Universitet kerakmi?
Universitetni tamomlash bu oldinlari jamiyatda nufuz hisoblanar edi. Sababi, universitetni tamomlash yaxshi ish, baland oylik va status bilan belgilanar edi.
Internet paydo bo'lgach, bu qarashlarni so'roqqa tutishga arzigulik isbotlar paydo bo'la boshladi.
Dunyoni o'zgartirishga qodir bo'lgan IT sohasidagi korxona asoschilari universitetda o'qimagan yoki uni tashlab ketgani ayon bo'ldi. Dunyodagi nufuzli tashkilotlar "bizga diplom kerak emas, bilim va ko'nikma yetarli" degan fiklar bilan chiqishdi.
Shundan keyin jamiyatda "o'zi universitet kerakmi?" degan savol paydo bo'lishni boshladi.
Universitetda o'qish kerakmi? O'qimasa ham muvaffaqiyat qozonsa bo'lar ekanku? Jamiyatning o'rtacha odami uchun universitet kerakmi? Bizning jamiyat uchunchi? Kim universitetda o'qishi kerak, kim o'qimasligi kerak, kim o'qish haqida o'ylab ko'rishi kerak?
Savollar ko'p. Keling mana shu savollarni mulohaza qilib ko'ramiz.
Tahlil osonroq bo'lishi uchun shu jarayondagi ishtirokchilarni ajratib olsak va har biriga alohida qarasak.
Universitetda o'qish jarayonidagi ishtirokchilar
- Talaba
- Universitet
- Jamiyat
- Bozor
Dastlab aniq bo'lgan faktlarni aytib o'tsak. Tibbiyot, qonunshunoslik kabi diplomsiz ishlash imkoni yo'q sohalar bor.
Bundaylar uchun universitet nafaqat kerak, balki usiz ilojsiz ham.
Demak, agar biz shifokor bo'lmoqchi bo'lsak, bu savollar o'rinsiz.
Keling endi har bir ishtirokchi uchun universitetda o'qish ehtimoliy foyda va zararlarini ko'rib chiqamiz.
FOYDALI JIHATLAR
Talaba uchun ehtimoliy foydalar
- hamfikrlar bilan birga vaqt o'tkazish imkoniyati
- Umr-yo'ldosh topish imkoniyati
- Do'stlar topish
- Kelajak uchun network shakllanishi
- "Voyaga yetishni kechiktirish". 18-22 yosh ichida ota-onaga qaram bo'lgan holda, "erkin" hayotni sinab ko'rish. Low risk trial
- Status: universitetda o'qiganlik statusi
- Resurslar: kutubxona, ustozlar, laboratoriya va hokazolardan foydalanish imkoniyati
- murakkab matnlarni o'qish va fikrlarni erkin bayon qilishni o'rganish
- loyihalar ustida ishlashni o'rganish
- jamoada ishlashni o'rganish
- tanqidiy fikrlarshni shakllantirish.
- Ilmiy yondashuvni o'rganish
- vaqtni boshqarishni o'rganish
- intizom shakllanishi
- diplom bilan dastlabki oylik o'rtachadan balandroq ish topish imkoniyati
- umrbod topgan puli o'rta miqdorda ko'proq bo'lishi. (O'rtacha muhandis umrbod topgan puli vs o'rtacha duradgor umrbod topgan puli)
Universitet uchun foydalar
- daromad manbai
- tadqiqot uchun kapital
- nufuz
- jamiyat uchun kadrlar yetishtirish
- iqtisodiyotga hissa qo'shish
Jamiyat va bozor uchun foydalar
- soliq to'lovchilar ko'proq bo'lishi
- madaniyat kapitali
- fuqarolik mas'uliyati (universitet bitirganlar ichida jinoyat kamroq deyiladi)
EHTIMOLIY SALBIY JIHATLAR
Talaba uchun salbiy jihatlar
- oshib borayotgan universitet narhi
- Imkoniyat narhi: talaba 4 yil davomida boshqa muhimroq bilim va ko'nikmani olish imkoniyati bor edi. 4 yil davomida pul topish imkoniyati bor edi. Kontraktga to'langan pul boshqa narsaga sarflash mumkin edi
- bitirgandan keyingi qarz
- "psixologik bosim": men keraksiz yo'ldaman, bu soha kelajagi yo'q
- mehnat bozori uchun aslo keraksiz fanlar
- Sheepskin effekti: asosiy foyda oxirgi yilda diploma olinganda keladi; 3 yil o‘qib tashlab ketgan odam deyarli hech narsa olmaydi
Universitet uchun - universitet daromadi talaba soniga bog'langan, bitiruvchiga emas. Natijada talaba soni ortib boradi, sifat pasayadi
- universitet natijaga mas'ul emas. Bitiruvchilar taqdiri katta ahamiyatga ega emas.
