UzAuto nufuzini xalqaro miqyosda tanitgan lider Shavkat Umurzakov samimiy muloqot bilan xodimlar bilan hayrlashdi

UzAuto nufuzini xalqaro miqyosda tanitgan lider Shavkat Umurzakov samimiy muloqot bilan xodimlar bilan hayrlashdi


Shavkat Umurzakov Buranovich joriy yilning 23-mart sanasidan Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tayinlangani munosabati bilan “UzAutosanoat” boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi.

Shavkat Umurzakov avtomobilsozlik sanoatidagi faoliyati davomida mamlakatimiz avtomobilsozlik tarmog’ining jahon bozorida munosib o’rin egallashida eng zarur omillar hisoblangan ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ayni yo’nalishda dual ta’lim tizimini yo’lga qo’yishni ustuvor maqsad deb bildi.

2018 yildan buyon uning rahbarligida UzAuto tarmoq korxonalarida keng qamrovli transformatsiya jarayonining amalga oshirilishi natijasida 2022-yilda 327 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarishga erishildi. Ushbu davr mobaynida mahsulot tannarxini pasaytirish, mahalliylashtirish ko’rsatkichini oshirish va kompaniyaning eksport dasturini kengaytirishda muhim ko‘rsatkichlarga erishildi.

Ahamiyatli jihati, Shavkat Umurzakov faoliyatini boshlagan davrda kompaniyada yiliga salkam 140 ming dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo’lsa, dunyoda ro’y bergan pandemiya davri hamda geosiyosiy vaziyat tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozli vaziyatga qaramasdan 2022-yilda yillik avtomobil ishlab chiqarish hajmi 328 ming donaga yetdi. Bu 2017 yilga nisbatan qariyb 2,5 barobarga o'sish degani. Ma’lumot o’rnida, Shavkat Umurzakov sohaga kirib kelgandan buyon jami 1 400 000 dona avtomobil ishlab chiqarishga erishildi.

Chevrolet Tracker va Onix. Mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqarishning murakkab tizimi asosida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab bergan mazkur tashabbus juda qisqa fursat 3 yilda amalga oshirildi. Buning uchun “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan 12 ta yangi mahalliylashtirish loyihasi amalga oshirildi.

Andijon viloyatida ishga tushirilgan “Kova foundry” quyuv zavodida cho’yan qismlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. “O‘zavtosanoat” AJ tashabbusi bilan rekord darajadagi muddat yaʼni 10 oy ichida qurilib, foydalanishga topshirilgan zamonaviy metal quyuv zavodi 18 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.  

Shubhasiz, kompaniyaning moliyaviy yaxshilanishi UzAuto kompaniyasining xalqaro maydondagi imidjiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. 2021-yilda UzAuto Motors London fond birjasiga 300 million dollarlik xalqaro yevroobligatsiyalarni joylashtirdi va shu yil boshida kompaniya mamlakatdagi eng yirik ommaviy taklifni (IPO) amalga oshirdi. Xalqaro kapital bozorining to‘laqonli ishtirokchisiga aylangan kompaniya mablag‘larni davlat mablag‘lari ishtirokisiz ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va O‘zbekistonda yangi texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirdi.

Shavkat Umurzakov o’z faoliyati mobaynida avtomobilsozlikni multiplikativ soha sifatida metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati, elektrotexnika hamda boshqa turdosh sohalarda bitta ish o’rnida 7-8 ta ish o‘rni yaratishiga sababchi bo’lishini namoyon etib bera oldi.

Soliq imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida, jumladan QQSni o'z ichiga olgan holda 2021 yildan boshlab “UzAuto Motors” AJ birinchi bor O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchilari o’ntaligiga kirdi, sanoat tarmog’ining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,6 foizini tashkil etdi.

Shavkat Umurzakov boshqargan “UzAvtosanoat” AJ tomonidan so‘nggi 5 yil ichida amalga oshirilgan eksporti natijasida yurtimizga salkam 1,4 milliard dollar qiymatdagi sarmoya kirib kelgan. Masalan, 2016-yilda eksport hajmi 58,7 mln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, xorijiy davlatlar bilan xamkorlik kengaygani, sohada ochiq siyosat olib borilayotgani, muhimi sanoatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi natijasida, bugun bu ko‘rsatkich 553,8 mln. dollarga yetgan.

Mazkur davr mobaynida “UzAuto Motors” AJ va 80 dan ortiq boshqa korxonalarni o’z ichiga olgan “O’zavtosanoat” AJ pandemiya va dunyodagi geosiyosiy vaziyatga qaramasdan jami soliq ajratmalari 22,1 trln. so’mni tashkil etdi.

2018-yil holatiga ko’ra, ham ishlab chiqarish sohasida, ham kompaniya boshqaruvidagi agressiv islohotlar sabab kompaniya o’sha davrda 1,7 trln. so’m foydani olishga muvaffaq bo'ldi.

UzAuto rentabeligining o’sish dinamikasini tahlil qiladigan bo’lsak, Shavkat Umurzakov olib borgan islohotlat natijasida, 2018-yilda 1 700,9 milliard so’mni tashkil etgan bo'lsa, 2022-yilda bu raqamlar 3 107,8 milliard so’mga yetdi.

Shuningdek, yengil avtomobillar ishlab chiqarishdan tashqari klaster usulida qishloq xo’jaligi texnika va uskunalarini ishlab chiqarish tajribasini O’rta Osiyoda ilk bor amaliyotga tadbiq etishga erishildi. Qisqa muddat yaʼni 9 oy ichida qurilib, foydalanishga topshirilgan Agrotech Klaster yiliga 15 000 dona qishloq xo’jaligi texnikalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy maydoni 14,7 gektar bo’lgan mazkur loyihada 5 ta tsex ishga tushirilgan bo’lib, ularda soatiga 4 dona traktor ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Shavkat Umurzakov uzoqni ko'zlab boshlagan islohoti yaqin vaqt ichida UzAuto’ni yiliga 1 million dona avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylantiradi degan ishonch bor.

UzAuto jamoasi Shavkat Umurzakovning O’zbekiston avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish yo’lidagi bebaho mehnatini qadrlaydi va galdagi marralar yanada yuksakroq bo’lishini tilaydi!.






Report Page