"Uzbekistan GTL" MChJ tomonidan oliy ta'lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida navbatdagi “Eng fidoyi ustoz” tanlovining saralash jarayonlari boshlanganligi e’lon qilinadi

"Uzbekistan GTL" MChJ tomonidan oliy ta'lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida navbatdagi “Eng fidoyi ustoz” tanlovining saralash jarayonlari boshlanganligi e’lon qilinadi

Uzbekistan GTL

Noyob texnologik uskunalar hamda zamonaviy muhandislik yechimlari asosida shakllangan “Uzbekistan GTL” MChJning murakkab ishlab chiqarish jarayonlari bilan bir qatorda, unda mehnat qilayotgan malakali kadrlarni ham zavodning boyligi sifatida e’tirof etish mumkin. Bu yerdagi kadrlarning asosiy qismi yosh mutaxassislar ekanligi va ularning mehnati “GTL" zavodining ishga tushirish jarayonida beqiyos ahamiyat kasb etganligi quvonarli hol. 

Ta’kidlash o‘rinliki, 2017 yildan buyon, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari hisoblangan 800 nafardan ziyod iqtidorli talabalar “Uzbekistan GTL” MChJga tanlov asosida ishga qabul qilindi. Shubhasiz, ushbu bitiruvchilarning jahon standartlariga javob bera oladigan kadrlar bo‘lib yetishishlarida ularga ta’lim bergan ustozlarining xizmati alohida o‘rin tutadi. 

Shu sababdan, yoshlarni barkamol hamda yuqori salohiyat va istiqbolga ega bo‘lgan mutaxassis etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya va ilm jarayonida samarali natijalarga erishayotgan OTMlarning ilmiy-pedagog xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida har yili “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Tanlov g‘oliblariga mukofot va sovrinlardan tashqari, zavodning moddiy-texnik bazasidan foydalangan holda ilmiy faoliyat olib borishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Tanlov shartlariga muvofiq, tanlovda OTMda doimiy ravishda faoliyat olib borayotgan va 2 yillik ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ishtirok eta olishadi. Gʻolib o‘qituvchilar “Uzbekistan GTL” MChJ xodimlari va saralangan istiqbolli talabalari, shuningdek OTM talabalari o‘rtasi so‘rovnoma o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi.

So‘rovnomalarda eng ko‘p e’tirof etilgan ustozlar tanlov g‘olibiga aylanadilar. 

Ma’lumot uchun, “Uzbekistan GTL” MChJ oliy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash sohasida muntazam hamkorlik qilib kelmoqda. Dastlab, 2022 yilda ilk marta o‘tkazilgan "Eng fidoyi ustoz I" tanlovi natijalariga ko‘ra 9 nafar professor-o‘qituvchilar tanlovning g‘oliblari sifatida e’lon qilindi hamda 70 nafar professor-o‘qituvchilar tanishuv va malaka oshirish maqsadida zavodga tashrif buyurgan edi. O‘tgan 2023 yilgi tanlov ko‘lami yanada kengaydi va tanlov doirasida respondentlar tomonidan 383 nafar o‘qituvchilarning nomzodlari taklif etildi. Tanlov komissiyasi tomonidan mazkur nomzodlar to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlar atroflicha tahlil qilingan holda, 13 nafar professor-o‘qituvchilar 2023-2024-o‘quv yilida ikkinchi bor “Uzbeksitan GTL” MChJ tomonidan o‘tkazilgan “Eng fidoyi ustoz II” tanlovining g‘oliblari sifatida e’lon qilindilar.

Bugun, 5 avgust 2024 yildan boshlab, 2024-2025 oʻquv yili uchun "Eng fidoyi ustoz III" tanlovi eʼlon qilindi. Tanlovning dastlabki bosqichi, soʻrovnoma 2024 yil 23 avgust kuniga qadar oʻtkaziladi.

So'rovnomada ishtirok etish uchun havola: https://docs.google.com/forms/d/15YblilGjQnSr2S2e4tz6Xlx3ixfCLyMs-_EcKg7iz28/edit

Aminmizki, ko‘plab ustozlar o‘z kasbiga vijdonan, halol yondoshgan holda yosh avlodga ta’lim berib kelmoqdalar. Ularning mehnatini qadrlash, jamiyatda o‘qituvchi kasbini nufuzini yanada yuksaltirish “Uzbekistan GTL” zavodining o‘z oldiga qo‘ygan vazifalardan sanaladi. Aziz talaba, fidoyi ustozlarni saralab olishda sizlarning so‘rovnomadagi ishtirokingiz muhim hisoblanadi. Sizga OTMda dars berayotgan kimni ilmli, o‘z kasbining yetuk va haqiqiy fidoyisi deb bilasiz, so‘rovnomada ishtirok eting va 2024-2025 oʻquv yili uchun boʻlib oʻtayotgan "Eng fidoyi ustoz III" tanlovida o‘z ustozingizni qo‘llab-quvvatlang.

"Uzbekistan GTL" MChJ PR xizmati

Report Page