Umumiy maʻlumotlar

Umumiy maʻlumotlar


“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining 2024-yil 21-iyundagi 2-son qarorga asosan xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 500 oʻringa moʻljallangan Jamgʻarmaning 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!

Mazkur stipendiya tanlovi uchun oʻrinlar ajratilishda bugungi kunda mamlakatimizda ancha tanqis hisoblagan mutaxassisliklar boʻyicha, jumladan iqtisodiyotning drayver sohalarga (energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, arxitektura-qurilish) STEM (ilm-fan, texnologiya, injeneriya va matematika) fanlariga va boshqa ustuvor mutaxassisliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovida 500 oʻrin 2024-2025 oʻquv yilida xorijda taʼlim olish uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:

  • Bakalavriat taʼlim dasturi uchun 100 oʻrin;
  • Magistratura taʼlim dasturi uchun 250 oʻrin;
  • Doktorantura taʼlim dasturi uchun 150 oʻringa stipendiyalar ajratishini maʼlum qiladi.
Nomzodlarning hujjatlari 2024-yil 25-iyundan 20-iyulga qadar onlayn rejimda respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida qabul qilinadi.

Maqbullik shartlari

  • Xorijda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olishni istaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ariza topshirishlari mumkin;
  • Bakalavr dasturlari boʻyicha: 25 yoshgacha boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda bakalavr dasturlarida tahsil olmagan;
  • Magistratura dasturlari boʻyicha: 20-45 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda magistratura dasturlarida tahsil olmagan. Tanlagan mutaxassisligi boʻyicha kamida ikki yil mehnat tajribasiga ega boʻlganlar (oliy taʼlim muassasasi tavsiya etadigan nomzodlar bundan mustasno);
  • Doktorantura dasturlari boʻyicha: 22-45 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin xorijda PhD yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlmaganlar. Tanlagan mutaxassisligi boʻyicha kamida ikki yil mehnat tajribasiga ega boʻlganlar (oliy taʼlim muassasasi tavsiya etadigan nomzodlar bundan mustasno).
Dasturga qabul talablari va boshqa koʻplab savollarga javobni bu yerda batafsil oʻqish mumkin.

Foydali tomonlari

  • Bakalavr, magistratura yoki doktoranturada oʻqish puli toʻliq qoplanadi;
  • Shuningdek, vizalar olish, stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan taʼlim olish joyigacha boʻlgan yoʻlkira xarajatlari (ikkala tomonga, koʻpi bilan yiliga bir marta);
  • Taʼlim olish davrida yashash, ovqatlanish, tibbiy sugʻurta va transport xarajatlari;
  • Zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish, stipendiat taʼlim olayotgan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa talablariga binoan ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy maqolalarni koʻchirib (elektron tarzda yuklab) olish, maqolalar hamda ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna boʻlish;
  • Jamgʻarma Vasiylik kengashi qaroriga koʻra stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlari;
  • Har bir taʼlim dasturi boʻyicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdori Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.

Hujjat topshirish

Hujjat topshirish onlayn va quyidagi bosqichda amalga oshiriladi:

Onlayn hujjat topshirish platformasidagi barcha kerakli maʼlumotlar bu yerda;
Hujjatlar roʻyxati bu yerda;
Topshirish boʻyicha qoʻllanma bu yerda;
Video qoʻllanma bu yerda.

Hujjatlar joriy yilning 25-iyunidan 25-iyuliga qadar onlayn rejimda qabul qilinadi.

Saralash tanlovi jarayonlarini oʻtkazish, jumladan nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan qoʻshimcha test sinovlari hamda nazariy bilim va amaliy koʻnikmalari darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat oʻtkazish joriy yilning 25-iyulidan 24-avgustiga qadar davom etadi.



Report Page