Ukraina tomoni O‘zbekistondagi davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarga katta qiziqish bildirdi

Ukraina tomoni O‘zbekistondagi davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarga katta qiziqish bildirdi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Joriy yilning 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari A. Karimovning “Korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflik bo‘yicha Toshkent forumi” doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Ukraina Korrupsiyaning oldini olish masalalari bo‘yicha milliy agentligi direktori A. Novikov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida korrupsiyaga qarshi samarali kurashish va davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ukrain tomoni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sohasiga joriy etilayotgan axborot texnologiyalari va innovatsiyalarga yuqori baho berdi. Xususan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (“Project.gov.uz”), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (“Regulation.gov.uz”), Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi (“E-qaror”) ishlash tartibiga katta qiziqish bildirilib, ularning davlat boshqaruvi shaffofligini ta’minlashdagi o‘rnini alohida e’tirof etildi.

O‘z navbatida, ukrain tomonining e’tiboriga O‘zbekistonda davlat organlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi so‘nggi islohotlar, normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha to‘plangan milliy tajriba, yuqorida ko‘rsatilgan axborot tizimlarini joriy etish orqali erishilgan ijobiy natijalar haqida batafsil axborot yetkazildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

 

 

 


Report Page