“UzASBO” dasturiy majmuasi faoliyati yuzasidan Moliya vazirligi tomonidan rasmiy munosabat

“UzASBO” dasturiy majmuasi faoliyati yuzasidan Moliya vazirligi tomonidan rasmiy munosabat

MoliyaPress
Нега UzASBOдан пала-партиш SMS келяпти?
Бир неча кундан бери кўпчилик UzASBO тизимидан SMS оляпти. Йил давомида исталган ойда олган ойлигингиз ҳақида куннинг исталган пайтида смс келади. Айримлар хабарга илова қилинган ҳаволага кирмасликни, бу спам бўлиши мумкинлигини айтяпти. Лекин мен кириб кўрдим, ҳақиқий oylikbot га киряпти. Албатта, мен ҳар ойда ҳисобланган маошим ҳақида маълумот олиб туришга қарши эмасман. Лекин бу шахсий маълумотларим ишончли ҳимояланганми деган савол бор. Шу сабабли ДСҚ ё Молия вазирлигидан сўрасак бўлади — бу нимани англатади ва қачон тугайди (тартибга тушади)? (Shahnoza Soatova blogidan)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi PF-6300-sonli farmonda budjet tashkilotlari xodimlarining oylik ish haqi mablag‘lari ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlash belgilangan. Topshiriqga asosan Moliya vazirligi tomonidan budjet tashkilotlari xodimlariga har oyda ularning ish haqi to‘g‘risida SMS xabarnoma yuborish tizimi joriy etildi hamda “UzASBO” (Budjet tashkilotlarining buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan tizim) dasturiy majmuasida xodimlarning mobil telefon raqami kiritilganligini xatlovdan o‘tkazildi.

Moliya vazirligi tomonidan barcha budjet tashkilotlariga “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali xodimlarning mobil telefon raqamlarini kiritish bo‘yicha murojaatlar yuborilgan hamda SMS xabarnomalar yuborish tizimi ishga tushganligi bo‘yicha ogohlantirish berilgan.

Bugungi kunda, SMS-xabar berish xizmati (Operator) kompaniyalar tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasiga hisobchilar tomonidan kiritilgan mobil telefon raqamlarga SMS xabarnomalar yuborilmoqda. Biroq, SMS xabarnoma olgan mobil telefon raqam egalari boshqa sohada ishlashi yoki umuman ishlamasligi ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu holat o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilinmoqda.

“UzASBO” dasturiy majmuasida ishlash vakolati har bir budjet tashkilotining bosh hisobchisi hamda rahbari doirasida amalga oshirilishidan kelib chiqib, dasturga noto‘g‘ri kiritilgan mobil telefon raqamlar uchun mas’uliyat, tashkilot rahbari va bosh hisobchisi zimmasida ekanligini ma’lum qilamiz. Fuqarolarning mobil raqamlariga kelayotgan SMS xabarnomlar bo‘yicha savolli vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda ushbu tashkilotning mas’ul xodimlariga murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, “UzASBO” dasturiy majmuasidan yuborilgan SMS xabarnomadagi (https://t.me/Oylikbot) telegram_bot Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazi tomonidan ishga tushirilgan. Ushbu telegram_bot orqali budjet tashkilot xodimlari oylik ish haqlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarini olishlari mumkin.  

Moliya vazirligi tomonidan budjet tashkilot xodimlarining oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot xavfsizligi talablariga va shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash qoidalariga to‘liq amal qilingan holda ish tutiladi. Hozirgi vaqtda barcha SMS xabarnomalar o‘z egalariga yetkazilgan hamda joriy oydan boshlab faqat o‘tgan oy uchun hisoblangan oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha SMS xabarnoma yuboriladi.


Moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page