“UYG‘ON, BOLAM!”
Olimjon DAVLATOV Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori suhbatlashdiBugun “jadid” so‘zining mohiyatini yoshlarga anglatish, jadidlarning ilg‘or qarashlarini jamiyatga singdirish, ular ilgari surgan g‘oyalarni hayotimizga to‘la tatbiq etish kun tartibida turibdi. Avvalo, istibdod changalida ham ma’nan, ham jisman ezilgan jadidlarimiz mustaqillik davrlarida ham uzoq vaqt eslanmadi, asarlari chop etilmadi. Nihoyat, shunday kunlar keldiki, bugun ularning g‘oyalari jamiyatimiz rivoji uchun dasturilamalga aylanib bormoqda. Albatta, jadidlarga bo‘lgan bu kabi ehtirom kishini xursand qiladi. Muhtaram Prezidentimizning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida: “Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik”, degan gaplari bejiz emas. Shu ma’noda, millatimiz ziyolilari, madaniyat va ma’naviyat sohasining yetuk vakillari bilan davra suhbati tashkil etdik.
— Jadidlar murakkab bir davrda maydonga chiqdilar. Ularni qo‘llab-quvvatlaydigan, g‘oyalarini tatbiq etishga yordam beradigan kuchlar nihoyatda oz edi. Bir tomondan qadimchilar qarshi turgan bo‘lsa, bir tomondan chor va sovet hukumati ularni yo‘q qilish payida bo‘ldi. Shunday qiyin vaziyatda ham ular maqsadlari yo‘lida chekinmadilar, millatni uyg‘otish, yurtni ozod qilish, xalq tafakkurini yuksaltirish yo‘lidan dadil bordilar. Yurtboshimiz ko‘pdan beri ziyolilarimizdan jadidlarga xos ana shunday dadillik, qat’iyat va ezgu tashabbuslarni kutayotganliklarini ta’kidlab kelmoqda. Bunga ziyolilarning javobi qanday bo‘lmog‘i kerak, deb hisoblaysiz?
Erkin A’ZAM, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:
– Ziyoli atalmoqdan faxrlanamiz, ziyoli ko‘rinmoqqa intilamiz, ammo ziyolilikning yukidan qochamiz, jamiyatga mas’ul bu toifaning zimmasidagi vazifalarni esdan chiqarib qo‘yganmiz. Tepadan buyurilsa yoki biror ilinj bilangina vatanparvarga aylanamiz, minbarlarda o‘tli xitob lar qilamiz, boshqa vaqt esa – qora kostyum-shim, bo‘yinbog‘, qo‘l ko‘krakda, “janoblarining otgan o‘qlari”, “labbay, xo‘jayin”... Ziyo li deganlari yakkash ko‘p-ko‘p kitob xatm qilgan qo‘sha-qo‘sha diplomli azamat emas, o‘zidan, shaxsiy manfaati dan ortib o‘zgalarga beminnat qayishadigan olijanob, el boshiga ish tushganda panapanani qidirmay, hech bo‘lmasa “dili bilan qarshi” tura oladigan mard va fidoyi zot degani. Ana shundaylar, Vatan taqdiri, millat erki uchun kuyib-yonmoqqa tayyorlar ko‘pmi oramizda? Ro‘yxat qilmoqqa qo‘rqasiz... Lekin yaqindagi bir holatdan mening shubhanok ko‘nglim bir gaz o‘sdi desam bo‘ladi. To‘g‘ri, Mustaqillikka chiqqanimiz o‘ttiz yillar mobaynida biz bunaqa xuruj va hurishlarni ko‘p ko‘rdik. Shunday chog‘larda milliy matbuotimizni ishga solib, “To‘ytepadan nari o‘tmaydigan” jaydari po‘pisalar bilan kifoyalanardik. Hay, shunchaki hurdi-qo‘ydi, kasbi shudir-da, deb orqayin bo‘lib yuraversangiz, sekinsekin akillashga, vovullashga o‘tadi, bu ketishda bir kun tashlanib qolishi ham hech gap emas. Astag‘firulloh! Bu safar shimol tarafdan yana uvlash eshitilganida bir guruh ziyolilarimiz ijtimoiy tarmoq orqali shunday otashin yakdillik bilan qarshi chiqishdiki, shu o‘rinda ulardan ba’zilarining nomini qayd qilmay o‘tsam aslo insofdan bo‘lmas: Alisher Nazar, Gulnora Rahmon, Rasul Kusherboyev, Muhrim A’zamxo‘jayev, Shahnoza Soatova, Zafar Solijonov, Bobur Bekmurodov, Kamoliddin Rabbimov, Hamid Sodiq, Jontemir, Ahtamquli... Yodimda qolgani shular. Aslida yana bir qancha, ko‘p!.. Ko‘nglim tog‘day o‘sdi, yoronlar, bor bo‘ling, ta’zim va tahsin sizlarga! Boz ustiga deng, o‘sha kunlari bilakdor vazirliklarimizning vazmin, ammo qat’iyatli chiqishlari – xayriyat! Uyg‘onibmiz, janoblar, uyg‘onyapmiz... O‘ziga shukr!
Xurshid DO‘STMUHAMMAD, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:
– Jadidchilik harakati-qadriyatlarini bugungi orzu-niyatlarimizga vobasta qilish davlatimiz Rahbari rahnamoligida olib borilayotgan ma’naviy, mafkuraviy va hayotiy harakatning hamovoz, hamohanglikdagi davomi sifatida jaranglamoqda. Birinchidan, ma’naviyat va ma’rifat tushunchasi insonning har bir qadami, har bir lahzasida namoyon bo‘ladi, uni yetaklab yuradi, boshqaradi. Bu sehrli va qudratli tuyg‘uning qamrovi, miqyosi shu qadar keng va bepoyonki, har bir insonning mutlaqo botiniy ruhiy dunyosi uchun nechog‘li ahamiyatli bo‘lsa, oilaning, jamiyatning va davlatning ham manfaatlariga shunchalar chambarchas bog‘lanib ketadi. Shu boisdan ham muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutqida g‘oyatda jonfidolik bilan tilga olingan mulohazalar, ilgari surilgan g‘oya va takliflar, mashvarat o‘rnida izhor etilgan istaklar yurtdoshlarimiz, millatdoshlarimizning har birining ong-u tafakkuriga yetib borishi, ularning dunyoqarash-u hayotiy tutumlari-qadriyatlariga aylanishi yo‘lida qancha sa’y-harakat ko‘rilsa, shuncha oz deb o‘ylayman. Yana bir haqiqatni nazardan qochirmaylik. Nima sababdan ayni shu pallaga kelib, jadidchilik harakatiga bu qadar katta e’tibor qaratildi? Kimlarningdir nazarida, bu kutilmagan, hatto favqulodda yangilikdek taassurot qoldirmoqda. Fikrimcha, unday emas, balki jadid ota-bobolarimiz tarixiga e’tibor, ularning misli ko‘rilmagan fidoyiligi, jasorati bizning BUGUNIMIZ, ERTANGI KUNIMIZ uchun har qachongidan zaruriyatga aylanib bormoqda. Vatanimiz va vatandoshlarimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga kirishganlariga, Uchinchi Renessansdek oliymaqom marrani ko‘z ostiga olganiga bor-yo‘g‘i yetti yil bo‘ldi. Yurtimizda yangilanish simfoniyasi biron lahza jaranglashdan tinmayapti.
Nazar ESHONQUL, yozuvchi:
– Xurshid akaning “Nima sababdan ayni shu pallaga kelib, jadidchilik harakatiga bu qadar katta e’tibor qaratildi?” degan savoli jadidchilik harakatining bugungi mohiyatiga daxldor savol. Qanchalar ohanrabo bo‘lmasin, o‘tmishdagi g‘oyalar, ta’limotlar, harakatlar agar bugunga, bugungi maqsad va intilishlarga daxldor bo‘lmasa, baribir o‘sha davr tarixi, nari borsa, o‘z davrining hodisasi sifatidagina ahamiyatli bo‘lib qolaveradi. Lekin jadid bobolarimiz ko‘targan masalalar, ularning maqsadlari, orzulari, intilishlari bu o‘tmish emas. Biz hali hanuz ularning g‘oyalariga ehtiyojni sezib turibmiz. Chunki bu harakat nafaqat rasmiy-siyosiy mus taqilliknigina emas, millatning har tomonlama, siyosiy, fikriy, ilmiy, madaniy, iqtisodiy, ma’naviy ravnaq etishi yo‘lidagi harakat va g‘oyalar edi. Bu borada bir narsaga e’tibor qaratishni istardim. Garchi tarixchilar bu harakatni XIX asrning 70-yillaridan boshlangan deb baholasa-da, bu harakat Dukchi eshon qo‘zg‘olonidan so‘ng haqiqiy g‘oya sifatida mukammallashdi. Pulemyot, to‘plarga qarshi panshaxa va ketmon ko‘tarib chiqqanlar bu g‘oyani hayotiy va milliy ehtiyojga aylantirdi. Istibdodga qarshi Isyon qilgan bobolarimiz qanchalar jasur bo‘lmasin, baribir zamonaviy qurollarga qarshi o‘roq va bolg‘a ko‘tarib chiqish – bu harakatning mukammal emasligidan darak beradi. Chunki zamonaviy tamaddun odamdan nafaqat jasurlikni, balki shu bilan birga tafakkur va bilimni ham talab qiladi. Tafakkur va bilimni esa faqat ma’rifat va bilim orqali o‘zlashtirish mumkin edi. Qanchalar jasur bo‘lmasin, bilim bilan qurollanmagan millat tarix sahnasida faqat mag‘lubiyat alami bilan yashashga mahkum edi. Bu saboq jadidchilik g‘oyalarining poydevori sanaladi. Ular millatni ma’rifat, ilm-fan, idrok bilan qurollantirishni istashdi, zero, bilim, ma’rifat istibdod va qoloqlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi yagona qurol edi. Buni ular amaliyotda isbotlashdi. Ular ochgan maktablarda bu harakatning amaliy ifodasi bo‘lib, juda katta oqim o‘sib chiqdi. Qisqa davrda butun boshli, keyinchalik millatning ilm-u fani, madaniyati, siyosati, iqtisodi boshida turgan allomalar ana shu jadidlar maktabida ta’lim olishgan. Hamza, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Oybek, Akmal Ikromov, Abdulhay Tojiyev, Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazon, Bahrom Haydariy, Mannon Uyg‘ur, Subutoy Dolimov, birinchi o‘zbek jurnalist ayoli Nozimaxonim, Turkiston ilmfani, iqtisodini G‘arb fani va iqtisodi bilan birmuncha yaqinlashtira olgan Germaniyada o‘qib kelganlar yoki o‘qishga ketganlarning deyarli aksari jadidlar maktablarida ta’lim olishgan. O‘rta Osiyoda san’atdagi, tafakkurdagi, siyosatdagi, ilmdagi inqilobiy o‘zgarishlar boshida ana shu jadid maktablarida o‘qiganlar turadi. Bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Agar imkon berilganda jadid maktabida o‘qiganlar, payti kelib, Turkistonni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shgan bo‘lardi. Men shunday deb o‘ylayman. Ular XX asrda yurtimiz taraqqiyotiga barcha sohalarda munosib ulush qo‘shganlardan sanaladi.
Munojot YO‘LCHIYEVA, O‘zbekiston Qahramoni:
– Xalqimizning ardoqli onaxon san’atkori Lutfixonim Sarimsoqovaning “Uyg‘on, bolam” degan qo‘shig‘i bo‘lardi. Demak, farzandlarni alla aytib uxlatishgina emas, balki uyg‘otish ham bizning burchimiz ekan. Bugun har qachongidan ham bu borada o‘zimizni qiynab, o‘zimiz bedor bo‘lib, tafakkur va qalbni uyg‘otishga xizmat qilishimiz lozim. Jadid bobolarimizning biz – ziyo ahliga mayoq deb ko‘rsatilayotganida shunday ajib hikmat bor. Ularda ham ilm-ma’rifat, ham millatparvarlik, ham san’atsevarlik, ham zamonaviylik mujassam edi. Birgina misol, Abdurauf Fitratning musiqa ilmi haqida yozgan asari milliy musiqa nazariya si uchun muhim manba ekanini soha mutaxassislari yaxshi bilishadi. Musiqa nazariyasini o‘rganishni asr boshida aynan Fitrat domla boshlab berdi. Milliy musiqa va maqom deganimizda, albatta, ko‘z oldimizda eng avval Yunus Rajabiy siymosi gavdalanadi. Ustozning mashaqqatli mehnatlari tufayli ilk bor “O‘zbek xalq musiqasi” nomli olti jild lik Shashmaqom antologiyasi tuzilgan. Yunus Rajabiy har bir tinglagan musiqiy asarini, hajmi xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, bir eshitishdayoq yodlab olgan. O‘tkir zehn, nihoyatda kuchli quvvai hofiza va milliy musiqaga bo‘lgan cheksiz muhabbat tufayli u kishi shunday ulkan ishni amalga oshirgan. Milliy musiqamizni, maqomlarimizni o‘rganish uchun yetarli shart-sharoit bo‘lmagan davrda ham ular fidoyilik ko‘rsatishgan. Bugun Yurtboshimiz tomonidan maqom san’atiga berilayotgan e’tiborni sohaning asl ustalari bir paytlar orzu qilishgan bo‘lsa, ajabmas. O‘z milliy san’atini qadrlagan xalq o‘zligini taniydi. Bunday xalqni yengib bo‘lmaydi. Zotan, jasorat, mardlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari nafaqat qondan qonga, balki milliy kuylar va qo‘shiqlar orqali ham avloddan avlodga o‘tadi.
Yodgor SA’DIYEV, O‘zbekiston xalq artisti:
– Muhtaram Prezidentimizning madaniyat va ma’naviyat sohasi uchun qilayotgan sa’y- harakatlari biz ijodkorlarni hamisha ruhlantiradi. O‘z o‘rnida, yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarga yarasha bizdan ham munosib javob kutishlari tabiiy. Shavkat Miromonovichning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida aytilgan ikkita tushuncha diqqatimni tortdi. Bular “ijtimoiy dunyoqarash” va “madaniy saviya”. Barcha rahbar-yetakchilarda bu ikki xususiyat bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Bundan bir asr muqaddam jadid bobolarimiz millatda aynan shu ikki xususiyatni ko‘rishni istagan edilar. Bugun ham bu istak dolzarbligini yo‘qotmagani bizni o‘ylantiradi. Millatimizning ijtimoiy dunyoqarashi va madaniy saviyasini oshirishga bevosita biz – madaniyat ahli javobgarmiz. Xalqimiz kino va teatrni, qisqa qilib aytganda, tomoshani xush ko‘radi. Ammo tomosha shunchaki ularning vaqtini o‘g‘irlashga emas, fikrlashga, xulosa qilishga turtki berishi kerak. Ayniqsa, bugun internet va ijtimoiy tarmoqda vaqtni behuda o‘ldiruvchi mashmashalar ko‘payib ketgan bir davrda biz san’atkorlar katta maydonga chiqishimiz zarur. Biz bu maydonni berib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Jadidlar xalqimizni uyg‘otish uchun nega teatrdan foydalandilar? Shu savolni o‘zimga ko‘p beraman. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Teatr bu ibratxonadir”, degan purma’no ta’riflari bu savolga eng to‘g‘ri javob deb bilaman. Xalqimizga ibrat bo‘ladigan asarlar yaratib, uni taqdim etish teatr sohasi vakillarining burchidir. O‘zbek teatrining ilk namunalaridan bo‘lgan “Padarkush” dramasida ham o‘qimagan bolaning holi ibrat qilib ko‘rsatilgan. Mana, gap qayerda? Tomoshabinga nima yaxshi, nima yomonligini oyna qilib ko‘rsatmoq teatrning vazifasidir.
Bahodir ODILOV, “O‘zbekfilm” davlat studiyasi direktori:
– Men o‘zbek kinematografiyasining tamal toshini qo‘ygan Xudoybergan Devonovni kino sohasidagi chin jadid deb bilaman. San’atlar ichida eng yoshi bo‘lsa ham, kino boshqa turlarga qaraganda ancha ommabop ekanligi barchaga ma’lum. Bugun kino shunchaki tomosha emas, ma’lum bir davlatlarning mafkura quroli, targ‘ibot vositasi vazifasini ham bajarayotgani haqiqat. Yurtimizda ham 2017-yildan boshlab milliy kinematografga bo‘lgan e’tibor o‘zgardi, yoshlarga imkoniyat berildi, moddiy tomonlama rag‘bat kuchaydi. Tariximiz haqida, buyuk ajdodlarimiz haqida badiiy va hujjatli filmlar suratga olindi. Tarixiy mavzuda film suratga olish an’anasi deyarli unutilayozgan edi. Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan milliy kinochiligimizdagi bu kemtik tuzatildi. Hozir yuksalish bosqichida desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Islomxo‘ja”, “Avloniy”, “Qo‘qon shamoli”, “Is’hoqxon Ibrat”, “Muqimiy” kabi yaqin davrimizda yashab o‘tgan ma’rifatparvar va jadid bobolarimiz hayotiga bag‘ish langan lavhalar kinoekranda aks ettirildi. Yurtboshimiz kino sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar davom ettirilishini ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan 50 ta badiiy film yaratish bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanayotgani va shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqilishi ham quvonarli voqea. Kino san’atining nafaqat ijod, balki iqtisodiyot tarmog‘i ekani, bu ikki yo‘nalish o‘zaro uyg‘un rivojlanishi lozimligini alohida ta’kidladilar. Yoshlarimizga ajdodlarimizning kim ekanligini tanitish, ularning dunyoqarashini ma’rifatparvar bobolarimizning g‘oyalari bilan to‘yintirish uchun eng yaxshi vosita bu kino san’atidir. Shunday ekan, biz kinoijodkorlarning asosiy vazifamiz bitta: faqat va faqat xalqimiz uchun manfaatli bo‘lgan filmlar suratga olish!
— Jadidlardagi vatanparvarlik hissi bizga yetishmayotganday. Ular har qanday ezgu tashabbusni millat manfaati uchun amalga oshirdilar. Aynan vatanparvarlik, yurtga bo‘lgan chinakam muhabbat tuyg‘usi ularga hamisha kuch va tirgak bo‘ldi. Yoshlarimizga vatanparvarlik namunasi o‘laroq jadidlarni o‘rnak qilib ko‘rsatish, ularga bu tuyg‘uning mohiyatini chuqur anglatishda qanday yo‘ldan borishimiz to‘g‘ri bo‘larkin?
Hasan XALILOV, Mudofaa vazirligi Tarbiya viy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i:
– Jadidlar haqida so‘z ketarkan, avvalo, ular o‘z xalqining ma’naviy himoyachisi ekanligini esda tutmoqlik lozim. Chunki yurt qadriyatlari, millat sha’ni himoyasiga otlangan har bir inson birinchi navbatda kuchli vatanparvar bo‘lmog‘i shart. Ulardagi mardonavorlik va shiddat, kurashuvchanlik va yuksak g‘oyalar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik hamda buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz singari sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘ularining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Chunki Vatan himoyasi, vatanparvarlik kabi tushunchalar shunchaki chiroyli gaplar emas, balki qon bilan, jon bilan isbot qilinadigan muqaddas burchdir. Bu millat oldidagi mas’ uliyatni har doim, har soniya his etib yashash demakdir. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bu muqaddas meros yurtimizning bugungi himoyachilari qalbidan ham sobit o‘rin olgan. Ta’kidlash o‘rinliki, barcha soha vakillari qatorida Mudofaa vazirligi tomonidan ham kelgusida ma’rifatparvar jadid bobolarimizning ma’naviy merosini kengroq o‘rganish, ularning jasorati va qahramonlik larini harbiy xizmatchilar va yoshlarimiz ongiga singdirish borasida bir qancha maqsadli ishlarni amalga oshirish tizimli tarzda belgilab olindi.