- reallikdan uzoq bo'lgan o'quv materiallari
- tadqiqot va ta'lim berish ziddiyati: professorlar maqola yozishi rag'batlantiriladi. Maqolalarni talabalarga foydasi deyarli yo'q
Jamiyat va bozor uchun salbiy jihatlar
- mimetik xohishlar: boshqalar ham o'qiyapti, yaxshi odam bo'ldi, men ham o'qishim kerak
- ota-ona xohishlari: meni bolam o'qishi kerak. Bolaga nisbatan bosim
- ijtimoiy ko'tarilish mifi - "universitet yaxshi hayot kafolati"
- signal: "bu odam 4 yil chidab, topshiriqlarni bajara oldi". Ish beruvchi uchun bu yaxshi signal ammo talaba uchun mustaqillikni cheklashi mumkin
- oliy ta'lim inflyatsiyasi: oldinlari bakalavr o'zi yetarli edi, endi master talab etilmoqda
- ish beruvchi uchun filtr: "diplomi bor = itoatkor"
- diplom va ko'nikma nomutanosib: ish diplom talab etadi, diplom esa ishga kerakli ko'nikma o'rgatmaydi
Endi universitet kimga kerak degan savolga qaytsak
12 yil davomida, sinf xonasida itoatkor bo'lib o'tirib, aytilgan topshiriqlarni bajarishni o'rgangan 18 yoshga yetgan odam uchun ba'zan eng yaxshi yo'l va jarayonninguzviy davomi bu universitetda o'qish va jamiyat uchun itoatkor ishchi bo'lib chiqish bo'ladi. Jamiyatning juda katta qismi ana shu qatlamdan iborat. Millionlab insonlar mana shu yo'llarni bosib o'tishgan va yaxshi hayot kechirishgan. Bu risk kam bo'lgan yo'l va juda ko'pchilik uchun shu sababli ham eng ma'qul yo'l bo'ladi.
Agarda maktab o'quvchisi bir sohani topgan bo'lsa, unga mukkasidan ketgan holda qiziqishi katta bo'lsa, u sohada diplom talab etilmasa (i.e. dasturlash), aniq rejali maqsadlari bo'lsa, talaba bo'lish uning qiziqishlariga, loyihalarini amalga oshirishga jiddiy to'siqlik bo'lsa, balki bunday o'quvchi/bitiruvchi universitetdan ko'ra o'zi qiziqqa sohadan ketgani, kerak bo'lganda universitet darajasidagi fanlarni online olgani ma'qul.
Bu holat biror aniq hunar egasiga ham tegishli bo'lishi mumkin. Misol uchun kimdir mashinalarga shu qadar qiziqadiki, o'z ustaxonasi bo'lishini orzu qiladi. Bunday odamga universitet kerak bo'lmasligi mumkin.
Bu holat biznesga qiziqqan odam uchun ham to'g'ri bo'lishi mumkin. Biznes qilish va undagi xatolardan o'rganish darslarini universitet bera olmaydi.
Qiziq paradoks shuki bunday insonlarni universitetda o'qish borasida shakllangan o'z fikri bo'ladi. Ular "men universitetda o'qishim kerakmi?" degan savol bilan yurishmaydi.
Endi aytaylik, bitiruvchi qaysi sohaga kirishni bilmaydi, biror aniq qiziqishi yo'q, hali hayotda yo'l ko'rsatuvchi odam uchratmagan, ammo o'zi harakatchan va qiziquvchan bo'lsa, bundaylar uchun universitetga kirish qarorini bir-ikki yilga ortga surib, qiziqishi va moyilligi bor sohalarda "ustoz-shogird" yo'nalishida harakat qilib ko'rish mumkin.
Boshqa holatlarda, bizning jamiyatda universitetda o'qish shaxs darajasida ham, jamiyat darajasida ham foydali. Nega bizning jamiyatda deyapman. Sababi, universitetda o'qish 18 yoshli bola uchun ayni vaqtda ijtimoiy kapital jamg'arish, ko'nikmalar orttirish uchun eng yaxshi yo'l bo'lishi mumkin. Ushbu ijtimoiy kapitalni kelajak uchun himoya yostig'i sifatida ishlatish mumkin. Misol uchun universitetda o'qish uchun o'z qishlog'idan bir shaharga kelishni o'zi bir qancha hayotiy ko'nikmalar rivojlanishiga asos bo'ladi. Katta shahar yanada ko'proq imkoniyat eshiklarini ochishi mumkin.
Ammo hamma ham universitetda o'qishi shart emas.
Kelib qolganda yozilgan va nashr qilinmagan fikrlar. Kam-ko'stiga rozi bo'lasizlar :)
Bek Olimjon
26.09.26
Norvegiya