VAZIFALAR BELGILAB OLINDI

VAZIFALAR BELGILAB OLINDI


O'tgan yili yangidan foydalanishga topshirilgan IIV Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi bugungi kunda yoshlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Joriy yilning o'tgan davri mobaynida ushbu muzeyga yuzlab o'quvchi va talabalar sayohat qilib, soha tarixi, tizimda samarali xizmat qilgan xodimlarning ibratli hayot yo'li hamda so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar to'g'risida ma'lumotlar olishdi.

Ayniqsa, Nuroniy jamg'armasi Toshkent shahar kengashi, O'zbekiston VETERAN jangchi faxriy va nogironlar Birlashmasi vakillari hamda ichki ishlar organlari faxriylari ishtirokida yoshlar bilan mazkur muzeyda o'tkazilayotgan Uch avlod uchrashuvlari ularning qalbida vatanparvarlik tuyg'usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, yaqinda ham mazkur tashkilotlarning vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Hamkorlikdagi tadbirlar rejasi mahokama qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, yosh avlodni ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo'shib kelayotganligi uchun muzey boshlig'i, mayor Elbek Normuminovga ushbu tashkilotlar rahbariyatining tashakkurnomalari va Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun medali tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so'z olgan IIV Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti boshqarma boshlig'i, polkovnik J. Sultonov kelgusida yoshlarning sohaga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish borasidagi vazifalarga to'xtalib, departament rahbariyati bu borada boy hayotiy tajribaga ega bo'lgan faxriylarning yordamiga tayanishi va ular bilan doimo hamkorlikka tayyor ekanligini ta'kidladi.

O'z muxbirimiz.

Report Page