“Ustoz” milliy mukofoti tanlovi ishtirokchilaridan mahorat darslari bo'lib o‘tdi

“Ustoz” milliy mukofoti tanlovi ishtirokchilaridan mahorat darslari bo'lib o‘tdi


Joriy yilning 20-mart kuni poytaxtning xususiy maktablaridan birida “Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasining tashabbusi bilan “Ustoz” milliy mukofoti tanlovining gʻoliblari hamda finalchilari ishtirokida 40 nafarga yaqin umumtaʼlim maktablari oʻqituvchi-pedagoglari uchun navbatdagi mahorat darslari oʻtkazildi. 

Bu kabi mahorat darslarini tashkil etishdan asosiy maqsad respublikdagi faol mehnat olib borayotgan va ilgʻor tajribaga ega pedagoglarning kasbiy mahorati bilan oʻrtoqlashish, ustoz va murabbiylarni ijodiy izlanishga chorlash, oʻziga xoslik, tezkorlik elementlarini oʻz ichiga olgan oʻquv amaliyoti bilan tanishtirishdan iborat.

Interfaol mashqlar, qiziqarli topshiriqlar asosida amaliy mashgʻulotlar tarzida oʻtkazilayotgan mahorat darslarida har bir oʻqituvchi oʻziga kerakli bilim va koʻnikmaga ega boʻladi. Shuningdek, “Ustoz-2020” va “Ustoz-2021” Milliy mukofoti tanlovlarida ishtirok etgan oʻqituvchilarning ilgʻor ish tajribasining namoyish etilishi samarali tajribani ommalashtirish va pedagogik taʼlimni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Dastlab, mahorat darsi ishtirokchilariga Toshkent shahridagi Genesis Education xususiy maktabining ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, maktab boʻylab ekskursiya tashkil qilindi.

Mahorat darsini birinchilardan bo'lib Toshkent viloyati Qibray tumani 23-son maktab o‘qituvchisi, "Ustoz-2021" tanlovi g‘olibi Rayhon Tulyakova tadbir ishtirokchilariga Interfaol o'qitish metodlari haqidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Navbatdagi ma'ruzachi Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi 3-son maktab kimyo fani oʻqituvchisi, “Ustoz-2020” milliy mukofoti tanlovi finalchisi - Sojida Mirahmedova tinglovchilarga “Darslarda innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanishning afzalliklari” mavzusida maʼruza qildi va oʻzining ish faoliyati bilan bogʻliq tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Toshkent shahridagi 5-sonli maktabning oʻsmirlarni harbiy tayyorgarlik boʻyicha direktor oʻrinbosari Timur Karimov “Maktabda maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi” mavzusidagi taqdimotini asosli misollar asosida tushuntirib berdi. 

Tadbirga mezbonlik qilayotgan Toshkent shahridagi Genesis Education xususiy maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, “Ustoz-2020” milliy mukofoti tanlovi finalchisi Luiza Umarova “Diqqatni jamlash. Darsni toʻgʻri tashkil qilish” borasidagi oʻz bilimlari bilan ulashdi. 

Tadbir davomida mazkur mahorat darsining tashkilotchilaridan boʻlgan “Oʻqituvchilar assotsiatsiyasi ” jamoat birlashmasi bosh mutaxassisi Yulduz Uzakbayeva barcha ishtirokchilarga va maʼruzachilarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi, shu bilan birga mahorat darslari bugungi kunda taqdim etilgan tajribaning dolzarbligi, ahamiyati va uslubiy asosliligi, uning amaliy qoʻllanilishi, unumdorligi va samaradorligini namoyon etganligini taʼkidladi. 

"Biz ushbu mahorat darsiga dovon oshib keldik, ochig‘i ko‘nglimizda biroz hadik ham bor edi, yangiliklar olamizmi, kutganimizdek o‘tarmikan, deb ming hayolda keldik. Mahorat darslari va ma'ruzachilarning taqimotlari kutganimizdan ziyod bo‘ldi. Tadbir yuqori saviyada tashkil etilgan, bu kabi mahorat darslarini ko'p tashkil etish ta'lim tizimini yana bir yuqori pog'onalarga olib chiqadi," - deb ta'kidladi Andijon viloyati Baliqchi tumani 2-son umumta'lim maktabi boshlang'ich sinf o'qituvchisi Hulkaroy Qosimova.
"Spikerlar tomonidan taqdim etilgan interfaol metodlar, innovatsion yondashuvlar bizda juda katta taassurot qoldirdi. Jizzax viloyatida ham bu kabi seminarlarni tashkil qilib, mahorat darslarida qatnasha olmagan olis hududlardagi o'qituvchilar uchun bu yerda olgan bilimlarimizni ulashishni maqsad qildik. O‘qituvchilar Assotsiatsiyasiga tashkil etilgan tadbir uchun rahmat aytamiz," - deydi Jizzax viloyatidan tashrif buyurgan ishtirokchi.

“Navroʻz” bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur tadbir davomida ishtirokchilar bayramona dasturxon atrofida maktab jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturidan bahramand boʻlishdi. 

Tadbir yakunida “Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi tomonidan barcha ishtirokchilarga sertifikatlar hamda maʼruzachilarga tashakkurnomalar taqdim etildi.


O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi jamoat birlashmasi mazkur mahorat darsini tashkil qilishda o‘z yordamini ayamagan Genesis Education xususiy maktabi rahbariyati va jamoasiga chuqur minnatdorlik bildiradi.

Report Page