Qiyom NAZAROV, falsafa fanlari doktori, professor:
– Prezidentimizning nutqlari “Ma’naviyat hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak”, deb nomlangani aslo bejiz emas va bu mazkur hujjatning nafaqat bugungi kun, balki kelajakka yo‘nalganini ham anglatadi. Ayni paytda bu, ma’ruzaning jamiyatimizda yangi ma’naviy makonni yaratish, g‘oyaviy barkamol va raqobatbardosh avlodni voyaga yetkazish strategiyasining nafaqat joriy yil, balki kelgusi yillardagi faoliyat uchun ham tayanch hujjatlardan biri sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki bugungi kunda mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ushbu sohaning maqsadi va mohiyatini belgilaydigan tizimli ishlar bilan bog‘liq faoliyat samaradorligini ta’minlash nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu borada ma’naviyat sohasidagi qonun ijodkorligini yangi bosqichga ko‘tarish, milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasi va dasturini ishlab chiqish bilan bog‘liq yo‘nalishdagi faoliyatni tizimli tashkil etish zarur. Qonun ijodkorligi bilan bog‘liq birinchi yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish zarurati shundaki, davlat siyosati, uning har bir yo‘nalishi qonunlarga tayanishi, bu borada ham huquqiy asoslarning mustahkam bo‘lishi zarurligi davlatchilik tarixida isbotlangan aksiomalardan biridir
Erkin A’ZAM:
– Shukr, yurt tinch, vatan osoyishta, bugun och ajalga ko‘krak tutib jasorat ko‘rsatmoqqa hojat yo‘q. Bo‘lmasa, nega men nihoyati bir nobakorga qarshi fikrini dadil yozib chiqqan besh-o‘nta vatandoshimiz nomini tutib bu qadar hayajonga tushyapman? Ular favqulodda bir qahramonlik ko‘rsatgani yo‘q-ku? Nima desangiz deng, balodan nari deb hamma jon vahmida in-iniga kirib ketgan, vaziyat mavhum, qaltis bir choqda chiqib dangal haqiqatni aytgan kishini men uncha-muncha qahramondan kam bilmayman. Negaki, uning ham hayoti qil ustida, bu qilmishi uchun nimalar kutayotganini u hali bilmaydi... Shunday, zamon qahramonlik, jasorat kabi tushunchalarni o‘zgartirib yubordi. Bugun tirik vijdon bilan kun ko‘rmoq ham hazilakam ish emas. Vijdon hissi esa ziyolilikning bosh belgilaridan. Shu “belgi” nega bo‘lmasa necha o‘n yillar mobaynida sukutda, karaxt yotdi? Chunki uning o‘rnini jon vahmi – qo‘rquv, zamonasozlik, bir parcha non ilinji egallagan edi. Oqibatda chinakam ziyolilik mohiyati chalkashib, shu da’voda yurganlar ob-havoga qarab ish ko‘radigan qo‘rqoq bir mo‘mintoylarga aylanib qolgan.
Nazar ESHONQUL:
– Jadid bobolarimiz barcha ishlarni millat, vatan, imon nomidan qilishgan. Ular vatan va millat ravnaqi uchun kurashgan. Ochgan maktablari, gazetalari, teatrlari faqat bir narsani – millatni g‘ofillikdan qutqarib, taraqqiyot sari yuz burishini istashgan. Bu yo‘lda barcha narsalarini – molini, jonini, iste’dodini ayashmagan. Ular uchun eng muhim maqsad – millatni uyg‘otish, taraqqiy ettirish edi. Bu harakat, aksar olimlar ta’kidlagandek, faqat G‘aspirali yoki chetdan kelganlar ta’sirida paydo bo‘lmagan. Bu harakat XIX asrdagi ozodlik harakati mozori ustidan o‘sib chiqqan. Ular panshaxa va belkuraklar bilan zamonaviy to‘plarga qarshi borgan. Bu kurashchilar qanchalar jasur va mard bo‘lishmasin, ularning qo‘lidagi qurollar to‘plar va miltiqlar oldida o‘ta ibtidoiy edi. Shuning uchun ham yengilishdi. Yengilish sabablarining asosiysi millatning zamonaviy taraqqiyotdan uzilib qolgani, qurollarining ibtidoiyligi, zamon ilm-fani yutuqlaridan bexabarligi, millatning nodonlik va bid’at botqog‘iga o‘ralashib qolgani edi. Bu jadidlarni larzaga solgan. Shuning uchun ham ular tish-tirnog‘igacha zamonaviy qurollar bilan turgan bosqinchilarga qarshi ilm-fanni qurol qilish kerakligi, faqat ilm-fan har qanday qurollarni yenga olishini his qilishgan.
— Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida “...bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart”, deb alohida ta’kidladilar. Shunday ekan, millat ma’naviyati masalasida barcha ziyolilarning yakdilligi suv va havoday zarur. Xalqimizda tarbiyali, esli-hushli kishilar haqida “ma’nili odam ekan”, degan ta’rif ko‘p ishlatiladi. Ma’naviyatli shaxs — bu ma’nili odam degani. Xo‘sh, ma’naviyat sohasida qanday o‘zgarishlarga ehtiyoj bor? Ma’nili yoshlarni tarbiyalash uchun nima ishlar qilishimiz kerak?
Xurshid DO‘STMUHAMMAD:
– Prezidentning Kengash minbaridan yangragan nutqida bir-biridan muhim va o‘ta dolzarb vazifalar belgilab berildi. Ko‘rilgan masalalar nafaqat ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, balki mamlakatimizdagi barcha soha va qatlam vakillari, xususan, ziyolilar tomonidan zo‘r qiziqish bilan qarshi olindi. Ushbu fikrning mantiqiy davomi haqida so‘z borar ekan, jadidchilik harakatini, jadidona tafakkur tarzini umumxalq maqsad-maslagiga aylantirishning birdan bir va yagona chorasi – bundan yuz yil burun voqelikka aylangan, biroq beshikdalik chog‘laridanoq qirg‘inga uchragan, uvol bo‘lgan buyuk uyg‘onish silsilasidan munosib xulosalar chiqarishdir! Saboq olmoqlikdir! Bu borada e’tiborsiz mavzuning o‘zi yo‘q. Zero, ma’naviy-ma’rifiy tafakkur tarzini yangilash, muntazam takomillashtirish, shu orqali kishilarimizni, xususan, yoshlarimizni milliy va umumbashariy g‘oyalar ruhida tarbiya lashga xizmat qiladigan omillar ko‘p. Jumladan, mutolaa, san’at va madaniyat yangiliklaridan boxabarlik muhimligini alohida ta’kidlash mumkin. Buni qarang, davlat Rahbari teatr tomoshasining ahamiyatiga alohida urg‘u bermoqda. Yurtimizda “Teatr – ibratxonadir” degan hikmat yangraganiga qariyb 100 yil to‘lmoqda. Bir asr kichik muddatmi? Lekin qanchalar jonfidolikda aytilgan o‘sha bir og‘iz oltinga teng jumlaning qimmati, dolzarbligi bizning zamonamizga kelib 100 karra oshsa oshdiki, zarracha ozaygani yo‘q.
