Ushbu qishda amalga oshirilgan eng kuchli top-5 transferlar!

Ushbu qishda amalga oshirilgan eng kuchli top-5 transferlar!

Hoshimbek Shodiyev-@HoshimbekSh

#Futbol

Transfer oynasi yopildi!


Yevropa kuchli beshlik chempionatlari uchun qishki transfer oynasi yopildi. Ushbu transfer oynasi shov-shuvli transferlarga boy bo'ldi. Demak, men eng muhim va jamoalar uchun foydali bo'lgan, eng kuchli top-5 transferlar haqida fikr yuritmoqchiman. Qani boshladik!

Adama qaytdi!


5-o'rin-"Barselona"ga qaytgan "gigant Traore"!

Xabaringiz bor, "Vulverxempton" hujumchisi Barsaga ijara asosida ko'chib o'tdi. "Barselona" 26 yoshli futbolchini keyingi mavsum 30 mln yevroga sotib olishi ham mumkin. Bu qanchalik to'g'ri transfer? Adama Traore "Bo'rilar" safida dahshatli o'yinlar ko'rsatdi. Traoreda hamma jihat bor. Xuddi Lukakuga o'xshagan "taran" futbolchi. Gavdasi futbolchilarga o'xshamaydigan ushbu hujumchida tezlik va zarba juda yaxshi shakllangan. O'yinni his qilish va maydonni ko'rish qobilyati ham ayni joyida. Menimcha, yaqin yillarda "Barsa" amalga oshirgan eng yaxshi transfer aynan Adama Traorening transferidir. Dembele va Grizmandan ko'ra foydaliroq va arzonroq transfer bilan "ko'k-anorranglilar" muxlislarini tabriklayman!

4-o'rin-hammayoqda quvilayotgan "Oba" hamda Ispaniyaga qaytgan Ferran Torres.

Obameyang "Barsa"da!


Transfer oynasining yopilishiga 1 soatdan kam vaqt qolganida mana bunday transferning e'lon qilingani odamni hayron qoldirdi. Gabon terma jamoasi va "Arsenal" klubiga kerakmas bo'lib qolgan Pyer-Emerik Obameyangni "Barselona"da ko'rishni umuman tasavvur qilmagandim. Favqulotda kutilmagan transfer qanchalik omadli bo'lishini ochig'i bilmayman. Chunki Obameyang "Arsenal"dagi ajoyib mavsumlardan so'ng birdaniga futbol o'ynashni yig'ishtirib qo'ydi. Menimcha, Kataloniya super klubida u o'z o'yinini topsa kerak. Chunki Xaviga Obameyangdek tajribali va aqilli hujumchilar asqotadi. Fikrlarimiz isbotini maydonda kuzatamiz! 

Ferran Torres "Barselona" safida!


O'zi qishki transferlar oynasida "Barsa" juda ham katta transferlarga qo'l urdi. "Manchester Siti"da tobora o'yini ochilib borayotgan va Ispaniya terma jamoasiga doimiy chaqirilayotgan Ferran Torres ham juda yaxshi transfer bo'ldi deb aytishimiz mumkin. «Barselona» ispaniyalik hujumchi uchun «Manchester Siti»ga 55 million yevro transfer puli va bonus to‘lashi haqida xabar berilgandi. Bu pullar yosh va iste'dodli va hatto "El Ninyo"ning izdoshi deb aytilayotgan Ferran Torresga erishish uchun yetarli bo'lgani bizni hayron qoldirdi. Chunki Barsa bundan omadsiz transferlarni bundan qimmatroqqa olardi. Barselona qancha ko'p pul sarflasa, shu futbolchi klub uchun eng omadsiz transfer bo'lardi. Bu safar bu an'ana to'xtasa kerak. Negaki, hozirgi zamon futbolida 55 mln yevro pullarning "qadri" qolmagan! Nima bo'lgan taqdirda ham Ferran ajoyib iste'dod va bu transfer yaqin orada o'zini oqlashi shubhasiz!


Transferlar oynasida yopilgandan so'ng "Barselona" tarkibi ancha qo'rqinchli ko'rinmoqda!

@HoshimbekSh


3-o'rin-Koutinyo Jerardning jamoasida!

Koutinyo APLda

Dahshat-a?! Barsa o'ziga futbolchilarni jalb qilish bilan bir qatorda jamoaga foydasi tegmayotganlarga ham chiqish eshiklarini ko'rsatishni boshladi. "Aston Villa" jamoasiga Koutinyoni ijaraga berib yuborish bilan jamoadagi "tozalash" ishlari boshlanib ketdi. 

