“VETERINARIYA – INSONIYATNI DA’VOLAYDI” XALQARO VETERINARIYA KUNI MUBORAK BO‘LSIN!

“VETERINARIYA – INSONIYATNI DA’VOLAYDI” XALQARO VETERINARIYA KUNI MUBORAK BO‘LSIN!

https://telegra.ph/

         Bugun insoniyat global yechim talab etadigan ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Ulardan eng asosiysi, oziq – ovqat xavfsizligi muammosi, shuningdek, insonlar va hayvonlar o‘zaro munosabatda yashab turgan atrof-muhitda vujudga kelayotgan yuqumli kasalliklarning tarqalishidir. Kasalliklar davlatlarga katta iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, insonlar hayotiga ham hamisha katta xavf soladi.

         Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar muntazam olib boriladi. Asosan, chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan insonlar va hayvonlar uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldi olinib, barqaror epizootik vaziyat saqlanmoqda.

         Har yili aprel oyining oxirgi shanbasida, ya’ni ertaga Yer sharining turli nuqtalarida Xalqaro Veterinariya kuni (World Veterinary Day) nishonlanadi. Bu kasb ayni damda dunyodagi eng muhim, mas’uliyatli va shu bilan birgalikda yuqori maosh to‘lanuvchi kasblardan biri sanaladi.

    Jamiyatda veterinariya sohasining muhimligi va insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyatini anglatish, veterinariya tashkilotlari va veterinariya vrachlarining nufuzini ko‘tarish maqsadida 2000 yilda Xalqaro veterinariya assotsiatsiyasining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanba kunini “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilindi va bu kun dunyoning deyarli barcha davlatlarida bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.

         O‘zbekistonda ushbu infrastrukturaning rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston 1992 yildan buyon Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti a’zosi hisoblanadi.

        Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Samarqand davlat Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar Universiteti aynan shu soha uchun mutaxassis – kadrlar tayyorlaydi. Ta’lim maskanida bugun jami 6, 5 ming nafardan ziyod talaba – yoshlar tahsil olishmoqda.

Ta’lim muassasasida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, xalqaro talablarga javob beradigan takomillashtirilgan o‘quv rejalar, o‘quv dasturlar asosida o‘quv jarayoni tashkil etilgan bo‘lib, ilk bor “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi o‘qish muddati 5 yil etib belgilandi. Universitetning barcha ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida o‘quv jarayoni kredit - modul tizimi asosida tashkil etilgan va HEMIS platformasida olib boriladi. O‘quv jarayonida yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni xususiyatidan kelib chiqib, o‘quv seminar-treninglar, mahorat darslari, ochiq ma’ruza va amaliyot, laboratoriya mashg‘ulotlari tashkil etilib, yosh iqtidorli va qobiliyatli o‘qituvchilarda pedagogik mahorat shakllantirilib borilmoqda.

Universitetda ayni kunda 381 nafar professor –o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xorijiy davlatlarning ilg‘or OTMlaridan 23 nafar professor-o‘qituvchilar oflayn va onlayn tarzda universitet o‘quv jarayoniga jalb etilgan.

Ma’lumotlarni keltirishdan maqsad shuki, mamlakatimiz rahbari, shaxsan Prezidentimiz tomonidan soha rivoji uchun katta e’tibor qaratilib, tizim alohida davlat dasturi asosida takomillashtirilib, rivojlantirib borilmoqda.

Bu kasb egalarini e’zozlasak arziydi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida veterinariya kuni shu sohadagi ishlarni keng yoritish va xabardorlikni oshirish maqsadida nishonlanadi. Hayvonlar bilan til topishish oson ish emas. O‘z dardini shifokoriga aytib berolmaydiganlarni da’volash uchun kishidan katta qalb, sabr – toqat va yuksak bilim talab etiladi.

Zamonaviy olamda bu soha ham ancha taraqqiy etgan. Bugungi kun veterinar shifokorlari yetuk bilimli va zamon bilan hamnafas kadrlardir.

O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan barcha mutaxassislarni Xalqaro Veterinariya kuni – kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz!

Farovon turmushimiz, to‘kin dasturxonimiz va salomatligimiz uchun ulardan minnatdormiz!


Hurmat bilan, Xudaynazar Yunusov

Biologiya fanlari doktori, professor

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador

SamDVMCHBU rektori

Report Page