Qiyom NAZAROV:
– Bugungi kunda ma’naviyat sohasida ham qonun ijodkorligini kuchaytirish, O‘zbekiston Respublikasining ma’naviyat sohasidagi siyosatining asoslariga doir “Ma’naviyat va ma’naviy faoliyat to‘g‘risida” qonunni ishlab chiqish davrimizning eng muhim va ob’yektiv zaruratlaridan biriga aylandi. Ayni paytda, bu borada ushbu qonun davlat siyosatining bu jabhadagi faoliyati, yangilanishlar va xatti-harakatlar strategiyasining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashini ham hisobga olish darkor. O‘z navbatida, bu yaqin kelajakda butun mamlakatimiz fuqarolarining ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi hayoti, faoliyati va turmush tarzini ifodalaydigan yaxlit hujjatlar majmui – “Yangi O‘zbekiston jamiyatining axloq kodeksi”ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish choratadbirlarini ko‘rish lozimligidan dalolat beradi. Ayni paytda bunday kodeks yaratilishi O‘zbekistonda ham BMT tomonidan qabul qilingan 5 ta axloq kodeksiga mos ravishda faoliyat boshlanganini anglatadi. Bugungi kunda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama anglash, radikalizm, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, aqidaparastlik, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes kabi tahdidlarga qarshi samarali kurash olib borish o‘tkir zaruratga aylandi. Shu bilan birga, aholi, ayniqsa yoshlarimizni turli buz g‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ma’naviy barkamol, yetuk ziyoli va tahdidbardosh avlodni tarbiyalash vazifalari ham nihoyatda dolzarblashdi. Ushbu yo‘nalishda Milliy g‘oyani rivojlantirishning reideologik konsepsiyasi va uni amalga oshirishga doir Milliy harakat dasturini ishlab chiqish zarurati ham ana shu ob’yektiv ehtiyoj bilan belgilanadi.
Yodgor SA’DIYEV:
– Ma’naviyat, eng avvalo, oilada mavjud bo‘lishi kerak. Inson oilada olgan tarbiyasini ko‘chada namoyon etadi. Agar oilada johillik hukm sursa, bola ham johil bo‘lib ulg‘ayadi. Oilada ota-ona ma’naviyatli bo‘lsa, farzand ham ma’nili inson bo‘ladi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” maqoli bejiz aytilmagan. Yosh avlodni san’atga nisbatan didli qilib tarbiyalash lozim. Bugun ommaviy madaniyat xuruji avj olgan chog‘da did tanqisligi xavfi ortayotgani achinarli. San’atning qaysi sohasini olmaylik, muntazam yangi ijod mahsullari yaratilyapti. Lekin yoshlarimiz qay saviyadagi san’atdan bahramand bo‘layotganiga ko‘pchilik ziyolilar befarq. Didsizlikning jabri bizdan keyingi avlodning bo‘yniga muhr bo‘lib tushgani yomon. Inson ilk tarbiyani oiladan, keyin maktabdan oladi, lekin kitob va san’at asarlari uni qaytadan tarbiyalaydi. Zero, kitoblar, filmlar, spektakllar insonga o‘zini kashf etish imkonini beradi. Jadidlar millatning ahvolini o‘ziga ko‘zgu qilib ko‘rsatish uchun teatrlar tashkil qildilar. Biz bugun jadidlarimiz kabi har jabhada xalqimizni uyg‘otadigan, yoshlarimizni vatanparvarlikka chorlaydigan, fikr va ongiga ta’sir ko‘rsatadigan yaxshi asarlar yaratishimiz lozim.
Nazar ESHONQUL:
– Jadidlar ilm-fan millatning qudratiga aylansa, u millatni yengib bo‘lmasligini anglashgan. Agar ilm-fan bugun millatimizning qudratiga aylansa, bizni hech qaysi kuch yenga olmaydi. “Baxtsiz kuyov”, “Padarkush” va boshqa badiiy jihatdan ancha sodda bo‘lgan pyesalar va adabiy asarlarda, maqolalarda biz shunga guvoh bo‘lamiz. “Padarkush”ni eslang. O‘qimagan, g‘ofillikdan qutulmagan bola o‘zining g‘ofil bo‘lishiga sababchi bo‘lgan o‘z otasini o‘ldirib qo‘yadi. G‘ofillik, nodonlik – bu millatni o‘ldirish bilan baravar illat. Nodonlik bor joyda – millat ko‘karmaydi. U o‘z o‘tmishining ham, ildizining ham, asliyatining ham kushandasiga aylanadi. Yoki “Baxtsiz kuyov”ni oling. Millatning nodonligi ikki yoshni o‘ldiradi. Demak, g‘ofillik va nodonlik millat kelajagining ham kushandasi. Oddiy voqealardan ana shunday hikmatona xulosalar chiqarishgan. Shuning uchun ham millat taraqqiy etishi uchun eng avvalo o‘zining nodon ligidan qutulishi kerak. Uni nodonlikdan faqat zamonaviy ilm-fan qutqaradi. Ma’rifat qutqaradi.
