“UzFood 2024” xalqaro oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasiga start berildi

“UzFood 2024” xalqaro oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasiga start berildi

 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etilgan “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari - UzFood 2024” 23-Xalqaro ko‘rgazmasiga start berildi.

 

Ko‘rgazmada 26 mamlakatdan 370 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Jumladan, Avstriya, AQSH, BAA, Belarus Respublikasi, Bolgariya, Vetnam, Germaniya, Indoneziya, Italiya, Koreya Respublikasi, Litva, Niderlandlar, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Singapur, Tailand, Turkiya, Turkmaniston, Fransiya, Xitoy, Shri-Lanka, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston o‘zining oziq-ovqat sanoatini namoyish etmoqda.

Aytish kerak, mazkur ko‘rgazma yillar davomida soha mutaxassislari uchun ko‘p qirrali biznes maydoni bo‘lib, u oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarish zanjirining to‘liq siklini – dala va fermadan tortib tayyor mahsulotgacha, shu jumladan qayta ishlash, qadoqlash va saqlash jarayonini o‘zida aks ettirgan.

Har yili ko‘rgazma ekspozitsiyasi yangi kompaniyalarni jalb qilish orqali kengaytiriladi. Bu yil ham o‘tgan yilga nisbatan ishtirokchilar 35 foizga o‘sdi.

  Bu yil ko‘rgazma pavilonlari bo‘limlarga bo‘lingan:

  1-pavilon - oziq-ovqat uskunalarining keng assortimenti: go‘sht qayta ishlash, sut mahsulotlari ishlab chiqarish, yog‘-moy ishlab chiqarish, qandolat sanoati, non pishirish va sovutish, shuningdek sabzavot va mevalarni qayta ishlash liniyalari.

  2-pavilon - ko‘rgazmaning ixtisoslashtirilgan bo‘limi “Qadoqlash. Uskunalar va materiallar - O‘ZuPACK”, bu yerda qadoqlash sanoati uchun zarur bo‘lgan barchasi taqdim etiladi: qadoqlash, poligrafik va fleksografik uskunalar, saralash uskunalari, idishga quyish va yopish, qopqoqlar, yumshoq, qog‘oz va vakuumli qadoqlar, markalash va etiketkalar.

  3- va 4 - pavilonlar - tayyor mahsulotlar, unda ishtirokchilar go‘sht va parranda go‘shti, sut mahsulotlari, qandolat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, oziq-ovqat ingrediyentlari va boshqalarni namoyish etadilar.

  UzFood ko‘rgazmasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun o‘z mahsulotlarini xorijiy mutaxassislarga taqdim etish va eksport muammolarini hal qilishda, shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirishda muhim rol o‘ynaydi.

  Bu yil mahalliy kompaniyalar sharbatlar, pivo va sharob ishlab chiqarish uskunalari, oziq-ovqat va qadoqlash uskunalari, qandolat mahsulotlari, muzlatilgan dengiz mahsulotlari ishlab chiqarish uchun keng ko‘lamli uskunalar bilan chiqishmoqda.

  Xorijiy mamlakatlarning top-5 taligiga quyidagilar kirdi: Xitoy (116 kompaniya), Rossiya (84 kompaniya), Turkiya (23 kompaniya), Germaniya (21 kompaniya), Belarus Respublikasi (18 kompaniya).

  Ko‘rgazmada Belarus Respublikasi, Germaniya milliy pavilonlari, shuningdek Avstriya, Indoneziya, Pokiston, Rossiya, Shri-Lanka kompaniyalarining jamoaviy ishtiroki namoyish etilmoqda. Xitoy va Turkiyadan kelgan kompaniyalar ham keng qamrovda ishtirok etishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ko'rgazma joriy yilning 26-martdan 28-mart kunlari bo'lib o‘tadi.



Report Page