Uilyam Zeyts, Jahon bankining Markaziy Osiyodagi qashshoqlik va tenglik bo'yicha dasturi menejeri

Uilyam Zeyts, Jahon bankining Markaziy Osiyodagi qashshoqlik va tenglik bo'yicha dasturi menejeri

EconomyPress

Bugun sizning oldingizda nutq so'zlash imkoniyati uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman!

O'tgan yili Prezident Mirziyoyev hukumat mamlakatdagi kambag’allik darajasini doimiy ravishda o'lchab borishini va un qisqartirish bo'yicha yuqori standartlarni joriy qilishini e'lon qilgan edi. Shu orqali islohotlar dasturi jamiyatning eng zaif qatlamlari ehtiyojlariga yo'naltirilgan edi.

Jahon banki kambag’allik darajasini o'lchashning muqobil yondashuvlarini va ushbu muammoni hal qilishda boshqa mamlakatlar tajribasini o'rganishda hukumat bilan hamkorlik qilishga taklif qilindi. Ushbu masala sinchkovlik bilan ko'rib chiqilganidan so'ng, "asosiy ehtiyojlar narxini aniqlash" metodi deb nomlangan o’zini yaxshi tomondan ko’rsatgan tasdiqlangan va eng ko'p ishlatiladigan yondashuv tanlandi. U o’rtacha daromadli mamlakatlar orasida keng tarqalgan, jumladan, ushbu davlatlar qatoriga O'zbekiston ham kiradi.

Bu mamlakat uchun yangicha yondashuv va uning kuchli tomonlari ko'p. Shuni ta'kidlash kerakki, u dalillarga asoslangan va O'zbekistondagi aholi va uy xo'jaliklarining haqiqiy hayot sharoitlarini hisobga oladi.

Kambag'allik chegarasi hisoblab chiqilgan va yangi mamlakat miqyosidagi so'rovnoma tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi. Bu so’rovnoma aynan shu maqsadda maxsus ishlab chiqilgan. Ushbu yondashuv xalqaro standartlar, kambag’allik chegarasini aniqlash usullari va me'yorlariga amal qiladi, ammo shu bilan birga uning natijalari O'zbekistonning o'ziga xosligi va sharoitlarini hisobga oladi. Jahon banki ushbu muntazam so'rovnomani amalga oshirishda mamlakatni qo'llab-quvvatlaydi.

Kambag'allik chegarasini to’g’ri darajada belgilash juda muhim. Va "to'g'ri daraja"ning belgilanishi uning qanday ishlatilishi bilan chambarchas bogliqdir. Kambag'allik chegarasini aniqlashdan maqsad hukumat e'tiborini yordamga eng muhtoj odamlarga qaratishdir.

Masalan, agar kambag’allik chegarasi juda past darajada o’rnatilgan bo'lsa, aholining eng muhtoj qatlamlariga hayotiy zarur mahsulotlarning yetishmasligi bilan kurashish uchun kerakli ish qilinmasligi xavfi mavjud. Shu bilan birga, kambag’allik chegarasi “o’rta sinf” deb nomlanadigan aholi qatlami hayotining farovonlik darajasini yoki turmush tarzini aniqlash uchun ishlatilmaydi. Agar bu chegara shu tarzda ishlatilsa, aholining eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan e'tibor va resurslarni boshqa tomonga yo’naltirilishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, kambag’allik chegarasini aniqlash ustida ish olib borayotgan hukumat jamoasi natijalarni dunyoning boshqa mamlakatlarida qabul qilingan amaliyot bilan juda ehtiyotkorona taqqosladi.

Bugungi kunda e'lon qilingan yangi kambag’allik chegarasi O'zbekistondagi kabi daromad darajasi o'xshash mamlakatlarga qaraganda birmuncha yuqori. Bu shuni anglatadiki, ushbu yangi chegara yuqorida aytib o'tilgan mamlakatlar guruhiga qaraganda ancha ko’proq maqsadlarni qamrab oladi hamda hukumat o'z oldiga ancha yuqori maqsadlarni qo'ymoqda.

Biroq, kambag’allik chegarasi turg'un bo'lmasligi va o'zgaruvchan sharoitlarga mos kelishi muhimdir. Bu shuni anglatadiki, u mamlakatdagi narxlar va yashash uchun xarajatlar bilan birga o’sishi kerak. Bunday holda, kambag'allarning byudjeti sarflanadigan eng muhim mahsulotlarga, shu jumladan oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj tovarlariga alohida e'tibor qaratish lozim.

Bunday holatlar uchun mamlakatda narxlar ko'tarilishi bilan kambag’allik chegarasini avtomatik ravishda oshirib boradigan formula tasdiqlandi. Bu ayniqsa noaniqlik davrida, shu jumladan hozir jamiyatlar COVID-19 pandemiyasidan keyin tiklanishlarida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelganda eng yaxshi amaliyotdir.

Kambag’allikni o'lchash bo'yicha yangi yondashuvning yangiligini hisobga olgan holda, yil davomida u o’z maqsad va vazifalariga qanchalik mos kelishini tahlil qilish tavsiya etiladi.

Kambag’allik chegarasini aniqlashning eng muhim jihatlaridan biri shundan iboratki, oldin jamiyat kambag’allikni o'lchashga sarflagan sa'y-harakatlarini endi kambag’allikni qisqartirish bo’yicha aniq harakatlarga va davlat siyosati choralariga yo'naltirish mumkin.

Kambag’allik chegarasi amaliyotda qo'llanilishi boshlanishi bo’yicha ikkita fikrni bildirmoqchi edim. Birinchidan, ushbu chegara hukumatga ilgari aholining kambag’al toifalariga kiritilmagan va hech qanday yordam olmagan kishilarni aniqlash va qo'llab-quvvatlashga imkon beradi.

Ikkinchidan, u odamlar bir umrga kambag’allikdan chiqib ketishlari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Bunga qisman muhtojlarga mo'ljallangan ijtimoiy transfer dasturlari yordam beradi.

Ammo, agar xalqaro tajribani ko'rib chiqadigan bo’lsak, kambag’allikni barqaror qisqartirishning yana bir muhim omili bu ish o'rinlarini yaratilishi va ishchilar uchun ish haqining oshirilishi hisoblanadi. Ayniqsa, ushbu imkoniyatlarning eng zaif va izolyatsiya qilingan guruhlar uchun mavjudligini ta'minlash juda muhimdir.

Jahon banki ushbu muhim islohotni amalga oshirishda hukumat va boshqa xalqaro hamkorlar bilan ishlash imkoniyatidan mamnun. Biz ushbu kambag’allikni o'lchashning yangi tizimini hukumat bilan O'zbekistondagi kambag’allikni qisqartirish bo'yicha birgalikdagi ishimizda qo'llaymiz degan umiddamiz.

 

Bugungi munozaraga qo'shila olgan barchaga va e'tiboringiz uchun tashakkur!

Report Page