Bahodir ODILOV:
– Muhtaram Prezidentimiz nutqlarida bugungi kunda dunyo media olamida tele va kino seriallar jadal rivojlanib borayotgani, dastlab ko‘ngilochar va maishiy mavzularda paydo bo‘lgan seriallar bugungi kunga kelib, turli davlat va millatlarning muayyan maqsadlarini targ‘ib etish vositasiga aylanayotgani haqida kuyunib gapirdilar. Darhaqiqat, xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan “praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz og‘riqli masala. Albatta, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi. Lekin saviyali milliy seriallar yaratish uchun faqat kinoijodkorlarning o‘zi kamlik qiladi. Yaxshi g‘oya va asarlargina yaxshi seriallarga aylanishi mumkin. Shunday ekan, madaniyat va san’at vakillari, u xoh kinoijodkor bo‘lsin, xoh yozuvchi, xoh rassom – barcha ijodkorlar o‘rtasida muntazam hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish lozim deb bilaman.
— Jadidlar ma’naviy tanazzuldan chiqish uchun juda unumli konsepsiya tanlagan edilar. Konsepsiya amalga ko‘chdi: zamonaviy maktablar, gazeta-yu jurnal ochishdi, teatr ochishdi, chet tilidan tarjimalar qilina boshlandi. Ma’naviy tanazzul jamiyatni johillashtiradi. Buni tarix isbotladi. Johil odamlar esa nafsdan o‘zga yo‘lni ko‘rmaydilar. Bugun, oradan 100 yil o‘tib shu konsepsiya yangi shaklda biz uchun juda zarurligi oydinlashdi. Jadidlar biz uchun “yo‘l xaritasi” chizib berishgan. Ammo bir asr avvalgi “yo‘l xaritasi”ning yangi formasini topish muhim. San’at, adabiyot va ilm-fan shu forma bilan yangi bir bosqichga chiqadi. Bugun jadidlar konsepsiyasining yangi formasini topa olamizmi?
Hasan XALILOV:
– Keling, bu savolga javob o‘rnida, o‘zim faoliyat olib boradigan Mudofaa vazirligi tizimida qilinajak ishlar haqida ma’lumot bersam. 2024-yildan boshlab har yili vazirlik tizimidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari o‘rtasida “Jadidlar” tarixiga oid Respublika Olimpiadasini tashkil etish; tarixchi-olimlar va taniqli ijodkorlar bilan hamkorlikda “Jadidlar – millat fidoyilari” mavzusida vazirlik qo‘shinlarida 3 bosqichli tanlovlarni o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish; Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda boshqa tarixchi olimlarning bevosita yordamida Mudofaa vazirligining harbiy qism va oliy harbiy ta’lim muassasalarida “Jadidlar qahramonligi” nomli tematik sinflarni tashkil etish kabi tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, vazirlik Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti tomonidan harbiy xizmatchilarimiz kundalik faoliyatida o‘rganishi uchun oddiy va sodda ravishda yozilgan cho‘ntak kitobchalarini Respub lika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Jamoatchilik kengashi tarkibida bo‘lgan yozuvchi va shoirlar, olimlar bilan hamkorlikda tayyorlanib, qo‘shinlarga tarqatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu kabi amaliy ishlar samarasi, birinchi navbatda, harbiy xizmatchilarimiz va yoshlarimiz ongida buyuk ma’rifatparvar bobolarimizga nisbatan iftixor hissini shakllantirishga ko‘mak bersa, ikkinchidan, ularning boy merosini chuqur o‘rganish, targ‘ib qilish, muhim xulosalarga ega bo‘lishda asosiy rol o‘ynashi shubhasiz.
Erkin A’ZAM:
– Yaqinda men tarixiy hujjatlar asosida jadidlar hayotidan hikoya qilgan kattakon bir asar qo‘lyozmasini o‘qib, hayratga tushdim; yo‘q, kechagi kechmishlarimizni sira bilmas ekanmiz... Deyarli barining kasb-kori bor, deyarli barchasi o‘ziga to‘q, davlatmand. Ayshini surib yuraversa, birov bir nima demaydi. Ammo ular tinch turolmaydi, bor mol-mulkini tikib, millat qayg‘usi bilan yashaydi – el ma’rifati, vatan erki, vatan taraqqiyoti uchun oxirigacha kurashadi. Ularning bu yo‘lda qurbon bo‘lishi, mahv etilishi ham bugun siz-u biz bilgan-eshitgandan ko‘ra ko‘p bora og‘irroq, alamliroq kechadi. Bugungi kunning mantig‘i bilan qarab, odam shunchalik ham tanti, anoyi bo‘ladimi, deysiz va beixtiyor yon-atrofingizdan ana shunday jonfido “anoyi” larni qidira boshlaysiz. Hayhot!.. Ular hayotda o‘zini kim deb bilgan, aytolmayman, ammo tariximizdagi chin ziyolilar ana o‘shalar bo‘lgan.
