Uzumchilik uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi

Uzumchilik uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi

Jo‘rabek Abdulazizov, Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi bosh maslahatchisi

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish, uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, bugungi kunda 90 ming gektardan ortiq maydonda uzum yetishtirilib, sohada 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi taʼminlangan. Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari uzumchilikda maydon jihatidan yetakchi hududlar hisoblanadi.

Jahon bozorida xoʻraki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi oʻrinda boʻlib, har yili unga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda.

Xususan, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan Uzum ko‘chatlarini shpalerga (yog‘och va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) ko‘tarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Mazkur Nizom bilan Uzumchilik sohasi uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi.

Nizomga asosan, subsidiya:

– xo‘raki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Bog‘dorchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan;

– sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Subsidiya barpo qilingan tokzorlarda uzum ko‘chatlarini ko‘tarish maqsadida shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi.

Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuboradi.

O‘rganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.

Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali yozib olinib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilinishi mumkin.

Xabar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda tegishli Agentlik tomonidan rag‘batlantiriladi. Rag‘batlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi (har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining

20 foizi, biroq 300 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori) qoplab beriladi.

Jo‘rabek Abdulazizov,

Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi bosh maslahatchisi


Report Page