Endi navbat Usmon Dembelega bo'lsa ajab emas!

Ushbu transfer esa "Aston Villa"ga naf keltiradi deb hisoblayman. Chunki brazilyalik ajoyib iqtidor egasining nimalarga qodirligini Stiven Jerard biladi.Yaqqol isbot, Koutinyo "Aston Villa""ga o'tgach "MYU" ga qarshi debyut uchrashuvda hisob tenglashtiruvchi golini ham urdi. Dahshatli kambek, aynan Koutinyo maydonga tushgach boshlandi. Voy ajabo! Qarang, Filippe Barsadan boshqa hamma yerda sifatli o'yinlar ko'rsatmoqda. Menimcha, Koutinyo Barsaga boshqa qaytmayman- deb ahd ham qilgan bo'lsa kerak. Liverpulda tengsiz o'yinlar ko'rsatib, Barselonaga rekord darajadagi summa evaziga o'tgan Koutinyoning "ko'k-anorranglilar" uchun hech qanday ish qilolmadi. Kamiga "Bavariya" safida "Barselona" darvozasiga 2 ta gol urib, 8-2 ko'rinishidagi sharmandalikka hissa qo'shdi. Alamlar...! Koutinyoning "Aston Villa" jamoasidagi keyingi uchrashuvlarida omad tilaymiz!


2-o'rin-"Yuventus" o'zining "Fiorentina" nomli akademiyasidan yana bir iste'dodni "o'g'irlab" ketdi!

Dushan Vlahovich Yuventusda tibbiy ko'rikdan o'tmoqda!


Bu safar Ispaniyadan uzoqlashamiz va nihoyat!

Bir paytlar "Real Madrid" "Barselona" sardori Luish Figuni qanday "o'g'irlab" ketgani esingizdami? O'sha transfer mutaxassislar tomonidan "Asr o'g'irligi" deb baholangandi. Menimcha, Dushan Vlahovichning "Yuventus"ga o'tishini ham shunga qiyoslash mumkin. Chunki "Fiorentina" klubida porlaydigan har qanday yulduz bor-ki, "Yuventus" ularni birin-ketin o'z safiga qo'shib olmoqda. Masalan, Roberto Bajjo, Jeorjinyo Killeni, Federiko Kiyeza va mana endi Dushan Vlahovich! Shunchaki super!

Krishtianu Ronaldu o'rnatgan rekordlarni takrorlayotgan ajoyib hujumchi Dushan Vlahovich ushbu qishda amalga oshirilgan eng qimmat transferlar qatorida turibdi. Naqd 75 million! Adashmasam, bu transfer eng qimmati ham bo'lsa kerak! Kamiga, Dushanga katta mas'uliyat yuklandi. Ronaldudan keyin 7-raqamda to'p surish hech kimga omadli bo'lmagan. Masalan, Ronaldu "Manchester Yunayted"dan 2009-yilda ketgach uning raqamida Di Mariya, Depay, Kavani va shunga o'xshash iqtidorlar o'ynadi. Ammo Krishtianu Ronaldudek jamoa lideri bo'lisholmadi. O'tgan yilda Ronaldu "MYU"ga qaytib o'z raqamini oldi va super qaytishni amalga oshirdi. Bunday misolni "Real Madrid"da ham keltirsak bo'ladi. Ronaldu ketganiga 4 yil bo'ldi-ki, hali hamon yaxshiroq 7-raqam topilmadi. Azar va Mariano ishonchlarni oqlolmayabdi. Bu Vlahovichda qanday bo'ladi? U bu yukni ko'tara oladimi? Bunisini vaqt ko'rsatadi! Lekin Vlahovichning kuchli jasoratiga qoyil qolmay iloj yo'q!


1-o'rin-Kristian Eriksen APLda!

Eriksen futbolga qaytdi!


Angliya Premiyer Ligasidagi super o'yinlari bilan yodimizda qolgan Eriksen juda katta tanaffusdan so'ng yana yashil maydonda ekanligi quvonarli hol! Bunday iqtidor maydonda to'p bilan bo'lsa yaxshiroq ko'rinadi. Shifoxonada yurak bilan bog'liq muammolarini hal qilib bo'lgan Eriksenga omad tilab qolamiz. "Brentford" ham unchalik katta tavakkal qilmadi. 6 oylik sinov muddatidan keyin ko'ramiz!


@HoshimbekSh

Report Page