Xurshid DO‘STMUHAMMAD:
– “Agar hozir, – dedi Prezident, – “Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatrga bordingiz, qanday yangi kitob o‘qidingiz?” deb so‘rasam, o‘ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo‘lib qolishi mumkin”. Men hech ikkilanmay, bu so‘zlarni biz ziyolilarga, qolaversa, vatandoshlarimiz, millatdoshlarimizga qaratilgan achchiq iddao, tanbeh o‘rnida qabul qilgan bo‘lur edim. O‘ylab ko‘raylik, teatrga borish quruq tomosha emas, shunchaki vaqtni o‘tkazish emas, balki teatrga borish – oilaviy, jamoaviy bayram, o‘zgacha kayfiyat, o‘zgacha ruhiyat demakdir. Teatr muxlisi bamisoli sahnada kechayotgan voqealar ishtirokchisiga aylanadi, o‘sha mavzu-o‘sha holatlar ishtirokchisi sifatida hayotga o‘zgacha mulohazakorlik bilan yondashishga harakat qiladi. Bir oila davrasida bir teatr spektaklini tomosha qilish va uni muhokama qilish, ishoning, farzandlarimizning bir umr yodida qoladi. Teatr o‘g‘ilqizlarimizning didini o‘stiradi, hayotiy masalalarga mulohazakorlik bilan yondashishga ko‘niktiradi. Inson sifatida yangilaydi. Yangilanishga moyil insongina boshqalardan o‘n qadam oldinda borishga va odamlarni, jamiyatimizni o‘zgartirishga qobil hisoblanadi.
Munojot YO‘LCHIYEVA:
– San’at estetikasini hamma har xil qabul qiladi. Ammo san’at mahsulotini tovar sifatida biladigan mijoz uning qiymatiga qarab ko‘rishi foydadan xoli emas. Tabiiylikdan xoli ijod mahsulini san’at deb bilish estetik did darajasiga bog‘liq. San’at saroyiga odamlar ko‘pincha san’atkorning sumbatinigina ko‘rish uchun falon pul sarflab kirishadi. Konsert afishasiga “jonli ijro” degan yozuv qistirilmagan bo‘lsa ham baribir kiraverishadi. Qo‘shiqlar sifati, xorijdan “tarjima” ekanligi keyingi masala. Lekin san’atning qad ri ikki tomon uchun ham sariq chaqaga olinmasligi og‘riqli. Prezidentimiz tashabbuslari bilan o‘tkazilgan Xalq aro maqom festivallarida xalqimiz chet ellik ijrochilarning milliy qo‘shiqlarini berilib tinglaganiga o‘zim guvohman. Biror kishi tomosha joyidan erta chiqish haqida o‘ylamagan. Chunki u yerda tirik san’at bor, tirik ijro bor. Shu jihatdan maqom festivallari xalq sayliga aylanib ketdi. Fonogrammada ijro etiladigan qo‘shiqlar tomoshabin ko‘zini aldaydigan sarob, shunchaki, usti yaltiroq, ichi qaltiroq. Bu “san’at” bilan dunyo ommasining e’tiborini tortish mumkin emas... Muhtaram Prezidentimizning maqom san’atiga bo‘lgan yuksak e’tibori bu sohaga qayta jon bag‘ishlayapti. Yoshlarimizni maqomga, milliy musiqa san’atiga oshno qilishimiz kerak. Millatning o‘z tarixiy ildizlarini unutib qo‘yishga haqqi yo‘q.
Nazar ESHONQUL:
– Jadidlar ilgari surgan g‘oyalar haqida o‘ylaganimizda, ba’zan millat tabiati va nodonligi yuz yil avvalgidan juda kam farq qiladiganga o‘xshab tuyuladi. Bugun ham bolalarini zamonaviy ilm-fanga emas, pul sanashga o‘rgatayotganlar yo‘qmi? Yoki siyosiy mustaqil bo‘lganimiz bilan biz ishlab chiqarishda, iqtisodda, ilm-fanda, texnologiyalarda hamon chetdagilarga qaram emasmizmi, biz ishlab chiqaruvchi, fikr va g‘oya beruvchi emas, ilm-fanni yashash tarzimizga aylantirgan millat emas, shunchaki iste’molchi millat bo‘lib qolmayapmizmi? Mabodo, faqat iste’molchi ekanmiz, unda biz jadidlar orzu qilgan miqyosdagi to‘laqonli mustaqil ham emasmiz. Shu sababli jadidlar ko‘targan Ma’rifatli millat hali ham kun tartibida turibdi. Faqat ma’rifatli, ilm-fan bilan to‘yingan, uni hayotga tatbiq etgan, dunyoga ilm-fan yutuqlarini taqdim qilgan, iste’molchidan ishlab chiqaruvchiga, fikr oluvchidan, fikr beruvchiga, g‘oyalarga mutelikdan o‘zi g‘oya beruvchiga aylangan millatgina tom ma’nodagi mustaqil millat sanaladi. Jadidchilikka, umuman, Uchinchi Renessansga bo‘lgan ichki ehtiyojimiz ortida ham aslida shu istak yotadi. Shu sababli ham mamlakat Rahbarining jadidchilik g‘oyalarining bugungi targ‘ibotiga, uning mohiyatiga qayta-qayta e’tibor qilayotgani, qayta-qayta kun tartibiga qo‘yayotgani bejiz emas. Bu e’tibor, bu xohishlar tagida millat ravnaqi, Vatan taraqqiyoti masalasi turibdi.