UzAuto Motors: kadrlar salohiyatini oshirish yo'lida navbatdagi istiqbolli hamkorlik
UzAuto MotorsIshlab chiqarish korxonasi va oliy ta’lim hamkorligi
Ayni kunlarda “Uzavtosanoat” AJ Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi va “UzAuto Motors” AJ Xodimlar boshqaruvi direksiyasi boshchiligida istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, yosh kadrlarni korxonaga jalb etish maqsadida Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Muzokaralar davomida taraflar tomonidan olib borilayotgan faoliyat va istiqboldagi rejalar xususan, salohiyatli kadrlarni “O‘zavtosanoat” AJ tizim korxonalari, xususan UzAuto Motors’ga qabul qilish tartibi, bilimli yoshlarni ishlab chiqarish sohaga jalb etishga oid amalga oshirilayotgan ishlar to’grisida fikr almashildi. Shuningdek, korxona faoliyati, ishlab chiqarish quvvati, mavjud texnologiyalar va jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi. O‘z navbatida universitet vakillari tomonidan universitetda mavjud ta’lim yo'nalishlari, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, talabalar va izlanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda mavjud almashinuv dasturlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan mavzular dolzarbligi va ikki tarafga ham hamkorlik o‘rnatishda katta qiziqish mavjudligi sababli “Kadrlar zaxirasini yaratish” dasturi doirasida universitet bitiruvchi talabalarini kasbga yo‘naltirish, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Muzokara ishtirokchilari hamkorlik bo‘yicha targ‘ibot tashviqot ishlarini faol olib borishda rejalar ishlab chiqishdi, shu qatorda tomonlar o‘zaro minnatdorchilik bildirib muzokaralarni yakunladi.