manzara bo‘lsa, yo‘lda yurishning o'zi maqsad bo‘ladi — boradigan manzil emas maqsad. Qiziq suhbat ustida taom pishirish ham o‘zgacha maroqli jarayon, taom qanday chiqishidan qat’i nazar.

O‘sha kunni — botayotgan quyoshga qarab moshxo‘rda ichib o‘tirganimni, Jo‘ra akaning qo‘ziqorin solingan qopini, yarim tungacha cho‘zilgan suhbatni — hozirgidek eslayman. Vatan desa, menimcha, shu oddiy narsalar: moshxo‘rdaning ta'mi, tuproqqa sepilgan suvning hidi, hovlidagi atirgullar, yoz tugashini eslatadigan shabadaning mehri. Bo‘ladi-ku, kuz hali kelmagan, lekin kelish arafasida ekanini eslatadigan birinchi mayin, sovuq aralash shabada; yuzimni sal silaganini hozir ham yaxshi eslayman. Buni shunchalik aniq eslashimning sababi, menimcha, hamma narsaning bittada bo‘lgani: hali maktab boshlanmagan, kattaroq sinfga chiqishim oldinda, qandaydir bolalik beg‘uborligi bor, va vatanda, uyimda ekanligimning osoyishtaligi bor. Uyda ekanligim tuyg‘usini o‘shanda his qilmagandirman deb o'ylayman, lekin hozir, orqaga qarab his qilaman, chunki musofirchilikdaman. Ko‘p tuyg‘ularni bilish uchun teskarisini ko‘rib bilish kerak: "sevgisiz nafrat bo‘lmaydi" deganidek, vatan tuyg‘usini ham uzoqlikda, tamoman boshqa muhitda bo‘lmaguningcha odam seza olmaydi.

Vatan tuyg‘usi, aftidan, shunaqa ekan: uning ichida turganingda sezmaysan, chunki u sen uchun havodek -- shunchaki bor, tabiiy, e'tibor ham bermaysan. Faqat undan chiqib, butunlay boshqa havodan nafas olganingdagina, o‘sha eski havo qanaqa bo‘lganini bilib qolasan. Shuning uchun o‘sha oqshomni hozir bunchalik aniq eslayman: o‘shanda uni bir on deb bilmaganman, "hayot doim shunaqa bo‘laveradi" deb o‘ylaganman. O‘sha kechasi dala hovlida chigirtkalarning sayrashi, kanaldagi suvning mayin oqishi, taomdan so‘nggi chaqchaqlashuv, va tun tushishi bilan oyoq ostidan o‘tadigan muzdek shamol hissi - bularning bari men uchun vatan hissi. Vatan demak nafaqat joy, makon va zamon; vatan bu onlar birlashuvi, ifor va suhbatlar ham.




Report Page