“UzAuto Motors” AJ BIQ IV (Built-In-Quality) sifat standartlari sertifikatini yana bir bor muvaffaqiyatli tasdiqladi

“UzAuto Motors” AJ BIQ IV (Built-In-Quality) sifat standartlari sertifikatini yana bir bor muvaffaqiyatli tasdiqladi

 UzAuto Motors

“UzAuto Motors” AJ Xorazm filialida GMS tizimi asosida BIQ IV sifat sertifikatini yana bir bor tasdiqlash uchun tashqi audit jarayoni o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2019-yilda rasman BIQ IV(Built-In-Quality) sifat standartlari sertifikatini qo‘lga kiritgandi.

Xalqaro mutaxasislar(auditorlar) xulosasiga ko‘ra, Xorazm zavodi GM-GMS tizimi bo‘yicha umumiy 92% natija, absolyut talablarning bajarilishi va sifat ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha 100% lik natija bilan zavod BIQ IV darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi deb topildi. Kelgusi yaqin yillarda GM tizimidagi eng yuqori BIQ NEXT sifat darajasini olish maqsad qilib olindi.

Audit tekshiruv jarayoni GM-GMS tizimining 5 prinsipi asosida o‘tgan 4 yil muddatdagi takomillashtirish ishlari bo‘yicha General Motors International Organization xalqaro mutaxassislari tomonidan olib borildi. Unda korxonaning ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, xodimlarni doimiy rivojlantirib borish, standart ish jarayonlarini tashkil qilish, sifat tizimini rivojlantirish, ta’minot tizimining uzviyligini ta'minlashda olib borilgan ishlar dajarasi tekshirildi.

Tekshiruv jarayonida sifat tizimini rivojlantirishga oid ko‘rsatkichlardagi o‘sish, xususan kafolat davridagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan 2019-yilda 80 000 avtomobil hajmiga 15 ta nuqson to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 150 000 avtomobilga 7 ta nuqson to‘g‘ri kelganligi aniqlandi. O‘z navbatida, GM-GMS ning mazkur standartida 4 barobar o‘sish kuzatilgan.

Bundan tashqari, standartlashtirish prinsipi bo‘yicha tekshiruv paytida, korxona ishlab chiqarish hajmi  80 000 donadan 150 000 donaga oshgani aniqlandi. Quvvat yangi ish o‘rinlarini yaratib, ularga standart ish jarayonlarini ishlab chiqarishga imkon berdi. Qolaversa, xodimlarni jalb etish prinsipi bo‘yicha “UzAuto Motors”ning Xorazm filialida 4 yil davomida 2 600 nafarga yaqin ish o‘rni yaratilib, yangi xodimlar jalb etilgan. Shu bilan birga, ularning malakasini oshirib borish uchun haftalik trening o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilganligi tekshiruvchilar tomonidan ko‘zdan kechirildi.

BIQ IV sertifikatiga ega bo‘lish xorijiy hamkor tashkilotlar va investorlarni zavodga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, bu esa zavod mahalliylashtirish darajasini oshirishga, eksport hajmini ko‘tarishga xizmat qilib, eng asosiysi Xorazm zavodda yangi loyihalarni o‘zlashtirish uchun imkon yaratadi.

Report Page