UVAYSIY MAHALLASIDA TARG’IBOT

Barchamizga yaxshi maʼlumki, gaz oʻta xavfli, portlash xususiyatiga ega boʻlgan yoqilgʻidir. Kundalik hayotimizda tabiiy gazdan har birimiz foydalanamiz. Agarda gaz qurilmalaridan foydalanish tartib - qoidasini bilsak, koʻngilsiz holatlarni bartaraf etgan boʻlamiz. Bunga beparvolik bilan qarasak, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tabiiy gazning toʻliq yonmasligi natijasida is gazidan zaharlanish holatlari bilan bogʻliq baxtsiz xodisalar sodir boʻlishi mumkin. Is gazidan zaharlanish uning havodagi konsentratsiyasi va taʼsir muddatiga bogʻliq boʻladi. Zaharlanish yengil, oʻrta va ogʻir darajalarda boʻladi.

Kuni kecha shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Yunusobod tumani Uvaysiy mahallasida bo’ldik. Mahalla raisi hamroxligida hamkor tashkilotlar bilan xonadonma – xonadon yurib, gaz uskunalari nazoratdan o’tkazilib, mavjud muammolar “Yunusobodtumangaz” gaz ta’minoti bo’limi mas’ullari tomonidan joyida bartaraf etildi hamda is gazidan o’zimiz va yaqinlarimizni asrashimiz yana bir bor ta’kidlab, targ’ibot materiallari tarqatildi.

• gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish;
• nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanmaslik;
• isitish pechlarining dudburonlarini toza va soz holatda bo‘lishini ta’minlash;
• gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz ballonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirmaslik;
• oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmaslik;
• havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanmaslik;
• havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni ochiq va ishchi holatda bo‘lishini ta’minlash.
• xonadonlarga is gazini aniqlovchi qurilma o‘rnatish tavsiya qilinadi. Zero, qurilmani sotib olish va o‘rnatish xarajatlari oila a’zolari, ayniqsa yosh bolalarning hayotidan qimmatga tushmasligi aniq;
• Gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik lozim.
Gaz hidini sezganda…
• gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chirish;
• eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish;
• xonada elektr jihozlarini yoqmaslik, yoniq bo‘lsa o‘chirmaslik kerak;
• gaz chiqayotgan joyni aniqlash uchun ochiq olovdan emas, sovun ko‘pigidan foydalanish tavsiya qilinadi.

Is gazidan zaharlanish
Is gazidan zaharlanganda bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, hushdan ketish, qolaversa, ko‘rish va eshitish qobilyati, tanada terlash, nafas olishning og‘irlashishi, yo‘tal hamda qaltirash holatlari kuzatiladi.

Hurmatli iste’molchilar! Yurtimizga sovuq havo oqimi kirib kelmoqda. Shu sababdan gazga bo’lgan ehtiyojimiz yanada ortib boradi. Har qanday holatda ham e’tiborli bo’ling, o’zingiz va yaqinlaringizni is gazidan himoya qiling!
“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati